Xususan, Chilonzor tumani “Botirma” mahallasida tashkil etilgan 24/7 xizmat koʻrsatish, turistik va gastronomik koʻchasida “Food and Music Fest” festivalining oʻtkazilishi jarayonlari, shuningdek majmuada aholiga xizmat koʻrsatish sharoitlari bilan tanishildi. Mazkur maskanda xizmatni tashkil etish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash hamda aholi va poytaxt mehmonlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganildi.
Tumanning “2-Charx Kamolon” mahallasida joylashgan 22-sonli mehribonlik uyi (Xlebushkina) tarbiyalanuvchilari uchun yaratilgan qulayliklar, kuz-qish mavsumida elektr energiya bilan uzluksiz taʼminlanganligi hamda avariyaviy yoki boshqa favqulodda holatlar yuzaga kelishini oldini olish va bartaraf etish choralari samarali tashkil etilganligi oʻrganildi.
Tadbir jarayonida, Chilonzor tumani “Chilonzor” mahallasida joylashgan “Oʻzbekiston Aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasi”ning hududiy boʻlinmasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Masʼullar va murabbiylar bilan oʻtkazilgan suhbatda, aralash jang sanʼatini oʻsmirlar, havaskorlar va professionallar oʻrtasida rivojlantirish, malakali murabbiylar tayyorlash va sportchilarning kasbiylashuviga koʻmaklashish, sportchilarning sogʻligi ustidan tibbiy nazoratni takomillashtirish, shuningdek murabbiylar va hakamlar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilinib, tegishli vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, tumandagi Kichik halqa yoʻli koʻchasi boʻylab faoliyat yurituvchi savdo shoxobchalari qatorida huquqbuzarliklarni oldini olish va jamoat tartibini taʼminlashga jalb etilgan shaxsiy tarkibning jangovar va tezkor shayligi nazorat tariqasida tekshirildi. Qoʻriqlash xizmatlarining faoliyatini samarali tashkillashtirish borasida tegishli koʻrsatmalar berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internatini faoliyati oʻrganish jarayonida oʻquvchilar uchun qulay va zamonaviy taʼlim muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, bino xonalari issiqlik energiyasi bilan uzluksiz taʼminlanganligi hamda xavfsizlik choralari samarali tashkil etilganligiga eʼtibor qaratildi.
Uchtepa tumanida oʻrganishlar davom etib, 2-sonli IIB faoliyati bilan tanishildi. Davlatimiz rahbarining “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 1-sonli qarorlarini ijrosini taʼminlash maqsadida amalga oshirilgan chora tadbirlar natijasida Uchtepa tumani kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan mahallalardan holi hududga aylantirilgani eʼtirof etildi.
Shuningdek, tumandagi “Zara” nomli tungi koʻngilochar klubi faoliyati va xavfsizlik choralari bilan tanishildi, yongʻin xavfsiziligi va favqulodda holatda shaylikni oshirish boʻyicha masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Uchtepa tumani boʻyicha yaratilgan ijobiy tajribani poytaxtning boshqa tumanlariga tatbiq etish vazifasi qoʻyildi.
Tadbir davomida tumandagi “Oʻrikzor savdo kompleksi” MCHJ savdo majmuasida aholiga xizmat koʻrsatish sharoitlari bilan tanishildi. Mazkur maskanda xizmatni tashkil etish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash hamda aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganildi.
Mazkur tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida davom etmoqda.