28 Yanvar 2025 Yil 1090

Qimmat gilam arzonga ketdi

— Amaki gilam olmaysizmi? Pul juda zarur bo‘lganligi uchun sotmoqchiman.
— Mabodo gilaming o‘g‘irlangan emasmi?
— Qiziqsiz-a! Shunday katta gilamni o‘g‘irlab bo‘larkanmi? Qizimning sepiga olgandim. Biroq quda tomonga yoqmadi. Arzon emish, qimmatidan shoyi-ipakligidan olishimiz kerak ekan.
— Qancha so‘rayapsan?
— Bir million.
— Yonimda 850 ming so‘m bor. Rozi bo‘lsang, ber, yo‘qsa, boshqasiga sotaver.
— Mayli, beraqoling. Pul juda zarur-da, bo‘lmasam bermasdim.

Notanish kimsa narxi 4 million so‘m bo‘lgan gilamni suv tekinga oldi-da, ko‘tardi-Yu ketdi. Savdo pishib, har ikki tomon foydadan ko‘ngli chog‘ bo‘lib o‘z yo‘llariga ketayotgan paytda: 2024 yilning 30 apreli, soat 16.00 larga yaqin “Qo‘yliq” savdo majmuasi do‘koni sotuvchisi A.Lazizbek eʼtiborsizligi uchun o‘zini qo‘yishga joy topolmay, oyog‘ini qo‘liga olib, qaydasan ichki ishlar idorasi deya, mol achchig‘ida taksi yollab idoraga shoshilayotgandi. Bektemir tumani IIO FMB navbatchilik qismiga halloslagancha kirib kelgan sotuvchi, voqeani shoshqaloqlik bilan bayon etdi. Xodimlarning zudlik bilan chora ko‘rishi natijasida 1977 yilda tug‘ilgan, muqaddam o‘g‘irligi uchun bir necha marta sudlanib, qamalgan A.Saken surishtiruv ishlari olib borish uchun mahkamaga keltirildi. Uning jinoyatini yashirish uchun qilgan iddaolari ish bermadi. Bozor hududiga o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari uning qilmishlarini so‘zsiz fosh etdi.

— Do‘konim kichkina bo‘lganligi bois, gilamni xaridorlarga ko‘rsatish maqsadida eshik oldiga suyab qo‘ygandim, – deydi do‘kon egasi A.Lazizbek. – Boshqa xaridorlar bilan ovora bo‘lganimdan foydalanib, 2x10 metr bo‘lgan oq-sariq gulli gilamni o‘g‘irlab ketibdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi ochiq sud majlisida A.Sarsenning qilmishlarini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli, deb topdi. Sud uning aybiga iqrorligi, yetkazilgan zararni qoplaganligi, pushaymonligi, jazoni og‘irlashtiruvchi hamda yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Muhammadrizo Eshpo‘latovning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech