30 Mart 2026 Yil 144

Jinoyat ko‘chasining oxiri berk

Poytaxtimiz hududida xavfsiz va barqaror muhitni ta’minlash, jinoiy xatti-harakatlar va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash orqali tinchlik-xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan keng miqyosli tezkor-profilaktik tadbirlar tizimli ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

Shahrimizda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash maqsadida, Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslar ushlandi. 2000 yilda tug‘ilgan M. telefoni xolislar ishtirokida tekshirilganda, 2025 yil may oyidan 2026 yilning yanvar oyiga qadar qonunga xilof ravishda 18 016 USDT kriptovalyuta aylanmasi amalga oshirilgani aniqlandi.

Dastlabki surishtiruvlar davomida Hasan unga yaqin tanish bo‘lgan 1987 yilda tug‘ilgan D.Snejananing uyidagi seyfda giyohvandlik moddasi saqlayotganini ma’lum qildi. Ayolning uyida saqlanayotgan seyf xolislar ishtirokida ochilib, ko‘zdan kechirilganda, uning ichida 2 dona maxsus tarozi, maxsus magnitlar hamda oq polietilen paketga solingan oq rangli, kukunsimon modda borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida tegishli tartibda rasmiylashtirilib olindi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273 (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”), 278-prim 8 (“Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish”), 243 (“Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish”) moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan “Qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirgi kunda noqonuniy ravishda giyohvand va psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgan bu kabi guruh a’zolarini aniqlashga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davom etmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech