Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta fuqarolar o‘zaro janjallashganligi aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Joriy yilning 29 avgust kuni taxminan soat 17.30 larda Yunusobod tumani, Chinobod ko‘chasida, 1987 yilda tug‘ilgan Mirkamol M. ukasi 1989 yilda tug‘ilgan Mirolim M. bilan birga tanishi 1997 yilda tug‘ilgan Ulug‘bek R. bilan o‘zaro janjallashib ketgan. Janjal vaqtida Mirolim M. jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, o‘tkir tig‘li jism bilan Ulug‘bek R. ga tan jarohati yetkazgan. Natijada jabrlanuvchi shifoxonaga joylashtirilgan.
Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchiga yetkazilgan jarohatlar og‘irlik darajasi bo‘yicha o‘rtacha og‘ir tan jarohati deb baholangan.
Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “g,i,m” bandlari ("Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish") bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.