23 Iyul 2024 Yil 1164

Paytdan “unumli” foydalandi

Oxirgi to‘rt yil 35 yoshli Davron (ismlar o‘zgartirilgan) ijaraga olgan avtomashinasida kira qilish bilan shug‘ullanib keldi.  Qish kunlarining birida kech bo‘lishiga qaramay,   mijoz qidirib shahar keza boshladi. Poytaxt ko‘chalarining birida ikki kishining mashina to‘xtatayotgani eʼtiborini tortdi.  Davron “Qayerga?” deb so‘radi. Mijozlar manzilni aytib, haqini kelishishdi. Yo‘l-yo‘lakay u yoq-bu yoqdan suhbatlashib, manzilga yetay deb qolganda, mijozlarning biri qo‘shimcha haq uchun kichik bir xizmat taklif qildi. Buning uchun Davron aytilgan xonadonga chiqib, pulini berib, uyali telefonni keltirib berishi kerak bo‘ladi, xolos. Xizmat haqi 200 ming so‘m. Davron o‘ylamay rozi bo‘ldi. Aytilgan uyga yaqinlashishdi. Mijozlardan biri Davronga 1000 AQSH dollari (10 ta 100 dollarlik kupyura) va 300 yevro berarkan xonadon raqamini aytdi. Davron  kerakli qavatga ko‘tarilib, eshik qo‘ng‘irog‘ini bosgandi, ayol kishi eshikni ochdi va ichkariga taklif qildi. Davron telefonni qo‘liga olib  aylantirib tekshirgan bo‘ldi va ayolga 800 AQSH dollari berdi. So‘ng mashinadagi mijozlar telefonni olib, vaʼda qilgan pullarni berishdi va Davron ularni manzillariga eltib qo‘ydi.

Voqeadan bir necha kun o‘tib Davron Yunusobod tumani IIO FMB ga chaqirtirildi.  Telefon sotgan ayol Davron bergan AQSH dollari qalbaki ekanligini bildirib, xaridorga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab yozma murojaat qilgandi. Xodimlar Davronning o‘tmishi bilan tanishib chiqqanligi bois undan gumonda edi.  Gap shundaki, ilgari u nashriyot bosmaxonalaridan birida mexanik bo‘lib ishlagan, qalbaki kupyuralar esa aynan ofset usulida tayyorlangandi.  Ikkinchi gumonga sabab, Davron jabrlanuvchi bilan telefonda gaplashganini qatʼiyan rad etayotgani bo‘ldi. Biroq o‘tkazilgan ekspertiza ovoz Davronniki ekanligini tasdiqladi. Taqdim etilgan ekspertiza xulosalari, ashyoviy dalillar  oldida Davron aybini tan olishga majbur bo‘ldi. Yunusobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Yahyobek Qahramonov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) va 176-moddasi  (“Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov tugagach, jinoyat ishi qonunan chora ko‘rish uchun sudga taqdim etildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech