13 Sentyabr 2025 Yil 404

Rahbar va yoshlar uchrashuvining navbatdagisi Mirzo Ulug‘bek tumanida bo‘lib o‘tdi

Yurtimizda giyohvandlik va kiberjinoyatlarga qarshi keskin kurash olib borilayotgan bo‘lsada, afsuski bu jinoyatlar domiga tushib qolayotgan, uning qurboniga aylanayotganlar haligacha bor. Bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashishning eng samarali usullaridan biri targ‘ibotdir. Toshkent shahridagi INHA Universitetida o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”da mana shu mavzular muhokama markazida bo‘ldi.

Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik Sardor Mirzaraimov, IIO FMB mas’ullari, mutaxassislar va talabalar bilan o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda bu turdagi jinoyatlarning sodir etish usullari, ulardan himoyalanish mexanizmlari, jinoyat uchun javobgarlik muqarrarligi tushuntirildi.

S.Mirzaraimov o‘z nutqida kiberxavfsizlikka rioya qilishda har bir inson moliyaviy, iqtisodiy, huquqiy bilimlarga ega bo‘lish bilan birga, o‘z mulkiga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lgani kabi onlayn pullariga ham jiddiy qarashi lozimligini tushuntirdi. Shubhali havolalarga kirmaslik, maxfiy kodlarni, shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga bermaslik kabi oddiy ko‘nikmalarni oila a’zolariga ham yetkazish lozimligini ta’kidladi.

Mutaxassislar tadbir ishtirokchilariga giyohvand moddalarning zamonaviy turlari, ularning sog‘liq uchun xavfi, ularni tarqatishning huquqiy oqibatlari haqida ma’lumot berishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Universitet birinchi prorektori T.Tursunmuratov ushbu mavzuning zamonaviy dunyoda dolzarbligi, yoshlarni ma’naviy-ahloqiy tarbiyalashdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.

Shuningdek talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga yuzlanib, batafsil ma’lumotlar olishdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech