Vakolatli masʼullar tomonidan fuqarolar murojaatlarini tinglash, ularni qiynayotgan savollariga javob topish, muammolarini tinglab qonun doirasida hal qilish davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgani o‘z natijakorligini ko‘rsatmoqda. Buni fuqarolarimizning samimiy minnatdorliklari, mamnuniyat va ishonch bilan murojaat qilishlaridan anglash mumkin. Xususan, poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbarining hududlar bo‘ylab o‘tkazib kelayotgan sayyor va shaxsiy qabullari bu borada poytaxt aholisi o‘rtasida yig‘ilib qolgan ko‘plab masalalar, muammolar, ish faoliyati jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, loqayd yondashuvlar, sansalorliklarni bartaraf etish imkonini bermoqda. Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayevning navbatdagi shaxsiy qabulida yuridik hamda jismoniy shaxslardan qriqqa yaqin murojaatlar qabul qilindi. Murojaatchilar keltirgan vaj-karsonlarni joyida sinchiklab o‘rganish davomida ularning o‘ntasi mazkur dargohni o‘zida ijobiy hal etildi. O‘n ikkitasi bo‘yicha malakali huquqiy tushuntirish va tavsiyalar berildi. Shuningdek, keltirilgan dalillar atroflicha o‘rganish talab qilingan murojaatlarning aksariyati bo‘yicha ijro muddatlari qo‘shimcha belgilanib, qatʼiy nazoratga olindi. Tekshiruvlarning malakali, qonun doirasida hamda adolatli olib borilishi bo‘yicha tegishli topshiriqlar berilib, natijalaridan murojaatchilarni yozma xabardor qilish ko‘rsatib o‘tildi. Taʼkidlamoq joizki, qabul jarayonida ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq murojaatlar aksariyatni tashkil etdi, jumladan surishtiruv-tergov harakatlari, ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish va qayta tiklash, xizmatni boshqa viloyatlar IIBga o‘tkazish kabi kadrlar bilan taʼminlash xizmatiga oid masalalar. Har bir fuqaroning murojaatlari eʼtibor bilan tinglanib, ko‘tarilgan masalalarga – gohi ijtimoiy-maishiy, tibbiy mavzularda ham bo‘lishiga qaralmay uning yechimiga jiddiy yondashilayotgani, kerakli idora va tashkilotlar bilan bog‘lanib hal etilayotgani poytaxt ahlining qabullarga bo‘lgan ishonchi va munosabatini ijobiy tomonga o‘zgartirayotgani shubhasiz.