25 Sentyabr 2025 Yil 325

Savollar yechimiga ikki yil kerak bo‘ldi

Tanishining uyida mehmon bo‘lgan Dilshod ko‘chaga chiqdi-yu, boshini qashladi. Mehmon bo‘lish yaxshi, ammo mehmonning izzati uch kun. Bu yog‘iga nima qiladi? Ota-onasidan olgan puli juda tejasa, uch-to‘rt kunga arang yetadi. Halol mehnat qilishga uning fikricha hali bor. Yoshlikda o‘ynab-kulib qolish kerak. Ish bo‘lsa qochmaydi. “Ishlasammikan, ishlamasammikan”, degan qiyin savol o‘rtasida turgan Dilshodning ko‘zi uy yo‘lagi oldida qarovsiz qoldirilgan narxi 1.000.000 so‘m bo‘lgan velosipedga tushdi. Atrofda hech kim yo‘qligidan foydalanib, Q.Hoshimjonga tegishli bo‘lgan velosipedni minib qochdi. Bu voqea 2024 yilning 26 iyul kuni bo‘lgan bo‘lsa, oradan ikki kun o‘tib, yaʼni 28 iyulda u Chilonzor tumani 19-mavzesida joylashgan uy oldida qarovsiz qoldirib ketilgan M.Mahmudjonga tegishli, narxi 1.500.000 so‘mlik velosipedini o‘g‘irladi. O‘g‘irlangan velosipedlarni o‘z narxidan arzoniga nomaʼlum kimsalarga sotib yubordi. Javobgarlikdan qochib, tarallabedod qilib yuraman deb o‘ylagan Dilshod, uning uyiga kelgan ichki ishlar organlari xodimlarini ko‘rib, hayoli puch yong‘oq ekanligini angladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi ochiq sud majlisida 2006 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti o‘rta, bo‘ydoq, muqaddam sudlanmagan T.Dilshodning qilmishlarini qonunan baholab, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi, “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybdor deb topdi. Uning chin yurakdan pushaymonligi, jabrlanuvchilarning daʼvosi yo‘qligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi inobatga olinib, ikki yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Dilshod shu muddat ichida o‘z savoliga javob topishi aniq.

Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Shoxruh Jumaniyazovning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech