O‘zini chiroyli ism bilan tanishtirgan odamga nogahon ko‘nglingizda iliqlik uyg‘onadi. Holbuki, ismning qandaydir sirliligi bor. Chiroyli, maʼnoli ismlar kishini o‘ziga tortadi. Agar uning ko‘rinishi, o‘zini tutishi, xatti-harakatlari, muomalasi ham shunday chiroyli bo‘lsa... Afsuski, “qahramonimizning” xatti-harakatlari o‘zining viqorli ismiga allaqachon dog‘ tushirib bo‘lgandi. 1972 yilda tug‘ilgan, uch farzandning otasi bo‘lmish Miraʼzam ilgari ham firibgarlik jinoyati uchun bir necha bor sudlanib jazo muddatini o‘tab chiqqandi. Biroq bundan o‘ziga yarasha xulosa chiqarmadi. 2023 yilning 11 martida u Yashnobod tumani Yangiqo‘rg‘on mahallasida bo‘la turib, tanishining tanishi bo‘lmish A.Jasurning ishonchiga kirib uni 8.000 AQSH dollariga chuv tushirdi. Voqea esa bunday bo‘lgandi.
Miraʼzamning sinfdoshi Davron suhbat orasida tanishi Jasur avtomashina sotib olmoqchi ekanligini aytib qoldi. Miraʼzamning miyasiga yashin tezligida aldab uni qo‘lga kiritish fikri keldi. U sinfdoshini tanishiga yordam bera olishiga ishontirdi. Tanishiga yordam berishidan xursand bo‘lgan Davron – agarda u qanday g‘alvaga bosh qo‘shayotganini bilganida edi – Jasur bilan telefon orqali bog‘lanib, Miraʼzamni ro‘paro‘ qilmasdi. Jasurning niyati tez kunlarda, arzonroq narxda, yaʼni ishlab chiqaruvchi narxida “ Lada X-ray” avtomashinasini sotib olish ekan. Shu ham muammo bo‘libdi-yu. Miraʼzam uchun bundan oson ish bormi? Mana, mashinani ovolsin, shunaqangi chiroyli raqam olib bersinki mashinasiga, dushmanlari ku-y-yi-ib ketsin! Mana shunday o‘y-hayollar bilan yurgan Jasurga bir oyga qoldirmay avtomashina kalitini qo‘liga tutqazishni vaʼda qilgan Miraʼzam uning 8.000 AQSH dollarini oldiyu, osmonga ko‘tarilgan bug‘dek yo‘q bo‘lib ketdi. Jasur “hojatbarorni” telefon qilib ham, uyiga borib ham topa olmagach, Davronni qistovga ola boshladi. Davron Miraʼzamning uyiga qatnayverib, axiyri sabr-kosasi to‘lgach, Jasur bilan yetaklashib, Yashnobod tumani IIO FMB idorasiga kelishga majbur bo‘ldi.
– O‘zingga yaqin tutgan, yillab do‘stona munosabatlarda bo‘lib yurgan odaming ishonchingga xiyonat qilsa, albatta xunuk holat, – deydi Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Tigran Tojiboyev. – Axir odamlarning bir-biriga do‘stona munosabati ana shu ishonchga asoslanmaganmi?! O‘rtada ishonch bo‘lmasa, hayot o‘z mazmun-mohiyatini yo‘qotadi. Afsuski, Miraʼzamga o‘xshaganlar odamiylikning bu sifatini qadrlamaydilar.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ochiq sud majlisida Miraʼzamning qilmishiga qonunan baho berilib, u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “B” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topildi. Sud uning aybiga iqrorligi, yetkazilgan zararni to‘laligicha qoplaganligi, oilaviy sharoitini hisobga olib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi.