Fazliddin Hakimov kasb tanlashda o‘ylanib o‘tirmadi. Chunki, otasi Akmal aka ko‘p yillar huquqni muhofaza qilish idoralarida xizmat qilgan, masʼuliyatli va qattiqqo‘l, bir so‘zli inson. Otaning tartibli, intizomli, hamisha bilimlarini oshirishga bo‘lgan harakati farzandlar tarbiyasida ham o‘z aksini topgandi.
2022 yilda Toshkent Davlat yuridik universitetini muvaffaqiyatli bitirgan Fazliddin Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarlik profilaktikasi boshqarmasida ish boshladi.
– Ustozim maxsus topshiriqlar bo‘yicha inspektor, kapitan Yashnar Musurmonovdan xizmatning sir-asrorlarini o‘rgandim, – deydi leytenant Fazliddin Hakimov. – Hujjatlar bilan ishlash, hisobotlarni to‘g‘ri va aniq yuritish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida profilaktik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, ayniqsa yoshlar, voyaga yetmaganlar bilan ishlash borasidagi bilim va tajribalari har qancha o‘rganishga loyiqdir.
Fazliddin juda omadli ekan, zotan uyda otasi Akmal akadan yo‘l-yo‘riqlar olsa, tushunmaganini so‘rab bilsa, ishxonada ustozi Yashnar Musurmonovdan bilmaganlarini o‘rgandi.
Onasi Xolida opa har safar o‘g‘lini ishga kuzatar ekan, hamisha halol, pok ishlashi, o‘qib o‘rganishdan charchamasligini, hamisha o‘z ustida ishlashi lozimligini taʼkidlaydi. Volidasining so‘zlari doim uning qalbida aks sado berib turadi.
– Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlardagi turli-tuman kontentlarning yoshlar ongiga taʼsiri juda kuchli. Ularni orasidan keraklilarini saralab olish hali ongi rivojlanmagan, dunyoqarashi shakllanmagan o‘smirlar uchun ancha mushkul, – deydi suhbatni davom ettirar ekan leytenant F.Hakimov. – Huquqbuzarlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan, tarbiyasi og‘ir deb topilgan o‘smirlar bilan tushuntirish ishlari olib borilganda, ular aksariyat vaqtlarini internet-kafe, internet-klublarda o‘tkazishlari maʼlum bo‘ladi. Shu bois ota-onalar farzandlari internetda nimalarni ko‘rmoqda nazorat qilishsa, ayni muddao bo‘lardi.
Yoshlar, ayniqsa voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning oldini olish ishlari hamisha dolzarb bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Poytaxt IIBB HPB katta inspektori, leytenant F.Hakimovning yoshlar, voyaga yetmaganlar o‘rtasida profilaktika masalalariga urg‘u berishi, kelajagimiz poydevori bo‘lmish yoshlarni egri yo‘ldan qaytarish, barkamol insonlar bo‘lib yetishishiga hissa qo‘shishdan iboratdir.