Shuningdek, davlatimiz rahbari yangidan tashkil etilgan Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Avvalo, alohida oʻrnak koʻrsatgan taʼlim sohasi xodimlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Prezident mamlakatimizning barcha taʼlim-tarbiya xodimlarini Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etib, davlat mukofotlarini oʻz egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Muloqotda bugungi kunda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlar inson qadri, uning huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilayotgani taʼkidlandi.
Bosh maqsadi yangi zamon kishisini, Yangi Oʻzbekiston yoshlarini tarbiyalash boʻlgan taʼlim va tarbiya sohasi uchun bu vazifa alohida ahamiyat kasb etadi.
“Vatan va xalq manfaati uchun mardona kurashadigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, bilimli va bunyodkor avlodni kim tarbiyalaydi? Albatta, sizlar – zahmatkash va jonkuyar ustozlar.
Buning uchun avvalo oʻqituvchining oʻzi huquqiy, ijtimoiy va moliyaviy tomondan himoya qilingan va yetarli taʼminlangan boʻlishi kerak.
Shundagina u oʻzining chinakam insoniy va kasbiy fazilatlarini amalda namoyon qila oladi”,
- dedi Prezident.
“Yangilangan Konstitutsiyamizda dunyodagi moʻtabar shaxs – oʻqituvchi maqomini alohida mustahkamlash, bu kasbni jamiyatdagi eng obroʻli ishga aylantirish mening necha yillik orzuim, kerak boʻlsa, armonim edi.
Chunki oʻzim ham koʻp yillar shu sohada ishlaganman. Oʻqituvchi mehnati qanchalik ogʻir va mashaqqatli ekanini yaxshi bilaman.
Afsuski, ana shunday sharafli va olijanob kasb egalariga biz yaqin oʻtmishda yetarlicha hurmat va eʼtibor qarata olmadik.
Sir emas, qaysi sohaga qoʻshimcha ishchi kuchi kerak boʻlsa, birinchi navbatda oʻqituvchi-pedagoglar jalb etiladigan boʻlib qolgan edi.
Biz mamlakatimizda yangi islohotlarni boshlagan birinchi kunlardan eʼtiboran ana shu ogʻriqli masalani hal etishga – oʻqituvchilarni, bolalar va ayollarni majburiy mehnatdan xalos qilishga kirishdik.
Qatʼiy iroda va intilish bilan bu noxush holatlar bugun tarixga aylandi.
Mana, bu yil “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qildik. Konstitutsiyamizda belgilangan qoida endi ana shu qonun asosida ishlay boshlaydi.
Kimki oʻqituvchiga bosim oʻtkazib, uning kasb faoliyatiga daxli boʻlmagan ishlarga, turli majlislarga jalb etmoqchi boʻlsa, ana shu qonun asosida javobgarlikka tortiladi”,
- dedi Prezidentimiz.
Bugun taʼlim va tarbiya sohasidagi barcha oʻzgarishlar markazida bilimdon, ijodkor, vatanparvar va jonkuyar muallim shaxsi turishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Aks holda sohaga yoʻnaltirayotgan shuncha mablagʻ, qurilayotgan bino va inshootlar, moddiy-texnik baza havoga sovurilgandek bekorga ketishi qayd etildi.
“Biz bunga hech qachon yoʻl qoʻymasligimiz lozim. Davlatning, xalqning peshona teri bilan topgan boyligi, birinchi navbatda, yosh avlod tarbiyasi uchun, kelajagimiz uchun ishlashi shart”, - dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari sohada amalga oshirilayotgan katta ishlar borasida baʼzi misollarni keltirdi.
Oʻtgan 7 yilda taʼlimni rivojlantirishga jami 216 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun byudjetdan 19,5 trillion soʻm sarflanib, 6 mingta davlat maktabi va 3,5 mingta bogʻcha rekonstruksiya qilindi va yangidan qurildi.
Xususiy taʼlimga keng imkoniyatlar yaratilayotgani tufayli xususiy maktablar soni 27 tadan 500 taga yetdi, nodavlat bogʻchalar 250 tadan 30 mingtaga koʻpaydi.
Bu moddiy resurslar birinchi navbatda intellektual-maʼnaviy resurslar bilan toʻldirilishi kerakligi, shundagina taʼlimda sifat, samara boʻlishi taʼkidlandi.
Intellektual-maʼnaviy resurslar – bu avvalo oʻqituvchining bilim va tajribasi, mahorati, uning madaniy darajasi, maʼnaviy saviyasi deganidir.
Albatta, bunday uygʻunlikka erishish oson emas. Buning uchun katta-katta mablagʻlardan tashqari ulkan insoniy resurs, bilim va tajriba, kadrlar salohiyati, eng muhimi, oʻqituvchilarning vatanparvarlik fazilatlari talab etiladi.
Ayni vaqtda, bugungi kunda taʼlim sohasida strategik tafakkur zarur. Bu nima degani?
Bu oʻn-oʻn besh yil oldinni koʻrib, taʼlim maskanlarini faqat bugungi kun uchun emas, kelajak uchun ishlaydigan darajaga koʻtarish degani.
Chunki taʼlimda, maʼrifatda orqada qolganlar – hech shubhasiz, taraqqiyotda ham orqada qoladi. Bu – tarixda isbotlangan haqiqat.
“Har bir oʻqituvchi va murabbiy, bogʻcha mudirasi, maktab direktori maʼlum maʼnoda strateg boʻlishi zarur.
Ular avvalo el-yurt taqdiri va kelajagini hal qiladigan ulugʻ maqsadlar yoʻlida xizmat qilayotganlarini chuqur anglab yetishlari va shu asosda harakat qilishlari lozim”, - dedi davlat rahbari.
Oʻtgan davrda ilgari eʼtibordan chetda qolgan yoʻnalishlar, xususan, pedagogik taʼlimga, uning ilmiy, nazariy va amaliy asoslariga eʼtibor kuchaytirildi.
Kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish uchun oliygohlarda sirtqi taʼlim shakli tiklandi.
Oʻqituvchilarga mahorati va erishgan yutuqlariga qarab toʻlanadigan ustamalar soni 3 tadan 17 taga oshirildi.
Oʻz ustida astoydil ishlagan, xorijiy sertifikat olgan 6 ming oʻqituvchi 10 million soʻmdan ziyod maosh olmoqda. 2020-yilda bunday oʻqituvchilar 102 nafar boʻlgan.
Albatta, bu hali yetarli emasligi, lekin ushbu raqam keyingi ikki yilda 5,3 barobar oshgani taʼkidlandi.
Oʻtgan 5 yilda maktab taʼlimida, taʼbir joiz boʻlsa, lokomotiv vazifasini bajaradigan 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Ana shu maktablar dasturlari asosida tabiiy va aniq fanlar boʻyicha zamonaviy darsliklar yaratilmoqda.
Eng muhimi, bu maktablar aniq samara bera boshladi. Ushbu maktablarni bitirgan 100 nafar yigit-qiz dunyoning TOP-100 oliygohlarida tahsil olmoqda.
Prezident maktablaridagi baholash tizimi hozir 500 ta umumtaʼlim maktabida qoʻllanmoqda. Baholashni samarali yoʻlga qoʻygan 66 ta maktab jamoasiga 40 foizgacha ustama toʻlanmoqda.
Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni seleksiya yoʻli bilan tanlab olish boʻyicha ilgari boʻlmagan yangi tizim yoʻlga qoʻyildi.
Natijada bu yilning oʻzida xalqaro fan olimpiadalarida oʻquvchilarimiz 122 ta medalni qoʻlga kiritdi.
Maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga qamrab olish darajasi soʻnggi 7 yilda 4 karra oshdi.
Bu yil 310 ming nafar oʻgʻil-qizlarimiz oliygoh talabalari boʻldi. Ana shu yoshlarning qariyb yarmi qizlardir.
Bunday natija ilgari hech qachon boʻlmagan.
“Yana bir bor aytaman: qancha islohot qilmaylik, birinchi navbatda oʻqituvchining bilimi va kasb mahoratini oshirmas ekanmiz, sifatli taʼlimni taʼminlay olmaymiz”,
- dedi Prezident.
Bugungi kunda davlat taʼlim muassasalarida 46 ming nafar, xususiy tashkilotlarda esa 38 ming nafar pedagog 5 yil davomida malaka oshirmagani afsus bilan qayd etildi.
Bu yil attestatsiya jarayonlari shaffof boʻlishi uchun sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar qoʻllandi. Natijada 198 ming oʻqituvchidan 21 ming nafari malaka boʻyicha yetarli ball toʻplay olmadi.
Bu barchamizni tashvishga solishi kerak boʻlgan holat ekani koʻrsatib oʻtildi.
“Bugungi ochiq muloqotimiz salkam bir asrlik tarixga ega boʻlgan Abdulla Avloniy nomidagi malaka oshirish institutida oʻtayotgani albatta bejiz emas.
Men yigʻilishdan oldin hozirgi kunda mutlaqo yangicha qiyofaga ega boʻlgan institutda yaratilgan sharoitlar, oʻqituvchilar malakasini oshirish boʻyicha yangi tizim taqdimoti bilan tanishdim.
Bundan buyon taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarish uchun ishni 7 ta yoʻnalishda tashkil etamiz”, - dedi Prezident.
Abdulla Avloniy nomidagi institut pedagoglarda kasb mahoratini oshirishga masʼul boʻlishi belgilandi.
Institutning 12 ta hududiy markazini zamonaviy qiyofaga keltirish va jihozlash uchun yaqin 3 yilda byudjetdan har yili 50 milliard soʻm ajratiladi.
Hokimlarga joylardagi barcha malaka oshirish markazlarini zamonaviy qiyofaga keltirish topshirildi.
Malaka oshirishda vazirlik, malaka oshirish markazi, maktab va bogʻchani bogʻlaydigan vertikal tizim yoʻlga qoʻyiladi.
Bundan tashqari, joylarda 1 ming 300 ta tayanch maktab va 200 ta bogʻcha tanlab olinib, ulardagi yetakchi oʻqituvchilar yosh pedagoglar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati”ni tashkil etadi.
Buning uchun yetakchi oʻqituvchilarning ish haqiga 20 foiz ustama qoʻshiladi.
Muallimlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib ragʻbatlantirish albatta davom ettirilishi taʼkidlandi.
Kelgusi oʻquv yilidan xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish yoʻlga qoʻyiladi.
Sinovlarda 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglar qoʻshimcha 70 foiz ustama oladi.
Misol uchun, oliy toifali biologiya oʻqituvchisi oʻz fani boʻyicha xalqaro sertifikati boʻlsa – 50 foiz, direktor jamgʻarmasidan 40 foizgacha va yangi talabga javob bersa, yana 70 foiz ustama oladi.
Shu tariqa uning umumiy oylik maoshi 4 million 500 ming soʻmdan 12 million soʻmga yetadi.
Oʻqituvchilar uchun 1 ming dollar maosh bugun real hodisaga aylanib borayotganini shu misolda yaqqol koʻrish mumkin.
Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi har yili sogʻligʻini tiklash uchun sanatoriy va dam olish maskanlariga yuboriladigan oʻqituvchilar sonini 2 barobar oshirsa, maqsadga muvofiq boʻlishi qayd etildi.
Rektorlar ham oliygohlarni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan professor-oʻqituvchilar uchun sihatgoh yoʻllanmalari sonini 50 foizga oshirishlari lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Bir yil oldin maktab direktorlarini oʻqitish tizimi joriy etilgan edi. Bugungi kunda ulardan 1 ming 206 nafari menejerlik sertifikatiga ega boʻldi. Hozir ana shu direktorlarga ustama berilmoqda.
Endi bu amaliyot 2025-yil 1-sentyabrdan bogʻcha mudiralariga ham tatbiq etiladi va ularga har oyda 30 foizgacha qoʻshimcha ustama toʻlanadi.
Maktab direktori, uning boshqaruvchilik mahorati haqida muhim qoʻllanma boʻladigan kitoblar yoʻqligi qayd etilib, tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda maktab direktorlari haqida ana shunday kitob tayyorlansa, ayni muddao boʻlishi taʼkidlandi.
Aholi oʻsishi tufayli yiliga maktablarda – 120 mingta, bogʻchalarda – 30 mingta qoʻshimcha oʻringa talab yuzaga kelmoqda.
Kelgusi yili byudjetdan ajratiladigan 3 trillion 200 milliard soʻm hisobidan 375 ta maktab va 97 ta bogʻcha rekonstruksiya qilinadi va yangilari barpo etiladi.
Bundan tashqari, Islom taraqqiyot banki va OPEK jamgʻarmasining 50 million dollar mablagʻi doirasida kelgusi 4 yilda 200 ta xususiy bogʻcha qurilib, yangi 30 mingta oʻrin yaratiladi.
Yangi yildan boshlab xususiy sektorda oʻquvchi oʻrinlarini koʻpaytirish uchun maktab ochadigan tadbirkorlarga 20 milliard soʻmgacha kredit ajratiladi. Kredit foizining asosiy stavkadan 1,5 barobar oshgan qismi byudjetdan qoplanadi.
Shuningdek, yangi quriladigan xususiy maktab binolari uchun kommunal xarajatlarning 50 foizi 5 yil muddatgacha byudjetdan toʻlab beriladi.
Tadbirkorlar oʻz hisobidan maktab qursa, unga ketgan xarajatlar foyda soligʻidan ikki yil davomida teng ulushlarda chegirib tashlanadi.
Taʼlimda sifat va raqobatni taʼminlash uchun raqamlashtirish darajasi oshiriladi.
Oʻtgan 5 yilda 13 ming 500 dan ortiq kompyuter sinf xonalari 200 mingta zamonaviy kompyuter bilan taʼminlandi. Kelgusi yil yana 2 mingdan ziyod kompyuter sinflari yangilanadi, bunga byudjetdan 400 milliard soʻm beriladi.
Ana shu kompyuterlarga elektron taʼlim kontentlari yuklanib, bolalar uchun mustaqil taʼlim olish imkoniyati oshadi.
Oʻquvchilar murrakab konsepsiyalarni oson oʻzlashtirishi uchun aniq va tabiiy fanlar boʻyicha virtual laboratoriyalar tashkil etiladi. Yangi oʻquv yilidan boshlab bunday laboratoriyalar har bir viloyatda 10 tadan maktabda tashkil etiladi.
Shuningdek, maktab tizimida oʻqituvchi oʻz imkoniyati va yutuqlarini, yangi ishlanmalarini eʼlon qilishi uchun yagona onlayn platforma yaratiladi.
Xususiy bogʻchalar kabi 6 ming 800 ta davlat bogʻchalarida ham davomat, toʻlovlar, oziq-ovqat xarajatlarini shakllantirish toʻliq raqamlashtiriladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, shu tariqa yiliga 10 foiz mablagʻ tejaladi.
Iqtisod qilingan pullar “Taʼlimni rivojlantirish” jamgʻarmasiga yoʻnaltirilib, maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va mahoratli oʻqituvchilarni ragʻbatlantirishga sarflanadi.
Prezident maktablari va ixtisoslashgan maktablar tajribasi ommalashtiriladi.
Ushbu yoʻnalishda yana 1 mingta umumtaʼlim muassasasida Prezident maktablari va ixtisoslashgan maktablardagi baholash tizimini joriy etish boshlandi.
Lekin, ularning 300 tasida moddiy-texnik baza talabga mutlaqo javob bermaydi.
Tuman va shahar hokimlariga har haftada maktablardan xabar olish, kamchiliklarni bartaraf etish, muallimlar bilan yaqindan suhbat qurib, mavjud muammolarni hal etish ishlarini kuchaytirish topshirildi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari oldiga yangi baholash tizimi tatbiq qilinayotgan, lekin taʼmirga muhtoj 300 ta maktabni joriy taʼmirlash va jihozlash ishlarini olti oy muddatda yakunlash vazifasi qoʻyildi.
Bundan buyon hududlarning birinchi rahbarlari faoliyatiga baho berishda taʼlimning sifati, maktablardagi sharoit, oʻqituvchilarning qadr-qimmati asosiy mezonlardan biri boʻlishi belgilandi.
Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta-maxsus, oliy taʼlim va malaka oshirish tizimida yagona uzviy zanjirni yoʻlga qoʻyish uchun pedagogik taʼlim klasterlari tashkil etiladi.
Klaster tajriba-sinov tariqasida dastlab Andijon va Buxoro shaharlaridagi pedagogika kollejlarida barpo etiladi va hududlardagi pedagogika institutlari boshqaruvida boʻladi.
Andijon va Buxoro pedagogika institutlari bunga byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 25 milliard soʻmdan ajratadi.
Iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish tizimi yangi bosqichga olib chiqiladi. Buning uchun xalqaro darajada fan olimpiadalariga tayyorlash markazi tashkil etiladi.
Ragʻbatlantiriladigan xalqaro fan olimpiadalari soni 18 tadan 22 taga yetkaziladi.
Bunda nufuzli xalqaro olimpiadada oltin medal olgan oʻquvchiga – 170 million soʻm, kumush medalga – 102 million soʻm, bronza medal uchun – 68 million soʻm mukofot puli beriladi.
Shu bilan birga, ana shu oʻquvchilarning oʻqituvchilari 50 milliondan 150 million soʻmgacha mukofotlanib, ularga bir yilda 100 foizlik ustama olish imkoni yaratiladi.
Ilk bor xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan oʻquvchilar jamoasi rahbarlarini ham ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan farzandlarimizni tantanali kutib olib, ularni ham qahramonlar sifatida eʼzozlab, xalqimizga tanitish zarurligi taʼkidlandi.
Bu yil 14 ta maktabda pedagog kasbiga qiziqqan 10-11-sinf oʻquvchilari uchun alohida sinflar tashkil etildi.
Kelgusi oʻquv yilidan yana 60 ta maktabda, jumladan, 10 ta ixtisoslashgan maktabda bu tajriba joriy qilinadi.
Kelajakda ushbu sinflarni tamomlagan oʻquvchilar shu yoʻnalishdagi oliygohlarga kirsa, ularga 2-kursdan maktabga borib kasbiy mahoratini oshirishi uchun imkoniyat yaratiladi. Alohida qobiliyatga ega talabalarga dars oʻtgani uchun oylik ham toʻlanadi.
Prezidentimiz pedagogika yoʻnalishidagi oliygohlarda tahsil olayotgan iqtidorli talabalar uchun Abdulla Avloniy nomidagi stipendiyani tashkil etishni taklif qildi.
Sifatli taʼlimning ajralmas qismi boʻlgan tarbiya va odob-axloq jarayonlari zamonaviy yondashuv asosida yoʻlga qoʻyiladi.
Shu maqsadda Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti yangidan tashkil etildi.
Ushbu institutning tarbiya sohasidagi milliy anʼanalarni oʻrganish, tiklash va zamonaviy maʼnaviy-axloqiy tarbiya tizimini joriy qilish yoʻnalishidagi faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Yoshlarimizda gʻoyaviy immunitetni shakllantirishda kattalar ham ijtimoiy tarmoqlarda faol boʻlishi, bolalarimizga ijobiy taʼsir koʻrsatishlari kerakligi taʼkidlandi.
Mutasaddilarga ota-onalar, oʻqituvchilar va oʻquvchilar uchun tarbiyaga oid raqamli kontent yaratish topshirildi.
Ushbu kontent “Milliy tarbiya” elektron platformasiga va yetakchi ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilib, doimo yangilab boriladi.
Yoshlarni milliy ruhda tarbiyalashda madaniyat va sanʼat beqiyos ahamiyatga ega.
Madaniyat va sanʼat bilan oshno boʻlgan oʻquvchilar ezgulikning kuchini chuqur his etadi, ularda oʻziga ishonch paydo boʻladi.
Shu munosabat bilan musiqa oʻqituvchilarining kasbiy mahorati va koʻnikmasini oshirish, madaniyat va sanʼat tizimidagi oliygohlarda umumtaʼlim maktablari uchun musiqa oʻqituvchilarini tayyorlash zarurligi taʼkidlandi.
“Turon” teatrining ijobiy tajribasi asosida maktablarda “Iqtidor” havaskorlar badiiy jamoalarini tashkil qilish muhimligi aytildi.
Bu jamoalarga musiqa oʻqituvchilari rahbarlik qiladi. Musiqa maktablari esa joylarda tayanch maktabi sifatida ish olib boradi.
Prezidentimiz yana bir muhim masalaga eʼtibor qaratdi:
“Siz, hurmatli ustozlar maktab oʻquvchilaridan “Men qanday kasb egasi boʻlmoqchiman?” degan mavzuda insholar, yozma ishlar olasizlar. Lekin, oʻquvchilar yozgan ana shu ishlar tahlili bilan kimdir shugʻullanyaptimi?
Respublika va viloyat kesimida farzandlarimiz qaysi kasblarni eng koʻp tanlashmoqda?
Eng muhimi, bolalarimiz tanlayotgan kasblarga kelajakda mehnat bozorida talab boʻladimi oʻzi?”
Bolalarning yozma ishlarini chuqur tahlil qilib, ularning orzu va intilishlarini aniqlab, mustaqil hayotga toʻgʻri yoʻnaltirish asosiy vazifa boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
Mutasaddilarga maktab oʻquvchilari oʻrtasida turli mavzularda insholar, yozma ishlar tanlovlarini oʻtkazishni muntazam yoʻlga qoʻyish va ularning tahlili boʻyicha yangi tizim yaratish topshirildi.
Davlatimiz rahbari oʻquvchilarning kitobxonlik madaniyati doimo eʼtibor markazida boʻlishini taʼkidladi.
Oʻquvchilarda kitobga boʻlgan qiziqishni oshirish, ularga kitobxonlik madaniyatini singdirish uchun alohida tanlov oʻtkazib, gʻolib boʻlgan yoshlarga avtomobil sovgʻa qilish yoʻlga qoʻyilgan.
Mutasaddilarga bu ishlarni yanada ommalashtirish va kerak boʻlsa, eng olis qishloqdagi maktablarga ham yetkazish topshirildi.
Buning uchun maktablardagi maʼnaviyat xonasi va kutubxonasi zarur texnika va optik tolali Internet tarmogʻi bilan taʼminlanadi, barcha maktablarning Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi elektron portalidan foydalanishi tashkil etiladi.
Prezident yurtimizdagi barcha ota-onalar, ustoz va murabbiylarga murojaat qildi:
“Bizning dunyodagi eng aziz va moʻtabar xazinamiz – bu umrimiz guli va mevasi boʻlgan farzand va nabiralarimizdir.
Hech shubhasiz, barchamiz ularning kelajakda baxtli va saodatli insonlar boʻlib yashashini istaymiz. Lekin bunga erishish oson emas.
Ayniqsa, bugungi tahlikali davrda ezgu maqsadlarga yetish uchun insonga hushyorlik va ogohlik, qatʼiy iroda, yuksak bilim va keng dunyoqarash, zamonaviy kasb-hunarlar har qachongidan ham zarur.
Taʼlim va tarbiya – butun jamiyatning muqaddas ishidir! Barchamizdan doimo hamjihatlik, faollik va fidoyilikni talab etadigan hayot-mamot masalasidir.
Ezgulik, bilim va maʼrifatni qurol qilib, jaholat va yovuzlik yoʻlini toʻsaylik!
Farzandlarimizning baxti, yorugʻ kelajagi uchun, jonajon Vatanimiz istiqboli uchun mustahkam poydevor yarataylik!”
Yoshlar qalbida vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirishda sportchi murabbiylarimiz va harbiylarimiz ham faol boʻlishlari zarurligi taʼkidlandi.
Bugun zamonning oʻzi har birimizdan ona yurt himoyachisi, vatanparvar boʻlishni talab etmoqda.
Bunda ayniqsa mard va jasur serjant va ofitserlar, harbiy chaqiriqqa tayyorlash fani oʻqituvchilari oʻrnak boʻlishlari kerak.
Hozir maktablarda qariyb 10 ming nafar ana shunday oʻqituvchilar faoliyat koʻrsatmoqda. Afsuski, ularning aksariyatida harbiy sohadagi zamonaviy bilim va koʻnikmalar, ular uchun ish sharoiti talab darajasida emasligi qayd etildi.
Endi mana shu oʻqituvchilar Mudofaa vaziri tomonidan zaxiradagi harbiy xizmatchilar tarkibi orasidan tayinlanishi belgilandi.
“Shu borada, bir fikrni barchamiz chuqur tushunib olishimiz kerak. Vatanparvarlik tarbiyasi – bu faqat harbiy yoki taʼlim sohasi xodimlarining ishi emas. Bu – butun jamiyatning ishi.
Bu ishga butun jamoatchilikni faol jalb etmas ekanmiz, kutilgan natijaga erishish qiyin boʻladi.
Albatta, yoshlarimiz yaxshi shifokor, isteʼdodli olim, mohir IT bilimdoni, zoʻr tadbirkor boʻlishi mumkin.
Lekin, ular chinakam vatanparvar insonlar boʻlib voyaga yetmasa, oʻzingiz ayting, xalqimiz, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun ertaga kim masʼul boʻladi?
Shu bois, mahalla, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar tashkilotlari bu masalada oʻz faoliyat dasturiga ega boʻlishi zarur.
Yoshlarimiz ongiga barchamiz birgalikda “Men haqiqiy vatanparvar boʻlaman” degan gʻoyani chuqur singdirishimiz kerak”, - dedi Prezident.
Tarbiya borasida milliy sportimiz fidoyilari, xususan, jismoniy tarbiya oʻqituvchilariga koʻp narsa bogʻliqligi taʼkidlandi.
Afsuski, maktablardagi 33 ming nafar jismoniy tarbiya oʻqituvchisining kasbiy va jismoniy mahorati yetarli emas.
Mutasaddilarga bu oʻqituvchilar tarkibini faol va chempion sportchilar orasidan tanlov asosida toʻldirish, ularning kasbiy mahorati va malakasini Jismoniy tarbiya institutida oshirib borishni yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Maktablarda yoshlarni aqliy rivojlantirishda muhim oʻrin tutadigan shaxmatni ommalashtirish uchun alohida qaror loyihasi ishlab chiqiladigan boʻldi. Yoshlarimiz oʻrtasida bu sport turi yanada rivojlantiriladi.
Shundagina sport boʻyicha yaxlit tizim paydo boʻlib, maktablarda jismoniy tarbiya darslarining sifati oshadi, mahallarda ommaviy sport rivojlanadi.
Soʻng yurtimizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan maktab oʻqituvchilari va direktorlari oʻz fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdilar, taklif va tashabbuslarini aytdilar.
Yurtimiz maktab taʼlimi tizimida boʻlayotgan ijobiy oʻzgarishlar, oʻqituvchilik kasbi nufuzi va maqomini yanada yuksaltirish, ustoz va murabbiylarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish boʻyicha qilinayotgan keng koʻlamli ishlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdilar.
Prezident pedagoglar ilgari surgan tashabbuslarni chuqur oʻrganib, amaliyotga tatbiq etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
“Yana bir bor takrorlayman: najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Hammamiz koʻrib turibmiz: bugungi shiddatli zamon oldimizga qanday ogʻir va murakkab vazifalarni qoʻymoqda.
Ularni hal etish va ezgu maqsadlarimizga yetish uchun xalqimiz, avvalo, yoshlarimizni ilm-fan va taraqqiyot yutuqlari bilan qurollantirishimiz shart.
Bu yoʻlda men birinchi navbatda sizlarga ishonaman, sizlarning katta bilim va tajribangiz, pedagogik mahoratingizga, noyob insoniy fazilatlaringizga tayanaman”, - dedi Prezident soʻzining yakunida.