14 Avgust 2024 Yil 1160

Qozonda bo‘lsa, cho‘michga chiqadi...mi?

Biror joyda qo‘nim topib ishlamagan  Shorasulning xotini axiyri bolasini olib, ota-onasining uyiga ketib qoldi. Ochig‘i, qachongacha chidash mumkin?!  Shorasulning ham o‘ziga yarasha vaji bor. Ota-onasi erta uylantirgan. Uning “yoshman, o‘ynab-kulib yuradigan paytimda, ro‘zg‘orning ola xurjunini yelkamga ortib nima qilaman ?!”, deganiga quloq osishmadi. Mana oqibati. U ham o‘rtoqlari singari qahvaxona-Yu turli ko‘ngilochar maskanlarda vaqtichog‘lik qilgisi keladi. 22 yoshida unga shu kerakmidi?!  Aslida, ota-onasi  bir necha bor sudning qora kursisiga o‘tirgan farzandini “oilali bo‘lsa, quyilib qolar”, degan niyatda uylantirgandi. Biroq ...

Hademay yangi yil. O‘rtoqlari bilan  kayf-safo qilishi uchun unga pul kerak.U pul topish yo‘llarini izlay boshladi. Xayoliga kelgan reja uni tez-tez xotini borib turgan Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashgan go‘zallik saloniga yetakladi. Salonda ishlovchi  ayollar Shorasulni yaxshi tanishadi, axir bu yerda u Lolasini kutib ozmuncha  vaqtini o‘tkazmaganmi?!

2022 yilning 13 dekabri,  soat 12.30larda u mazkur salonga kirib bordi. Ayollar bilan eski qadrdoni kabi quyuq salomlashib, turli mavzularda gap ochib, suhbatni atay o‘z rejasiga burdi.

– Tanishlarim Sergelidagi mashina bozoridan ish topib berishdi. O‘zlari maishiy texnikalar savdosi bilan shug‘ullanishadi. Men hozircha avtomashina bo‘yoqlarini sotyapman. Hademay o‘z yonlariga olishadi, – deb gap ochdi. – Ular bojxona orqali musodara qilingan uyali telefon va boshqa maishiy texnikalarni sotib yaxshigina foyda ko‘rishyapti.

Uddaburonlik bilan tashlangan qarmoqqa ayollar darrov ilinishdi. Telefonlar haqida so‘ray boshlashdi. Shorasul narx-navosini gaplashish uchun kimgadir telefon qilgancha  tashqariga chiqdi va bir ozdan keyin kirib:

– Muddatli to‘lov bilan olsangizlar ham bo‘larkan, – deya to‘lov shartlarini tushuntira boshladi. 

Dildora va Nasibalar oyiga 50 AQSH dollaridan 11 oy to‘lab borish sharti bilan har biri ikki donadan “Iphone 14 Pro Max”ga buyurtma berib, har biri 250 AQSH dollari berishdi. Lyudmila ikki oy davomida 50 AQSH dollari to‘lab borish sharti bilan “Air Pods 3” quloqchini xaridi uchun 50 AQSH dollari berdi. Pullarni olgan Shorasul ikki-uch soatlarda aytilgan mollarni keltirib berishga vaʼda berib ketgancha, qorasini ko‘rsatmadi.  Ayollar allamahalgacha,  hatto uylariga borishib ham qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilishiga qaramay, hech qanday javob bo‘lmadi.

– Ilgari  jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod tumanlari sudi tomonidan firibgarligi va o‘g‘irligi uchun sudlangan Shorasul  ota-onasining ishonchini oqlamadi. Uni uylantirib, quyilishiga ishongan ota-onasi bu safar ham ishonib, jabrdiydalarga yetkazilgan moddiy zararni to‘laligicha qoplab berishdi. Biroq  Shorasul buni qanday tushunadi, bizga qorong‘u. Aslida  qozonda bo‘lsa, cho‘michga chiqar, degan naql bor, – deydi Yashnobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Farrux Irgashev.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi Shorasulni  O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining  168-moddasi 3-qismi “B” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybdor deb topib, jabrdiydalarga yetkazilgan zararni to‘liq qoplagani, aybiga iqrorligi va qilmishidan pushaymonligini inobatga olib,  ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.


Barcha yangiliklar

Text to speech