Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta fuqarolar oʻzaro janjallashganligi aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Joriy yilning 16-dekabr kuni taxminan soat 09.45 larda Bektemir tumanidagi bozorlardan birida sotuvchilar 1982-yilda tugʻilgan N.T., 1984-yilda tugʻilgan N.M. va 1973-yilda tugʻilgan A.A.lar oʻzaro janjallashgan. Ushbu huquqbuzarlikni toʻxtatish maqsadida bozor hududida xizmat olib boruvchi profilaktika inspektori I.Gulyamov hodisa joyiga yetib borgan. Biroq fuqaro N.T. IIO xodimining qonuniy talablarini bajarmasdan, bezorilik xatti-harakatini davom ettirgan. Janjal natijasida hech kim tan jarohati olmagan.
Mazkur holat yuzasidan fuqarolar A.A. va N.M.lar Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”), fuqaro N.T. 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) va 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilib, sud tomonidan jarima jazosi tayinlangan.
Shuningdek, xodimning videoda aks etgan xatti-harakati yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda, natijasi boʻyicha qonuniy taʼsir chorasi koʻrilishi taʼminlanadi.