Har yerni qilma orzu, har yerda bor toshu tarozu, degan – boshidan hayotning ko‘p mashaqqatlarini o‘tkazgan, o‘nqir-cho‘nqirlariga tushib chiqqan, achchiq-chuchugini totib ko‘rganlar. Oramizda o‘zga yurtlarni orzu qilib yashayotganlar yo‘q emas. Orzuga ayb yo‘q. Ayniqsa, bugungi mustaqilligi, erki o‘z qo‘lida bo‘lgan yurtdoshlarimizning o‘z maqsadlarini amalga oshirish borasida imkoniyatlari keng va tegishli haq-huquqlarga ega. Ammo bu yo‘lda rasmiy idoralarga murojaat qilib, qonuniy yo‘llar bilan hal qilsa bo‘ladigan masalani chigallashtirib, noqonuniy yo‘l tutish oqibatida firibgarlar tuzog‘iga ilinib, sarson bo‘lib qolayotganlar yo‘q emas. Bunda soxta firma va ofislar ochib, qulay va arzon narxlarda xorijga katta-katta maoshli ishga jo‘natishni vaʼda qilayotgan qalloblarning o‘rni sezilarli.
Quyida lavhamiz qahramoni ham yurtdoshlarimizni aynan shu yo‘l bilan chuv tushirganlar sirasidan. 1990 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan Alisher 2020 yilning fevralida Mirobod tumanidagi go‘shadan ijaraga joy olib, fuqarolarni chet elga jo‘natishga “ixtisoslashgan” firma ochdi.( Firmaning inglizcha balandparvoz nomini aytmay qo‘yaqolaylik) Uning tuzog‘i ish bermay qolmadi. 2020 yilning 8 noyabrida 1984 yilda tug‘ilgan samarqandlik Diyor Kanada davlatida ishlash orzusini amalga oshirish maqsadida ofisga tashrif buyurdi. U yoqlarda maosh ham, yashash ham risoladagidek emish. Alisher bu davlatni tanlab xato qilmagani, Diyorning dunyoqarashi kengligi va o‘z mehnatini qadrlashini aytib rosa alqadi va albatta u yerda katta pul topishiga ishontirib, tez kunlarda jo‘natishga vaʼda berdi. Boshiga hujjatlarni rasmiylashtirish va boshqa mayda-chuyda xarajatlar uchun 1.200 AQSH dollarini qurtdek sanab oldi. Diyorning oyog‘i xush kelib, ofisga mijozlar oqib kela boshladi. Bir necha muddat o‘tib, Akbar “firma”ning Kanadaga sayyohlik vizasini tayyorlab berishiga ishonib 565 AQSH dollarini, Shuhrat 400 AQSH dollarini, 18 noyabr kuni Shoakbar 400 AQSH dollarini o‘z qo‘llari bilan firibgarga topshiradi. 2020 yilning 7 dekabrida Kanadada ishlab pul topish niyatida bo‘lgan Nodirbek, Sanjarbek va Ulug‘bekning har biri 1.005 AQSH dollari va 7.430.00 so‘m, Adham 10.479.516 so‘m, Muhammad 1.005 AQSH dollarini hech qanday rasmiyatchiliksiz, quruq vaʼdalar evaziga Alisherga sanab berishadi. 2021 yil 27 may kuni Kamola va Dilshodning har biridan 400 AQSH dollaridan olgan Alisher “pultopar do‘konini” o‘zgartirmasa bo‘lmasligini bu yog‘iga misi chiqishini sezib, Mirobod tumanidan Yakkasaroy tumaniga ko‘chib– qochib desak to‘g‘riroq bo‘ladi – o‘tadi. Bu yerda ham o‘zgalar ishonchiga kirib mol-mulkini o‘zlashtirishda davom etadi. Qo‘lidan kelmaydigan ishni keladi, deb ishontirib, 2022 yilning mart oyida Sardordan 1.400, Jahongir, Saxob, Umid, Mehrojlarning har biridan 645, Baxtiyordan 1.050 AQSH dollarini olib, barcha aloqa vositalarini o‘chirib, “do‘konini” yopib, juftakni rostlaydi.
– Ayblanuvchining fuqarolarni xorijga yuborish tugul viza ochish tartibi haqida hech qanday maʼlumotga, tushunchaga ega bo‘lmay turib, bu ishga qo‘l urgani qiziq, – deydi Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Jinoyatlarni tergov qilish bo‘linmasi boshlig‘i, mayor D.Rashidov. – Ishlamay pul topish dardida har qanday yolg‘ondan qaytmagan bu shaxs oliy maʼlumotli, qo‘lida gulday hunari bor, diplomli mutaxassis bo‘la turib, firib yo‘lini tanlaganiga achinasan, kishi. Xorijga ketish ishtiyoqida biror bir hujjat so‘ramay shuncha pullarni ishonib bergan, har aldovlariga ishonib hattoki yillab kutgan fuqarolarning soddaligiga ham hayron qolasan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining ochiq sud majlisida Alisherning qilmishlariga qonunan baho berildi. U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “B” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topildi. Aybdorning pushaymonligi, jabrdiydalarga yetkazilgan zararning to‘liq qoplanganligi, oilaviy sharoiti inobatga olinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, unga 3 yilga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.