20 Sentyabr 2024 Yil 610

Qulupnay ko‘chati g‘avg‘osi

Anvar anchadan beri dehqonchilik bilan shug‘ullanib keladi. Mehnatdan qochmaydi, yerni yaxshi ko‘radi. Yerni yaxshi ko‘rgani bois uni har xil o‘g‘itlar bilan “zaharlayvermaydi”. Shundan bo‘lsa kerak uning mahsulotlariga xaridor ko‘p. Ekinlari barq urganini ko‘rganda, yosh boladek sevinadi, chekkan zahmatlarini unutadi. Yerga dam berish maqsadida almashlab ekishni yo‘lga qo‘ygan. Bu gal  qulupnay ekib omadini sinab ko‘rishga qaror qildi. Qulupnay ko‘chatlarini qidira boshladi. Tanishlari orqali 1969 yilda tug‘ilgan Rahmatjon bilan uchrashdi. Savdo pishdi. Rahmatjon 500.000 tup qulupnay ko‘chatini 500.000.000 so‘mga sotishga, hatto dala maydoniga eltib berishga vaʼda berdi. 2023 yilning sentyabr oyida Rahmatjon Anvardan 21.400 AQSH dollari oldi. Bir hafta ichida ko‘chatlarning avval yarmisini, keyingi haftada qolgan pullar evaziga yarmini olib borishga kelishildi. Ammo bir hafta o‘tdiyamki,  Rahmatjondan darak bo‘lmadi. Anvar uni yana tanish-bilishlari orqali qidira boshladi. Ammo ular ham  Rahmatjonni topa olishmadi. Bu yerda  bir shumlik borligini his qilgan Anvar Yunusobod tumani ichki ishlar organlariga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Mazkur jinoyat ishini Yunusobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, leytenant S.Ahrorov olib bordi va uni qonunan nihoyasiga yetkazib, sudga oshirishga erishdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi ochiq sud majlisida Rahmatjonning qilmishlarini ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Aybdorning qilmishiga pushaymonligi, aybiga iqrorligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplaganligi, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligini  inobatga olib, mazkur kodeksning 57-moddasini qo‘llab, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda  2 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.


Barcha yangiliklar

Text to speech