Tadbirkorlik harakatiga keng yo‘l ochib berildi-yu ko‘pchilik tadbirkor bo‘lishga intildi. Yurtimizdagi mahsulotni chetga olib chiqib sotish,chetdan mahsulot olib kirish ham tadbirkorlikning bir turiga aylandi. Har kim o‘z bilganicha pul topmoqda, qonunga zid bo‘lmasa, buning yomon tomoni yo‘q, albatta. Biroq Dilshod tanlagan yo‘l qonunga, qonunni qo‘ya turing, oddiy odamiylikka ham to‘g‘ri kelmaydi.
Voqea 2022 yilning may oyida sodir bo‘ldi. Dilshod Abduhakim ismli yigit bilan tanishib qoldi. O‘zini Xalqaro Islom biznesi agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimi deb aldab tanishtirdi. O‘zbekistonda biznes loyihalari bilan 2019 yildan beri shug‘ullanib kelayotganini, bir necha biznes loyihalari borligini, istasa hamkorlikda ishlashini taklif qildi. Rasmiy muomala tili, o‘zini tutishi, benuqson kiyinishi, nutqining ravon va chiroyligi Abduhakimda unga nisbatan hurmat va ishonch uyg‘otdi. O‘z o‘rnida “qahramonimiz” biznes loyihasining mohiyati haqida ishbilarmonlarga xos ravishda tushuncha berishi bu sohani “suvdek ichib” yuborganidan darak berardi. Yurtimizning oltinga teng mahsulotlariga jahonda talab kuchliligi haqida gapirarkan, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini Qozog‘iston orqali Rossiya bozorlariga yetkazish bilan shug‘ullanishini qistirib o‘tdi. Agar Abduhakimga maʼqul kelgan bo‘lsa, faloncha pul tiksa, faloncha foyda ko‘rishini chiroyli qilib hisoblab berdi. Abduhakim tushundiki, qancha ko‘p pul tiksa, shuncha ko‘p foyda olarkan. Dilshod aytgan summalarni eshitgan Abduhakim hushidan ayrilayozdi. So‘z millionlar emas, milliardlar haqida ketayotgandi. Abduhakimga katta pulning tagida katta yolg‘on yashiringani, katta xavf borligi haqida o‘ylashga eshitgan raqamlari imkon bermasdi. O‘ylamay-netmay sherikchilikka tayyor ekanligini bildirdi. Pullari bir necha emas, minglab baravar ko‘payib qaytishiga ishongan Abduhakim tavakkal qilib, “ishbilarmon” aytganidek 100.000 (yuz ming) AQSH dollarini biznesga tikdi.
– Keyingi voqealar firibgarlik jinoyatining umumiy ssenariysi bo‘yicha, yaʼni “bugun kel, erta kel, kutib turing, ana bo‘ladi, mana bo‘ladi” degan vaʼdalar, so‘ngra, telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermaslik, manzilidan topa olmaslik kabilar bilan jabrdiydaning axiri chuv tushganini anglab yetmagunicha davom etadi. Tomoshaning yakuni bitta –ichki ishlar idoralariga yordam so‘rab murojaat qilish bilan tugaydi, – deydi Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant E.Ziyabekov.
Tergov jarayonida Dilshod Abduhakimga yetkazgan moddiy zararni to‘laligicha qopladi. Jabrdiyda ham o‘zining soddaligi, ishonuvchanligidan bunday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yganini tan olib, Dilshodning besh farzandning otasi ekanligi, voyaga yetmaganlarning taqdirini o‘ylab, Dilshodga yengilroq jazo berilishini so‘radi. Albatta, sud hakami buni inobatga oldi va Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi tomonidan Dilshod O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan aybdor deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining 200,5 baravari miqdorida, yaʼni 54.135.000 (ellik to‘rt million bir yuz o‘ttiz besh ming) so‘m jarima jazosini tayinladi.