Ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lajak kuyov aldov yo‘li bilan hovlini sotib yuborganligi haqidagi xabar tarqalib turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
2024 yil avgust oyida 1997 yilda tug‘ilgan Sh.R 1999 yilda tug‘ilgan J.A ga kuyov bo‘lishni aytib, uning ishonchiga kirgan. Biroq to‘ydan avval muammolari borligi uchun uning uyini garovga qo‘yib turishni, muammolari hal bo‘lgach unga uylanishini aytib, aldov yo‘li bilan boshqa fuqaroga 240 000 AQSH dollariga sotib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Sh.R ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi tanlangan. Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan dastlabki tergov jarayonida fuqaro Sh.R bundan tashqari boshqa fuqarolarga nisbatan ham bir nechta firibgarlik holatlarini sodir etganligi aniqlangan. Barcha holatlar yuzasidan tergov harakatlari to‘liq va xolisona olib borilib, tergov yakuni bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rishlik uchun ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga yuborilgan. Hozirda mazkur jinoyat ishi doirasida sud jarayonlari olib borilmoqda.