Ayrimlarning ismi jismiga monand bo‘ladi. Biroq Ulug‘bek haqida bunday deb bo‘lmaydi. Besh marotaba jinoyati uchun sudlanib, hayotining ancha qismini panjara ortida o‘tkazgan, xavfli retsidivist deb topilgan shaxs o‘z ismini oqlamadi. Tegishli xulosa chiqarib, to‘g‘ri yo‘lga kirish, oilasi, mahalladoshlari, yurtimizga foyda keltiradigan biror ishning etagidan tutish, halol mehnat qilish o‘rniga, yana jinoyatga qo‘l urdi.
2023 yilning mart oyida tanishi Jo‘rabek “Damas” avtomashinasini xarid qilish niyatida yurganidan xabar topib, unga avtosalondan navbatsiz yangi avtomashina olib berishni vaʼda qildi. Ulug‘bekning vaʼdasiga ishongan Jo‘rabek o‘z ixtiyori bilan 5 ming AQSH dollarini hech qanday rasmiyatchiliksiz uning qo‘liga tutqazdi. Ulug‘bek esa vijdoni qiynalmay, bu pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yubordi. ”Damas” avtomashinasini kuta-kuta, chuv tushganini anglagan Jo‘rabek ichki ishlar idoralariga murojaat qildi.
– Odamlarga hayronsan, rasmiy sotuv salonlariga murojaat qilmay, tanish-bilishlar orqali ishlarini bitirgisi keladi. Navbatda turgisi, kutgisi kelmaydi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Shahzodbek Davirboyev. – Lekin firibgarning ortidan pullarini ololmay yugur-yuguriga undan-da ko‘p vaqti ketishini o‘ylamaydi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi Ulug‘bekning qilmishini qonunan ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Sud yetkazilgan zarar qoplanganligini inobatga olib, shuningdek Jinoyat kodeksining 60-61-moddalari tartibida ilgari o‘talmay qolgan jazoni qo‘shish yo‘li bilan bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida – 90 million so‘m jarima va ish haqining 10 foizini davlat daromadiga ushlab qolish bilan bir yilga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.