18 Iyun 2025 Yil 453

Sayyohlar xodimdan mamnun

Yurtimiz tobora dunyo sayyohlari uchun darvozalarini keng ochmoqda. Mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, bag‘rikenglik va to‘kin-sochinlik, jamoat xavfsizligi sayyohlarning e’tiborini tortmoqda. Aslida eng keraklisi ham shu-da. Ayniqsa, bozorlarimizning jozibasi boshqacha. Mamlakatimiz bilan tanishishga kelgan fransiyalik nuroniy ikki sayyoh Chilonzor tumanida joylashgan “Chilonzor buyum bozori, “Abu sahiy” buyum bozorlariga tashrifi chog‘ida uyali telefonini yo‘qotib qo‘yganini sezgach, shu hududda xizmat faoliyatini olib borayotgan katta serjant Mansurbek Bobojonovga murojaat qilishdi. Bu kabi voqealarning ko‘plab guvohi bo‘lgan Mansurbek avval ular kirgan barcha do‘kon bormi, oshxona bormi, yurgan yo‘llari bo‘ylab birma-bir aylanib, surishtirib chiqdi. Natija bo‘lmagach, qayta-qayta yo‘qolgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildi. Bu ham ish bermagach, barcha ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatini ishga solib, mazkur telefon chet el fuqarosiga tegishli ekanligi, o‘zi ichki ishlar organlari xodimi ekanligi, kim topib olgan bo‘lsa qaytarib berishini, yo‘qsa, jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirib xabarlar jo‘natdi. Oradan ko‘p o‘tmay sayyohlarni bozorga olib kelgan taksi haydovchisi aloqaga chiqdi. Mansurbek haydovchining ma’lumotlarini olib – chunki u “Yandeks” haydovchisi bo‘lib, buyurtma bo‘yicha boshqa manzilga yo‘l olgan ekan – telefonni egalariga yetkazish choralarini ko‘rdi. Oradan yigirma daqiqa o‘tmay yo‘qotilgan buyum egalariga qaytarildi. Chunki, telefonda aviachiptalar, shaxsiy hisob raqamlari va boshqa zarur ma’lumotlar jamlangan, busiz ularning vatanlariga uchib ketishi amrimahol edi. Shu bois ularning xursandchiligini, yosh bolalardek sevinganini tasavvur qilish qiyinmas. Qayta-qayta minnatdorlik bildirishlari, nafaqat Mansurbek Bobojonovga, balki butun ichki ishlar organlari xodimlarining xizmatlariga berilgan nisbat desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Chilonzor tumani IIO FMB PPX 3-otrad guruh komandiri, katta serjant Mansurbek Bobojonov ichki ishlar organlariga o‘z-o‘zidan kelib qolmagan. Otasi Ro‘zimboy aka uzoq yillar shu sohada faoliyat yuritib, nafaqaga chiqqan va ayni damda qarilik gashtini surib kelayotgan faxriylardan. Mansurbek Vatanimiz Qurolli Kuchlari safidan qaytgach, Toshkent shahar IIBB PPXBDA safdorlikdan ish boshladi. O‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirish zarurligini anglagan Mansurbek Respublika IIV Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslariga o‘qishga kirdi. Uni muvaffaqiyatli tamomlab, IIBB PPXB 4-bataloni navbatchilik qismida avval navbatchi, keyin katta navbatchi lavozimida faoliyat yuritdi. Ustozi – qism navbatchi yordamchisi, serjant Jahongir Xolxo‘jayev sohani tez, samarali o‘zlashtirishda unga yaqindan yordam berdi. O‘z vazifalarini vijdonan bajarib kelgan Mansurbek rahbariyat tomonidan ko‘plab minnatdorlik xatlari, tashakkurnomalar, faxriy yorliqlar bilan rag‘batlantirilgan. Bugun u Chilonzor tumani PPX 3-otrad guruh komandiri lavozimida sidqidildan mehnat qilib kelmoqda.


Ma’lumki, “Chilonzor buyum bozori” poytaxtimizning eng katta, sergavjum, serharakat dargohlaridan biri. Bozor bozor-da, yuqoridagi voqealar singari, yosh bolalarni yo‘qotib qo‘yish, kissavurlik, o‘zaro kelishmovchilik, sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi ayrim tushunmovchiliklar kabi hodisalar ro‘y berib turishi bor gap. Xizmatdagi xodimlarning vazifasi esa ana shunday voqea-hodisalarning oldini olish, ro‘y berganlarini tezkor ochishdan, bozorda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlashdan iborat. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur dargohga kelgan har bir inson o‘z yumushini erkin, xotirjam bajarib, ro‘zg‘or-tirikchiligini ko‘ngilsizliklarsiz yuritishi darkor.

Barcha yangiliklar

Text to speech