28 Noyabr 2024 Yil 484

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishni koʻpaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishda tomorqa, koʻchalar, dala chetlari va kanal-kollektorlar atrofidagi yerlarda oziq-ovqat va daromadli ekinlarni ekib, aktivga aylantirish masalalari muhokama qilinmoqda.


Davlatimiz rahbari shu paytgacha paxta va gʻalla yerlarining 260 ming gektari oziq-ovqat yetishtirish uchun ajratilgani, kecha yana 104 ming gektar ajratishga ruxsat berilganini taʼkidladi.


Oziq-ovqat eksporti oʻtgan yilga nisbatan 370 million dollarga (1,2 barobar) oʻsib, 2 milliard dollardan oshdi.


Oʻzbekiston oʻrik eksporti boʻyicha dunyoda 3-oʻringa, gilos va shaftoli boʻyicha 6-7-oʻringa, mosh va boshqa dukkakli mahsulotlar boʻyicha 10-oʻringa chiqdi.


Birgina gilos 16 ta mamlakatga eksport qilinmoqda. Har hafta 3-4 tonna uzum AQSHga yetkazib berilmoqda. 


Eksport Qoraqalpogʻiston va Jizzaxda 2,2 barobar, Xorazmda 1,8 barobar va Surxondaryoda 1,6 barobar koʻpaydi.


Ijobiy natijalar bilan birga, Prezident taʼkidlaganidek, ayrim viloyat, tuman hokimlari, qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosarlar ishni toʻgʻri tashkil qilmagani uchun mahsulot va eksport hajmida katta oʻzgarish sezilmayapti. 


Yeri boshqalardan karra-karra koʻp boʻlgan Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida oʻsish ularning imkoniyati va sharoitiga mutlaqo mos emasligi qayd etildi. Buxoro va Sirdaryo viloyatlarining eksporti oʻtgan yilgi koʻrsatkichga yetmayapti.


Shuningdek, 64 ta tumanda eksport oʻtgan yilga nisbatan kamaygan boʻlsa, shundan 17 tasida 50 foizga ham yetmagan. 


Hokimlar bugun dunyodagi ogʻir vaziyatni hisobga olib, har kuni izlanib, yangi-yangi imkoniyatlar topib, ishga solishi shartligi haqida ogohlantirildi.


Yigʻilishda dala chetlariga ekin ekish holati tanqidiy koʻrib chiqildi.


Masalan, Qoraqalpogʻistonda dala chetidagi 2,1 ming gektar, Fargʻonada 1,2 ming, Samarqandda 826, Buxoroda 784, Qashqadaryoda 247 gektar yerlar ishlatilmasdan yotgani koʻrsatib oʻtildi. 


Baʼzi joylarda dehqonlarga sifatsiz urugʻ sotilgan, zararkunandaga qarshi berilayotgan dorilar ham talabga javob bermaydi.


Shu munosabat bilan Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻsimliklar karantini agentligiga hokimlar, eksportchi, tajribali klaster, kooperatsiya va fermerlar bilan birgalikda oziq-ovqat ekinlarining urugʻi, koʻchati, dorisi, oʻgʻiti boʻyicha ishlashning yangi tizimini ishlab chiqish topshirildi.


Dala chetidan samarali foydalanayotgan tadbirkorlar ham koʻpayib borayotgani taʼkidlandi.


Masalan, Asakadagi fermer xoʻjaligi dala chetidagi 3 gektarda 10 ming dona tut, terak va tok ekib, besh yildan keyin 700 million soʻm daromad koʻrgan. “Samarqand qulupnay” korxonasi Qoʻshrabot, Jomboy, Bulungʻurdagi 6,5 ming aholiga 3 million olcha koʻchatini bepul tarqatib, dala chetida ektirishni yoʻlga qoʻydi. 


Yil yakunigacha dala chetlaridagi 650 ming, aholiga berilgan 364 ming gektarni eksportchi-tadbirkorlarga biriktirish topshirildi. 


Endilikda tomorqa, ichki koʻchalar, dala chetlari va kanal-kollektorlar atrofidagi yerlarda daromadli ekinlar ekish va ularni eksport qilishga Oʻsimliklar karantini va himoya agentligi masʼul boʻlishi belgilandi. 


Viloyat hokimlaridan ham bu borada soʻrov qattiq boʻlishi qayd etildi.


Bu ishlarga faol kirishgan aholi, fermer va klasterlarga katta yengilliklar berilishi taʼkidlandi.


Dala chetini samarali ishlatgan fermerlarga tadbirkorlar reytingini hisoblashda qoʻshimcha ball beriladi, ichki fitosanitar sertifikati bir yil davomida bepul beriladi. Fermerlarga barcha yerlari uchun yer soligʻini ikki yilga boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi.


“Oilaviy tadbirkorlik” dasturidagi 100 million soʻmgacha boʻlgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi.


Shu bilan birga, dala cheti hisobi, nima mahsulot yetishtirilgani va qancha mahsulot olingani “e-Fito” portali orqali nazorat qilib boriladi.


Shuningdek, har bir mahallada kamida 100 tadan xonadonga limon, uzum koʻchati tarqatish, koʻchalar va koʻp qavatli uylar atrofida aholining tashabbuslari asosida kamida 10 million tup uzum ekish muhimligi taʼkidlandi.


Sayxunobod tajribasi asosida 164 ta qishloq tumanlarining 4 tadan mahallasiga minitexnika berilishi belgilandi. Kim minitraktorda xizmat koʻrsatsa, oʻzini oʻzi band qilgan boʻladi va ularga mamlakatimizda chiqadigan texnika uchun 30 million soʻmgacha garovsiz kredit beriladi.


Meva-sabzavotni qayta ishlash Qoraqalpogʻiston, Navoiy, Xorazm, Sirdaryo va Jizzaxda respublika koʻrsatkichidan pastligi qayd etildi. Angor, Uzun, Hazorasp, Xonqa, Ulugʻnor, Kegeylida birorta meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatlari yoʻq.


Bunga xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablagʻlar ishlatilmasdan yotgani, ayrim hududlar birorta loyiha taklifini bermaganiga eʼtiroz bildirildi.


Mutasaddilarga ushbu mablagʻni samarali ishlatish boʻyicha loyihalar portfelini shakllantirib, amaliy ishga oʻtish topshirildi.


Eksport yil davomida boʻlishi uchun 51 ta tumanda “shok” usulida muzlatish tizimini yaratish rejalashtirilgan edi. Lekin bunday loyihalarni qilaman degan 76 ta tadbirkorning 20 tasiga yer ajratish masalasi hal boʻlmagan.


Qishloq xoʻjaligi vazirligiga keyingi yilda 76 ta shunday loyihani toʻliq ishga tushirish topshirildi.


Pishiqchilik davrida narx tushib ketishi oqibatida Surxondaryoda karam, lavlagi, Jizzaxda piyoz hosili, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryoda tarvuz hosili oxirigacha yigʻib olinmagani koʻrsatib oʻtildi.


Ehtiyojdan ortgan hosilni quritib, ozuqaviy qoʻshimcha shaklida eksport qilish mumkinligi, bunga oziq-ovqat sanoati korxonalarida talab kattaligi taʼkidlandi.


Kelgusi yilda “shok” usulida muzlatish, ozuqa qoʻshimchasi tayyorlash boʻyicha 100 million dollarlik 50 ta loyihani ishga tushirish muhimligi qayd etildi.


Sanoatlashgan bogʻ-tokzorlarda 20 sotixgacha maydonda kichik muzlatkich, saralash va qadoqlash sexlarini qurishga ruxsat berilgan.


Mutasaddilarga intensiv bogʻlarda bunday sexlar uchun joylarni belgilash, kelgusi yilda 500 ming tonnali quvvatlarni yaratish boʻyicha hisob-kitob qilib, tumanlar boʻyicha ishni boshlash topshirildi.


Joriy yil yakunigacha jami quvvati 57 ming tonna boʻlgan 10 ta agrologistika markazi, 230 ming tonnalik sovutkichli omborxonani ishga tushirish chora-tadbirlari belgilab olindi.


Viloyat hokimlariga yil yakunigacha 14 ming, kelgusi yili 29 ming gektar sanoatlashgan intensiv mevali bogʻ va tokzorlarni barpo etish topshirildi.


Bundan tashqari, Qoʻrgʻontepada 300 gektar, Fargʻona tumanida 200 , Pop, Yangiqoʻrgʻon va Ohangaron tumanlarida 100 gektardan sanoatlashgan intensiv bogʻ va tokzorlar tayyor holda tadbirkorlarga berilishi belgilandi.


Texnik jihatdan tartibga solish va Oʻsimliklar karantini agentliklariga eksportga yuborishda har bir meva-sabzavot turi boʻyicha alohida texnik standartlarni ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.


Hozirda atigi 10 ta tumandagi 3 ming 900 gektar maydonda organik sertifikat mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.


Jahon bozorida organik mahsulotlar narxi anʼanaviy mahsulotlardan 2-3 karra qimmat.


Masalan, Nukus tumanidagi tadbirkor 50 gektar yerda organik pomidor yetishtirib, quritib Yevropaga 6 dollardan eksport qilayapti (anʼanaviy pomidor 1 dollardan kam). Yoki, Toshkent shahridagi korxona Kattaqoʻrgʻon va Chimqoʻrgʻon suv omborlari atrofidagi 400 gektarda organik mosh, loviya, yeryongʻoq yetishtirayapti.


Mutasaddilarga organik maydonlarni 2025-yilda 10 ming gektarga, kelgusi uch yilda 100 ming gektarga yetkazish topshirildi.


Endilikda organik maydon tashkil qilgan fermer va dehqonlarga yerni lazer bilan tekislash xarajati davlat tomonidan qoplab berilishi, “Organik”, “Global Gap”, “Halol”, “Kosher” kabi sertifikatlarni olish xarajatlari uchun subsidiya ajratilishi, yirik savdo tarmoqlarida organik mahsulotlar uchun alohida rastalar tashkil etilishi belgilandi.


Banklar balansiga olingan issiqxona, qayta ishlash sexlari, muzlatkichli omborlar uzoq vaqt ishlatilmasa, yaroqsiz ahvolga kelishi qayd etildi.


Shu bois ushbu korxonalarni tajribali tadbirkorlarga uch yil muddatga ishonchli boshqaruvga berish taklif etilgan. Ijobiy natija koʻrsatgan tadbirkorlarga bu mulklar 10 yilda boʻlib toʻlashga beriladi.


Qishloq xoʻjaligi texnikalarini lizingga yetkazib berish tizimini issiqxonalar uchun ham joriy qilish zarurligi taʼkidlandi.


Oʻmon Sultonligining yirik savdo tarmoqlarida Oʻzbekiston mahsulotlari uchun alohida rasta ajratilib, ilk bor gilos, shaftoli va oʻrik eksporti yoʻlga qoʻyildi. Ushbu tajribani Malayziya, Saudiya Arabistoni, Arab Amirliklari, Qatar, Singapur, Koreya, Yaponiya va Yevropada kengaytirish muhim ekani aytildi.


Ushbu davlatlarda savdo yarmarkalarini birinchi marta tashkil qilish xarajatlari qoplab berilishi taʼkidlandi.


Yigʻilishda hokimlar tomonidan eksportni bajarish uchun boshqa viloyatdan kelgan tadbirkorlarga toʻsqinlik qilish hollari haligacha uchrayotgani koʻrsatib oʻtildi. Oqibatda xaridori va mablagʻi tayyor eksportchilar mahsulotsiz qolib ketayapti.


Bundan buyon eksport jarayonida fitosanitar sertifikatda mahsulot yetishtirilgan hudud majburiy koʻrsatiladigan tizim boʻlishi eʼlon qilindi. Shunda eksportchilarimiz sunʼiy toʻsiqlarga uchramaydi.


Masʼul idoralarga bojxona va karantin maʼlumotlar bazasini integratsiya qilib, bu tizimni ishlatish topshirildi.


Kun tartibidagi asosiy masalalardan tashqari davlatimiz rahbari atrof-muhit mavzusiga ham toʻxtaldi. 


Mutasaddi rahbarlar Andijon, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha 1,3 milliard dollarlik loyihalarni tezlashtirish boʻyicha ishlar qanday olib borilayotgani yuzasidan hisobot berdi.


“Yashil makon” umummilliy harakati doirasida hududlarda ishlar qay darajada tashkil etilayotgani tahlil qilindi va tegishli topshiriqlar berildi. 


Shuningdek, vazirlar, hokimlar va tarmoq rahbarlarining masʼuliyatini kuchaytirish, barcha topshiriqlarning soʻzsiz ijrosini taʼminlash, nazorat tizimini takomillashtirish masalalari koʻrib chiqildi.


Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi uchun masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlarning hisobotlari, tadbirkorlarning fikrlari tinglandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech