2018 yilda davlatimiz rahbarining “Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra ichki ishlar organlari jazolarning ijro etilishini taʼminlash tizimi tubdan isloh qilindi. Natijada, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarning ijro etilishini nazorat qilish bo‘limi negizida IIB gabo‘ysinuvchiprobatsiya xizmati tashkil etildi. Axloqan tuzalish yo‘liga o‘tgan hamda yuklatilgan majburiyatlarini vijdonan bajarib, o‘rnatilgan tartib-intizomga amal qilib kelayotgan mahkumlar sud qarori bilan jazo o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etiladi. Jazo o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab yoki o‘rnatilgan tartib - qoidalarni buzgan shaxslarning jazosi og‘irroq turiga almashtiriladi. Kuni kecha poytaxtimizning qator tumanlarida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida sayyor sudlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi sayyor sud majlisida probatsiya hisobida turuvchi 7 nafar mahkumlarning ishi ko‘rilib, ular tayinlangan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi. Yashnobod tumanida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida Axloqan tuzalish yo‘liga o‘tgan, halol mehnatni tanlagan 4 nafar shaxs muddatidan ilgari shartli ozod etilgan bo‘lsa, jazo o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab, o‘rnatilgan tartib-qoidalarni mensimagan, ularga amal qilmagan 2 nafar shaxsning jazosi og‘irrog‘iga almashtirildi.
probatsiya hisobida turgan, nazorat ostidagi shaxslarning huquqiy va ijtimoiy holatini yana-da yaxshilash, ularni tuzatish, jamiyatga moslashuvini taʼminlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga bo‘lgan ishtiyoqini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan o‘tkazilgan sayyor sud majlisida esa 13 nafar shaxsga nisbatan tuman probatsiya bo‘limi taqdim etgan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish bo‘yicha kiritilgan taqdimnomasi ko‘rib chiqildi. Yunusobod tumanida ham xuddi shunday sayyor sud majlisi o‘tkazilib, unda qilmishlaridan pushaymon bo‘lgan, o‘zlarini ijobiy tomondan ko‘rsatgan bir qator shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilroq turiga o‘zartirish masalalari ko‘rib chiqildi. Majlisda o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lgan, intizomiy jazolarga yo‘l qo‘ymagan, o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatgan bir qancha shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi hamda sudning qarori bilan ularga yengillik berildi. Sayyor sud qaroriga ko‘ra muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, jazosi yengilrog‘iga almashtirilgan shaxslar bilan probatsiya xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktik-tushuntirish ishlari, suhbatlar jarayonida ularning haq-huquqlari tushuntirilib, murojaatlarining ijrosi nazoratga olindi. Bu kabi shaxslarning jamiyatimizning to‘laqonli fuqarolari bo‘lishi, moslashuvini taʼminlash borasidagi ishlar poytaxtimizning boshqa tumanlari probatsiya xizmati tomonidan ham amalga oshirilmoqda.