Qurbon
(ism-sharifi o‘zgartirilgan) 33 yoshida sevib qoldi. U bu haqda bor ovozi bilan
hayqirgisi kelar, baʼzan tuyg‘ularini jilovlay olmas, bu esa sirini fosh etib
qo‘yardi. Hissiyotlarga berilgan Qurbon o‘zini
ishq yo‘lida har narsaga tayyor bo‘lgan oshiq yigitdek tuta boshladi. Bir necha yillardan buyon
birgalikda yashab, erining yurish-turishidan xabardor bo‘lgan turmush o‘rtog‘i
erining xulq-atvori o‘zgarib qolganini sezib, uchinchi odam oilasiga
aralashganini sezdi. Shunga qaramay,
erining jizzakiligi, tuturiqsiz feʼlini bilgan
ayol asossiz rashk qilishdan o‘zini tiydi. Vaziyatni keskinlashtirishni istamadi. Biroq oyni etak bilan yopib bo‘lmaganidek, yaqinlari Xolidaga erini bir necha bor bir
ayol bilan ko‘rganini aytishardi. Hojatbarorlar unga hatto eri uchrashib
yuradigan ayolning telefon raqamlari va ota-onasi yashaydigan manziligacha
aniqlab berishdi. Bir tomondan rashk, ikkinchi tomondan jizzakilik
jinoyatning asosiy sababchisi bo‘ldi.
O‘sha
mashʼum kunda Qurbon hech kim suhbatini eshitmasligiga ishongan holda,
sevgilisiga qo‘ng‘iroq qildi. Ammo ostonada g‘azablangan xotinini ko‘rib, gapi
og‘zida qoldi. Janjal boshlandi. Xotini uning barcha kirdikorlarini,
kamchiliklarini aytib tashlarkan, eng og‘ir
kunlarida birga bo‘lganini eslatib dag‘dag‘aga o‘tdi. Shu o‘rinda
qahramonimizni ikki marta qora
kursida o‘tirganini eslatib
o‘tmoqchimiz. Xotini uning xurmacha qiliqlariga chidashi mumkinligi, biroq
boshqa ayolning paydo bo‘lishini xoinlik deb, bunga chidab bo‘lmasligini aytdi.
Qurbon janjal yaxshilik bilan tugamasligini sezib, uydan chiqib ketdi va qahvaxonaga borib, yegulik va spirtli
ichimlikka buyurtma berdi. Bir ozdan so‘ng maʼshuqasi unga qo‘ng‘iroq qildi. Bu
vaqtda u o‘ziga yarasha mast bo‘lib
qolgandi. Go‘shakni ko‘targan Qurbon baqir-chaqirni eshitarkan, xotini va
onasining ovozini aniq-tiniq eshitdi. maʼshuqasi haqorat va do‘q-po‘pisalar
uning ota uyida bo‘layotgani, qo‘ni-qo‘shnilar ham eshitayotgani, sharmanda
bo‘lganini, sababchisi Qurbon ekanligini qayta-qayta takrorlardi. U yordamga
shoshildi. Tezda hisob-kitob qilgan Qurbon yeldek uchib sevgilisining uyi oldida
paydo bo‘ldi.U sevgilisiga qo‘ng‘iroq qilib oldiga chiqishini so‘radi. Darvoza
eshigi ochilib, sevgilisi emas uning akasi Murod chiqib, oshiqqa singlisini
boshqa bezovta qilmasligini, tinch qo‘yishini aytdi. Biroq u muhabbati haqiqiy
ekanligini isbotlashga urindi.
Murod oshiqning mastligini
ko‘rib, gaplashish befoyda ekanligini
tushundi va gap tugadi degandek ortiga burilganda, Qurbon sumkasidan pichoq olib: “Senlarmi
sevgimga to‘g‘anoq bo‘ladigan, hammangni so‘yib tashlayman”, deb to‘polon
ko‘tarib, Murodga tashlandi. Murodning o‘ng oyog‘iga pichoq sanchildi.
Mazkur
holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston
Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi (“Bezorilik”) bilan
jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov yakuni bo‘yicha to‘plangan
hujjatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqishlik uchun ayblov xulosasi bilan
sudga yuborildi.
Jinoyat
ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumani sudining hukmiga ko‘ra, 33
yoshli Qurbonning hatti-harakatlariga qonuniy baho berilib, bezorilik
jinoyatini sodir etishda aybli deb topildi. Sud tomonidan unga uch yil
ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.