Mahalla tinch bo‘lsa, jamiyat tinch, jamiyat tinch bo‘lsa, yurtimiz tinch. Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning sodir etilmay oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha Yurtboshimiz tomonidan shu yilning 3 yanvarida qabul qilingan qarorida belgilangan vazifalar joylarda amaliyotga tatbiq etilmoqda. Kuni kecha Toshkent shahar Bektemir tumani IIO FMB rahbariyati “Rohat” mahalla fuqarolar yig‘ini yettilik vakillari, hududga biriktirilgan YPX, PPX inspektorlari, psixolog-inspektor, mahalla faollari, nuroniylar hamda mutasaddi idoralar masʼullari ishtirokida qarorning ijrosiga qaratilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda so‘z olganlar qarorning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib, hududlarda jinoyatlarni barvaqt oldini olish, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil shaxslarni aniqlash, ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish bo‘yicha manzilli tushuntirish ishlari olib borishga urg‘u berishdi. Shuningdek, namunaviy “Yo‘l xaritasi” bo‘yicha jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish va ogohlantirish ishlarini keng miqyosda olib borish xususida tegishli ko‘rsatmalar berildi hamda hamkorlikdagi ish rejalari belgilandi. Bu kabi uchrashuvlar tuman IIO FMB rahbariyati tomonidan boshqa hududlarda ham o‘tkazilmoqda.