23 Sentyabr 2024 Yil 762

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boshlandi.


Kun tartibidagi asosiy masalalarga oʻtishdan oldin davlatimiz rahbari kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish masalalariga toʻxtaldi.


Prezident kuni kecha imzolagan 2 ta muhim hujjatga muvofiq, shu yilning oʻzida 500 ming, kelgusi yilda yana 1 million odamni kambagʻallikdan chiqarishga qaratilgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi boshlanmoqda.


Bu dasturni amalga oshirish uchun Bandlik vazirligi faoliyatida keskin oʻzgarish qilib, yangi bosqichga koʻtarish zarurligi taʼkidlandi.


Shu munosabat bilan Botir Zohidov kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga tasdiqlangani maʼlum qilindi. 


Bu vazirlik faoliyati ham mutlaqo boshqacha boʻlishi koʻrsatib oʻtildi. Mahallabay agentligi tugatilib, uning barcha vazifalari hamda hokim yordamchilari Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga oʻtadi.


Davlatimiz rahbari mamlakatimiz oldida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida ochilayotgan ulkan imkoniyatlarni toʻliq ishga solish zarurligini taʼkidladi.


Shu munosabat bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Hukumat boʻysunuviga oʻtkaziladi va Bexzod Musayev unga rahbar etib tayinlanadi.


Agentlikka fuqarolarimizning xorijdagi yuqori daromadli mehnat bozorlariga kirishi boʻyicha boshlangan ishlarni jadallashtirish topshirildi. Hokimlar va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz taqdiri uchun agentlik bilan tengma-teng javobgar boʻlishi belgilandi.


Kambagʻal oilalarga dehqonchilik va bogʻdorchilik uchun 50 ming gektar yer ajratish chora-tadbirlari koʻrib chiqildi.


Qishloq xoʻjaligi vazirligi va hokimliklarga yana qoʻshimcha 50 ming gektar yer topish, ular negizida 200 ming oilani daromadli qilib, kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish topshirildi.


Soʻx, Baxmal, Pop, Ohangaron tumanlarida sanoatlashgan “in-vitro” bogʻlar yaratish tajribasini butun respublikaga yoyish zarurligi qayd etildi.


Bunda, “ipoteka bogʻlari” yaratilib, hosilga kirganidan keyin odamlarga 5 yilda boʻlib toʻlash sharti bilan lizingga beriladi.


Bogʻ yarataman, degan tadbirkorga yerni arzon krediti va tayyor loyihasi bilan birga beradigan tizim boʻladi.


Ushbu tizimni yoʻlga qoʻyib, shu yilni oʻzida 14 ming, kelgusi yil 29 ming gektarda mana shunday bogʻ va tokzorlar tashkil qilish vazifasi qoʻyildi.


Yigʻilishda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari rivojlanishiga katta impuls beradigan sohalardan biri – qurilish ekanligi taʼkidlandi.


Masalan, Oʻzbekistonda yiliga 150 trillion soʻmlik qurilishlar boʻlayapti. Bu mablagʻlarning uchdan birini qurilish materiallari tashkil etadi. 


Xarajatlarning qolgan qismi elektrotexnika, mashinasozlik, toʻqimachilik, kimyo, metallni qayta ishlash sanoatlari, qurilish texnikalari, qurish-pardozlash, loyihalash va dizayner xizmatlariga toʻgʻri keladi.


Sodda qilib aytganda, qurilish – minglab oddiy ishchilarni band qilishdan tortib, loyihachi, arxitektor, dizayner, muhandis-texnolog kabi yuqori maosh oladigan kreativ sanoat mutaxassislariga talabni shakllantiradigan soha.


Mamlakatimizda soʻnggi yetti yilda qariyb 100 milliard dollarlik qurilish ishlari bajarilib, bu borada katta tajriba orttirilgani taʼkidlandi.


Lekin iqlim oʻzgarishi, energiya va tabiiy resurslar tobora tanqis boʻlayotgani, demografiya va ekologiya masalalari butun dunyoda qurilish industriyasida har kuni yangi yondashuv va yangi yechimlarni taqozo qilmoqda.


Masalan, hozirgi loyihalar faqat binoni oʻzini qurish bilan cheklanmasdan, avtoturargohi, yashil hududi, maktab-bogʻchasi, sport va xizmat obyektlari qanday boʻladi, degan savollarni ham kompleks qamrab olishi kerak. 


Davlatimiz rahbari bu borada hali qiladigan ishlar juda koʻpligini koʻrsatib oʻtdi.


Ayniqsa, bizni sharoitda tannarx, sifat va qurilish madaniyati eng dolzarb masala boʻlib qolmoqda.


Yigʻilishgacha 400 ga yaqin ishlab chiqaruvchi, quruvchi va loyiha tashkilotlarining fikri oʻrganildi. Ularning koʻpchiligi sohadagi byurokratiya va ortiqcha xarajatlar, mahsulotlar tannarxi va sifatiga eʼtiroz bildirgan.


Tadbirkorlarga toʻgʻri sharoit yaratib berilsa, ularning oʻzi shaffof ishlashdan manfaatdor.


Tadbirkorlar reytingi joriy qilingandan keyin, 11 mingta quruvchi va ishlab chiqaruvchi quyi oʻrindan yuqori va oʻrta oʻringa koʻtarildi. 


Ulardagi 90 mingta ish oʻrni “soya”dan chiqdi, oʻrtacha oylik 1,4 barobar oshdi.


Lekin, sohada “yashirin iqtisodiyot” yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi.


Soʻnggi yetti yilda qurilish materiallari sohasiga 9 milliard dollar investitsiya kiritilib, 5 mingga yaqin yangi korxona ishga tushdi, 94 mingta doimiy ish oʻrni yaratildi.


Ishlab chiqarish 2 karra oʻsdi, yillik aylanmasi 100 milliard soʻmdan oshgan korxonalar 150 tadan oshdi.  Soʻnggi besh yilda qurilishlar hajmi ham 2 baravar koʻpaydi. 


Shu bilan birga, 650 million dollarlik yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish hisobiga qurilishdagi import ulushini 31 foizdan 25 foizga tushirishga erishildi. Qurilish materiallari eksport bozori ham 58 taga yetdi, xorijda 20 dan ortiq savdo omborlari, 50 dan ziyod savdo doʻkonlari ochildi.


Lekin, salohiyati, mahsulotiga bozorda talab yuqori boʻlgan ushbu soha uchun bu koʻrsatkichlar kamligi koʻrsatib oʻtildi.


Birgina qoʻshnilarimizning oʻzi bizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan 2 milliard dollarlik qurilish materiallarini boshqa davlatlardan import qilayapti.


Bizda haligacha lak-boʻyoq, gulqogʻoz, PVXdan quvur va fitinglar, pol qoplamasi, pardozbop tosh, santexnika kabi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan tovarlar import boʻlmoqda.


Bazalt xomashyosi qayta ishlanib, qurilishda keng qoʻllanayotgani hisobiga yangi uy-joy va ijtimoiy obyektlarda energiya sarfi 20 foizgacha kamaygani taʼkidlandi.


Biroq qurilishda bazaltdan tashqari quyosh nurini qaytaruvchi oyna, fibro tolali panel, vermikulit aralashmasi kabi materiallarni ishlatib, energiya sarfini yana 2 baravar qisqartirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.


Hozir qurilishda talab yuqori boʻlgan quyoshni qaytaruvchi indiy, alyuminiy yoki rux plyonkasi bilan qoplangan maxsus oynalar ishlab chiqarish haligacha yoʻlga qoʻyilmagan.


Bu borada Quvasoydagi “Kvars” korxonasi 20 million dollar investitsiya kiritib, yillik 5 million kvadrat metr bunday oyna ishlab chiqarish tashabbusini bildirmoqda.


Prezident bu loyihani maʼqullab, mutsaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.


Yana bir misol – binolarning fasad qismida fibro tolali paneldan foydalanib, energiya sarfini yana 10 foizga kamaytirish mumkin.


Muhimi, fibro tolali panellar narxi olovga chidamli boshqa fasad qoplamalariga nisbatan 20 foizgacha arzon.


Bu mahsulotni ishlab chiqarishda asosiy komponent hisoblangan – sement va boyitilgan qum oʻzimizda yetarli.


Mutasaddilarga bunday energiya tejamkor zamonaviy qurilish materiallari loyihalarini koʻpaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.


“Sanoat ipotekasi” asosida avtoklav gazobeton, fibrotsement panel, geotekstil, bazalt kabi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha 170 million dollarlik 7 ta loyihani ishga tushirish topshirildi.


Qurilish materiallari ishlab chiqarish ikki yilda 1,2 karra oshgan boʻlsa-da, koʻrilgan choralar hisobiga energiya sarfi 1,3 barobar, energiya sigʻimi 1,6 barobar kamaydi.


Bugungi kunda ilgʻor xorijiy korxonalar ishlatib boʻlingan issiqlik energiyasidan qayta foydalanish orqali elektr ishlab chiqarish texnologiyasini faol qoʻllamoqda.


Misol uchun, Navoiydagi “Qizilqumsement” pechlarni, issiqlik almashish uskunalarini rekonstruksiya qilib, yiliga 37 million kilovatt soat elektr iqtisod qildi.


Mutasaddilarga energiya sarfi yuqori boʻlgan 34 ta korxonada 1-noyabrgacha energoauditni yakunlab, yiliga 300 million kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilishni taʼminlash topshirildi.


Qurilish materiallari uyushmasi qoshida Koreya namunasi asosida sinov laboratoriyasini tashkil qilish zarurligi qayd etildi.


Laboratoriyada energiya samarador, yuqori qoʻshilgan qiymatli issiqlik saqlovchi materiallar, sanfayans, lak-boʻyoq, keramika, PVX mahsulotlari hamda xomashyo sifatini tekshirish yoʻlga qoʻyiladi.


Ekologik muvozanatni tiklash maqsadida daryo oʻzanlarini qazishga moratoriy joriy etilgan. Shu munosabat bilan muqobil xomashyo bazasini yaratish boʻyicha topshiriq berilgan.


Respublika boʻyicha 135 ta qum-shagʻal uchastkalari aniqlanib, hozirgacha ulardan 40 tasi auksionga chiqarildi. Qolgan 95 ta uchastkalarni auksionga chiqarish bilan bogʻliq masalalarni hal qilish topshirildi.


Yil yakunigacha Olmaliq kombinatida yigʻilgan uyumlarni qayta ishlovchi sanoat maydonini tashkil etib, yiliga qoʻshimcha 3 million kub metr qum-shagʻal yetkazib berish yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.


Davlatimiz rahbari joylarda noruda konlardan noqonuniy yoki samarasiz foydalanish holatlari koʻpayib borayotganini qayd etdi.


Oʻtgan yili 6 million kub metr noqonuniy qazilma aniqlanib, ulardan 17 milliard soʻm qoʻshimcha soliq undirilgan.


Marksheyder mutaxassislar yetarli boʻlmagani uchun yer qaʼridan foydalanuvchilarni atigi 36 foizi monitoring qilinmoqda.


Nazoratni kuchaytirish maqsadida noruda qazilmasidan tushumning 3 foizi Soliq qoʻmitasi jamgʻapmaciga yoʻnaltiriladi. 


Qoʻmitaga buning hisobiga har bir hududda kamida 2 ta marksheyderni jalb qilish, zamonaviy videokuzatuv va oʻlchash uskunalarini oʻrnatib, taʼsirchan nazoratni taʼminlash topshirildi.


Soʻng Prezident qurilish materiallari tarmogʻida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot qildi. Mutasaddilarga aytilgan fikr va tashabbuslarni puxta oʻrganib, tegishli takliflarni kiritish topshirildi.


Yigʻilishda kun tartibidagi ikkinchi masala – qurilish industriyasidagi ishlar ahvoli tahlil qilindi.


Dunyoda qurilish industriyasi kun sayin rivojlanayotgani, zamonaviy loyiha yechimlari, yangi texnologiya va yondashuvlar amaliyotga shiddat bilan kirib kelayotgani taʼkidlandi.


Soʻnggi yillarda mamlakatimizda qurilish hajmi yiliga oʻrtacha 7-8 foiz oʻsgani bilan haligacha eski norma, standart va yondashuvlar saqlanib qolayotgani koʻrsatib oʻtildi.


Sohaga yuqori texnologiya, ilm va innovatsiyani joriy qilish ishlari bugungi kun talabiga mos kelmasligi qayd etildi.


Masalan, shaharsozlik normalari va qoidalarining 38 tasi roʻyxatdan oʻtmagan, yana 13 tasi yangilanmagan.


Shu bois quruvchilar zamonaviy obyekt qurishda loyihaga maxsus texnik shart olish uchun qoʻshimcha vaqt va mablagʻ sarflamoqda, bu esa tannarxga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.


Qurilishdagi oʻzgarishlardan orqada qolib ketmaslik uchun SHNQlarni muntazam yangilab borish kerakligi taʼkidlandi.


Shu munosabat bilan Qurilish va Adliya vazirliklariga bir oyda 38 ta SHNQni roʻyxatdan oʻtkazib, amaliyotga joriy qilish, 1-martga qadar 16 qavatdan yuqori binolar, savdo kompleksi va parkinglar boʻyicha milliy normalarni hamda yana 13 ta SHNQni ishlab chiqish topshirildi.


Yil yakunigacha 16 qavatdan yuqori binolar qurish boʻyicha Toshkent arxitektura-qurilish universiteti qoshida alohida Konstruktorlik byurosi tashkil qilinishi belgilandi.


Oʻtgan yili hokimlarga xususiy sektorni jalb qilib, “master reja” ishlab chiqishga ruxsat berildi. Bundan maqsad – kichik hududlarni belgilab, uy-joy qurish, turizm, savdo va servisni rivojlantirsa boʻladigan joylarga tadbirkorlarni jalb qilish edi.


Bu borada Buxoro, Navoiy viloyatlaridagi 85 ta hududning “master rejasi”ni ishlab chiqish boshlangan. Lekin, qolgan viloyatlar hali masalani ichiga kirmagani tanqid qilindi.


Shu bois, viloyat hokimlariga yil yakunigacha kamida 10 tadan hududining “master reja”sini ishlab chiqish topshirildi. 


Bundan tashqari, 106 ta tuman-shaharda 136 ta “master reja” qilish boʻyicha topshiriq berilgan. Hozirgacha shundan 21 tasi ishlab chiqilgani, Andijon va Xorazmda esa birorta “master reja” tayyormasligi koʻrsatib oʻtildi.


Qoloqliklarni tezkor bartaraf etish boʻyicha viloyat hokimliklariga vazifa qoʻyildi.


Oʻtgan yili 1 ming 600 ta obyekt qurilishi roʻyxatdan oʻtkazilmasdan boshlangan boʻlsa, yil boshidan 2 ming 200 taga yetgan.


Bundan tashqari, qurilish obyektlari toifasiga qarab oyiga kamida 2-4-marta nazoratdan oʻtkazilishi zarur. Lekin 8 oy ichida 1 ming 150 ta obyektga inspektor bir marta borgan.


Oqibatda joylarda pala-partish qurilish koʻpayib, aholi eʼtiroziga sabab boʻlayapti. 


Qurilish vazirligi, Qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi, Bosh prokuraturaga qurilishda byurokratik toʻsiqlar va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini kuchaytirish topshirildi.


Qurilish inspeksiyasining hududiy boshqarmalarida quruvchi-operatorlar shtabi tashkil qilinishi belgilandi.


Nazorat inspektorlari bodikamera bilan taʼminlanadi.


Davlat hisobidan qurilayotgan har bir obyektga toifasiga qarab kamida 2 tadan videokamera oʻrnatiladi. Ular operatorlar shtabiga maʼlumotlarni onlayn yuboradi.


Shuningdek, noqonuniy qurilishlar boʻyicha mahalla raislari va jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.


Endilikda har bir qurilayotgan obyekt oldida QR kodli pasporti chiqarib qoʻyiladi, istalgan odam bu orqali hududda qanday obyekt qurilayotgani, qachon ruxsat olingani, kim qurishi, qachon ishga tushishi kabi maʼlumotlar olishi mumkin boʻladi.


Agar QR kodli pasport boʻlmasa, qurilish noqonuniy hisoblanadi.


Davlat obyektlarini loyihalash va qurishda haligacha “resurs” usulidan foydalanilayotgani qayd etildi.


Kelasi yil 1-yanvardan qurilishda “resurs” usulidan voz kechib, “hajm” usuliga oʻtish rejalashtirilgan.


Lekin bu tizimni ishlatish tartibi haligacha tasdiqlangani yoʻq. Vazirlar Mahkamasiga bu jarayonni tezlashtirish topshirildi.


Mutasaddilarga oʻquv kurslarini tashkil qilib, loyihachi, pudratchi va nazoratchilarni yangi tizimda ishlashga oʻqitish, kelgusi yil investitsiya dasturiga kiradigan 1 ming 300 dan ziyod obyekt “hajm” usulida qurilishini taʼminlash topshirildi.


Prezidentimiz har bir viloyatda tashkil qilingan Shaharsozlik kengashlari faoliyati boʻyicha ham eʼtirozlar koʻpligini taʼkidladi.


Kengashga kiritilgan loyihalarni koʻrib chiqish va kelishish 6 oygacha choʻzilmoqda. Loyihalar Shaharsozlik kengashiga kiritilishdan oldin tumandagi Sanepidnazorat va yongʻin xavfsizligi bilan kelishiladi. Vaholanki, ularning rahbarlari kengash tarkibida oʻtiribdi.


Kengashda rad qilingan loyihani qayta kiritish uchun “SES” va yongʻin xavfsizligi bilan boshqatdan kelishish majburiy.


Oqibatda quruvchi va loyihachilar bunga 2 karra pul toʻlab, yana 2-3 oy yoʻqotayapti.


Endilikda Shaharsozlik kengashlari faoliyati bilan bogʻliq jarayonlar toʻliq raqamlashtiriladi.


Bunda barcha loyihalar kengashga “Shaffof qurilish” platformasi orqali elektron kiritiladi. Loyiha hujjatlari boʻyicha “SES” va yongʻin xavfsizligi tuman boʻlimidan alohida xulosa olish bekor qilinadi.


Kengash aʼzolari loyihani quyi tizimi bilan shu platformada elektron kelishadi, loyihani koʻrib chiqish muddati 15 kundan oshmasligi zarurligi taʼkidlandi.


Ushbu tartibni 1-dekabrdan Toshkent shahrida, kelgusi yil 1-apreldan qolgan viloyatlarda joriy qilish topshirildi.


Uy-joy qurib berishni vaʼda qilgan quruvchi va bunga pul tikkan aholi oʻrtasida nizolar koʻpayib borayotgani qayd etildi. Bunday noinsof quruvchilarga aldanib, odamlar ham uysiz, ham pulsiz qolmoqda.


Shu bois Prezident topshirigʻiga asosan qurilish vaziri boshchiligidagi ishchi guruhi xorijiy tajribani oʻrgandi.


Endilikda uy-joy sotib olish boʻyicha kafolatli eskrou tizimi joriy qilinadi. 


Bunda developerlar oʻzlari qurayotgan uylar sotuvini tashkil qilish boʻyicha banklar bilan shartnoma tuzadi, bu uylarni olmoqchi boʻlgan odamlar pulini quruvchiga emas, toʻgʻridan-toʻgʻri bankka topshiradi. 


Banklar esa yigʻilgan pulni quruvchiga resurs sifatida beradi. Shunda banklar quruvchi va xaridor oʻrtasida koʻprik boʻlib, uy-joyni oʻz vaqtida va sifatli qurib, egasiga topshirishga kafil boʻladi.


Yangi tizim Samarqand shahri, Yangihayot va Sergeli tumanlarida bir yil davomida tajribadan oʻtkazilishi belgilandi.


Hozirda qurilish korxonalarida 300 mingga yaqin odam mehnat qilmoqda. 


Ularning malakasini oshirish, oʻqitish masalasi dolzarb boʻlib turibdi. Shu munosabat bilan sohadagi ishchilar malakasini baholaydigan tizim joriy qilish zarurligi taʼkidlandi.


Bunda ishchi-kasblarga malaka darajasi va ish oʻrinlariga aniq talablar belgilanadi, bu darajani olish uchun ishchilar proftaʼlim muassasalarida oʻqitiladi.


Ishni mustaqil yoki shogird sifatida oʻrganganlarga sertifikat olish uchun malaka imtihonidan oʻtishi kifoya qiladi


Sertifikati bor ishchilari soniga qarab, reyting tizimida pudratchilarga 15 ballgacha qoʻshimcha ball beriladi. Xuddi shu tizim loyiha tashkilotlari uchun ham boʻladi.


Soʻng davlatimiz rahbari qurilish va loyihalashtirish sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar rahbarlari bilan muloqot qildi.


Soʻzga chiqqanlar qurilish obyekti hududida ishchilarning vaqtincha yashashi uchun sharoit yaratish, qurilish ishlariga qoʻshimcha ishchi kuchini jalb qilish jarayonini soddalashtirish, loyihalash tashkilotlari reytingini hisoblashda xizmatlar eksportini ham inobatga olish va boshqa takliflarni ilgari surdi.


Davlatimiz rahbari mutasaddilarga aytilgan tashabbuslarni chuqur oʻrganib, joriy etish boʻyicha taklif kiritishni topshirdi.


Yigʻilish davomida tarmoqlar va hududlarning hisobotlari tinglandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech