Prezident raisligida mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha qilingan ishlar sarhisobi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boshlandi.
Bank xizmatlarining mahalla darajasigacha tushirilgani yaxshi natija berayotgani qayd etildi. Ayniqsa, Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvonda tadbirkorlik muhiti tubdan oʻzgardi, odamlar daromadi oshdi, ertangi kunga ishonch paydo boʻldi.
Xususan, Uychi tumanida banklar 3 ming 200 ta faol mijoz bilan ishlab, muammolarni hal qilib bergani uchun 9 ming odam doimiy ishli boʻldi. Kambagʻallar soni 6 mingga kamaydi.
Sayxunoboddagi 3 ming 200 ta xonadonda loyihalar ishga tushirildi, 12 ming odam oʻz tomorqasida daromad topishni oʻrgandi. Zarbdorda 13,5 ming, Gʻijduvonda 28 ming ish oʻrni yaratildi. Buning hisobiga qoʻshimcha 10,5 ming aholi kambagʻallikdan chiqarildi.
Umuman, yil boshidan ushbu 4 ta tajriba doirasida 3 million 300 ming aholi doimiy daromadga ega boʻldi. Muhimi, xonadonlarning oylik daromadi 7,5 million soʻmdan 10,5 million soʻmga oshdi.
Bundan tashqari, Xoʻjayli, Asaka, Vobkent, Bulungʻur, Yangiyer, Qoʻshtepa, Shovot kabi 57 ta tumanda hokimlar, banklar, hokim yordamchilari birgalikda ishlagani uchun ishsizlik 5 foizdan pasaydi.
Yigʻilishda ayrim rahbarlar “bu vaqtincha, bir-ikki yilda oʻtib ketadi” degan kayfiyatda yurganiga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Bu borada sustkashlik va masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan iqtisodiy kompleksdagi 297 nafar rahbar ishdan olindi. Ular oʻrniga zamonaviy fikrlaydigan, yangi tajriba yaratib, odamlarimizni rozi qilaman degan tashabbuskor yoshlar ishga olindi.
“Qatʼiy ogohlantiraman – mahallaga tushib, odamlarimiz va tadbirkorlar muammosini hal qilmagan rahbar ishlamaydi. Hamma oʻzgarishi kerak.
Koʻrib turibsizlar, har daqiqa dunyodagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat qiyinlashib, yangi-yangi tahdidlar paydo boʻlayapti. Ularga bugun javob topmasak, keyin kech boʻladi”,
- dedi davlatimiz rahbari.
Bugungi yigʻilishga tayyorgarlik doirasida 2025-yilda 5 milliondan ziyod aholini daromadli qilish, 1,5 million odamni kambagʻallikdan chiqarish mahallabay hisob-kitob qilingan.
Bu maqsadga erishish uchun hududlarning iqtisodiy sektor rahbarlari oʻz ongini oʻzgartirishi, ish tizimi va yondashuvlarini tubdan qayta koʻrib chiqishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Ular hududlarda tadbirkorlar bilan uchrashib, zamon talablariga mos ishlash tartibiga oʻtishi muhim ekani uqtirildi.
Shu bilan birga, hokim va banklarning ijobiy tajribalarini kengaytirish, muammolarni hal qilish boʻyicha 40 dan ortiq taklif va tashabbuslar tayyorlangan.
“Umuman, 2025-yil bandlikni taʼminlash va kambagʻallikdan chiqarishda eng muhim va hal qiluvchi yil boʻladi”, - dedi Prezident.
Prezident yangi imkoniyatlar va rejalarni belgilab berdi.
Oʻtgan 6 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming aholi kreditini vaqtida qaytarib, daromadli biznesga ega boʻldi. Ulardan 58 mingi yangi korxona ham ochdi.
Endi banklar mana shunday sinovdan oʻtgan mijozlarini qoʻllab-quvvatlab, ularni kichik va oʻrta biznes darajasiga olib chiqishi kerakligi taʼkidlandi. Ularga “Kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash” dasturi doirasida shartsiz 300 million soʻm kredit beriladi.
Bu orqali kelgusi yillarda 1,5 million aholini ishli qilish mumkinligi taʼkidlandi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlariga kredit resurslari faqat davlat mablagʻlaridan ajratilmoqda.
Xalq banki tashabbusi bilan Osiyo taraqqiyot bankining moliyaviy ommaboplik dasturi doirasida 50 million soʻmgacha ortiqcha hujjat va garovsiz kredit berilmoqda. Bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlab, Osiyo taraqqiyot banki dasturga 150 million dollar ajratishga tayyor.
Ushbu namuna asosida kelgusi yilda 9 ta davlat bankiga chetdan 1 milliard dollar kredit jalb qilib, 250 ming odamni daromadli qilish tavsiya qilindi.
Faol tadbirkorlar ishtirokida 27 ta tumanda ochilgan kooperatsiyalar yaxshi samara berayotgani taʼkidlandi.
Mutasaddilarga kelgusi yilda 30 ta tumanda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik boʻyicha kooperatsiyalarni koʻpaytirish topshirildi. Bunga 500 milliard soʻm yoʻnaltirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, hozirda 15 ming tadbirkor mahsulotlarni elektron platformalarda sotib, daromadini karra-karra oshirayapti. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi xususiy bank bilan 1 ming 300 nafar ayolni oʻqitib, mahsulotini onlayn sotish tajribasini yaratmoqda.
Davlatimiz rahbari yigʻilishda qatnashayotgan BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudziiga yurtimizda loyihalar qilib, yangi-yangi gʻoyalar olib kelayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Ham investitsiya olib keladigan, ham koʻp ish oʻrni yaratadigan startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash kengaytiriladi.
Davlat banklari ham bittadan venchur kompaniya ochib, mahalla startaplariga oʻz mablagʻidan jami 50 million dollar ajratishi muhimligi qayd etildi. Startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlar ham ochish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Ogʻir tumanlarda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha alohida yondashuv joriy qilinishi taʼkidlandi.
Masalan “Sanoat qurilish banki” Quvadagi yirik eksportyor bilan Qoʻngʻirot tumanida brokkoli ekish va yogʻochni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirdi. Bunga past foizli kredit ham berdi.
Bu tajriba maʼqullanib, sharoiti ogʻir 71 ta tumanga boshqa hududlardan tadbirkorlarni taklif qilish uchun ularga qoʻshimcha kredit, 2025-yilda 1 mingta ogʻir mahalla infratuzilmasiga 3 trillion 200 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.
Umuman, tadbirkorlar qoʻshimcha 31 trillion soʻmlik 3,5 mingta loyiha va 200 mingta yangi ish oʻrni yaratishga tayyor.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ushbu loyihalar infratuzilmasiga 1 trillion soʻm ajratish topshirildi.
Yigʻilishda 85 ming gektar yerda kam daromadli ekin ekilgani uchun samarasi pastligicha qolayotgani qayd etildi.
Bunday yerlar yirik konturga birlashtirilib, tajribali tadbirkorlarga ikkilamchi ijaraga berilsa, daromad 2-3 karra oshadi.
Shu munosabat bilan yer egasiga ijara haqi va ekilgan mahsulotni sotishdan ulush toʻlanadi.
Har bir konturga urugʻ, koʻchat, oʻgʻit tarqatib, yetishtirilgan mahsulotni sotib oladigan tadbirkorlarni yer egalari bilan bogʻlaydigan tizim yaratish topshirildi.
Banklar tumanlar ixtisoslashuvidan kelib chiqib, xorijdan malakali agronom, zootexnik, texnolog, muhandis olib kelishga va loyihalar samarasini oshirishga yordamlashishi muhimligi taʼkidlandi.
Banklar ishtirokida 13 ta tumanda sanoatlashgan plantatsiya tashkil qilish boshlandi. Bu yerlarda “yetishtirish – qayta ishlash – sotish” zanjiri asosida yuqori qoʻshilgan qiymat yaratilmoqda.
Masalan, Jomboyda 15 gektarda malina yetishtiriladi. Tadbirkor 170 ta xonadonga koʻchat tarqatib, yiliga 200 tonna mahsulot oladi.
Endi tadbirkor Milliy bank koʻmagida 200 tonnali muzlatkich oʻrnatib, yiliga 25 tonna tayyor murabbo ishlab chiqarmoqchi. Natijada aholi va tadbirkor daromadi 2 karra oshadi.
Ushbu tajriba asosida kelgusi yilda yana 50 ta tumanda shunday loyiha tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.
Oʻtgan olti yilda 1 million 600 ming nafar aholi “yaxshi” kredit tarixiga ega boʻldi. Shu bilan birga, tarixi “oʻrta” baholanganlarga yangi kredit olishda talablar kuchayishi tabiiy.
Bunday mijozlarning kredit tarixini yaxshilash, kelgusida ular tadbirkorga aylanishi uchun banklar katalizator boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.
Kelgusi yilda loyihasi bor 100 mingta “oʻrta” toifadagi mijozlar bilan uch oylik individual reja asosida ishlash, ularning soliq, elektr, gaz kabi boshqa toʻlovlarini ham inobatga olish, moliyaviy bilimini oshirish va loyihalarini yaxshilash orqali ularni tadbirkorga aylantirish taklif qilindi.
Yigʻilishda respublika boʻyicha 60 ta ilgʻor shahar-tumanni ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududlarga aylantirish choralari ham muhokama qilindi.
Bu tumanlarda kelgusi yilda 2 million aholini band qilish, 417 mingta oilani kambagʻallikdan olib chiqish zarurligi qayd etildi.
Tuman va shahar hokimlariga ushbu tuman-shaharlarda infratuzilmani yaxshilash topshirildi.
Aniqlangan imkoniyatlarni natijaga aylantirish uchun banklar mustahkam moliyaviy resursga ega boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
Davlat mablagʻlari qatorida tashqi manbalardan ham resurs jalb qilish zarurligi qayd etildi.
Buning uchun har bir bankda chet eldan mablagʻ olib keladigan ishchi guruh tuzish, xorijiy banklar bilan tizimli ishlab, chet elda roud-shoular oʻtkazish, yevrobond chiqarish, bank reytingini yaxshilash va xalqaro standartlarga moslashish dolzarb ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Oxirgi 5 yilda kichik va oʻrta biznesning kredit portfelidagi ulushi 40 foizdan 28 foizgacha pasaygani koʻrsatib oʻtildi. Bunday kreditlar ulushini 40 foizga yoki 120 trillion soʻmga yetkazish choralarini koʻrish zarurligi taʼkidlandi.
Umuman, yirik loyihalarni kichik biznes hisobidan moliyalashtirish amaliyotiga chek qoʻyish vaqti kelgani qayd etildi.
Mustahkam huquqiy asos yaratilgani uchun joriy yilda 5,5 trillion soʻmlik mikromoliya va faktoring xizmatlari koʻrsatildi.
Endilikda har bir davlat banki oʻzining mikromoliya va faktoring kompaniyasini ochib, unga xorijiy investorlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bunda banklar resurslarni qarzga emas, investitsiya sifatida olib kelmoqchi.
Kelgusi yilda mikromoliya va faktoring kompaniyalari orqali 10 trillion soʻmlik xizmatlar koʻrsatish muhimligi taʼkidlandi.
Prezident banklarni oʻylantirayotgan qator masalalar borligini taʼkidlab, ularning yechimiga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, banklar balansida 3 mingta harakatsiz mulk bor. Banklar ulardan tezroq qutilsa, qoʻshimcha resurs va 150 mingta ish oʻrni yaratish uchun zaxira paydo boʻladi.
Shu bois, banklarga harakatsiz mulklarni bozor qiymatida toʻgʻridan-toʻgʻri sotishga ruxsat berilishi belgilandi.
Shuningdek, banklar bu mulklarni daromadli biznesga aylantirib, tayyor holda investorga sotadigan tizim yaratiladi.
Kredit qarzi hisobidan garovni sud orqali undirish jarayonining tezkorligini oshirish dolzarb masala boʻlib turibdi.
Bank huquqlari ustuvorligini taʼminlash, undiruvga qaratilgan mulklarni tezroq sotish, sud orqali undiruv muddati, ortiqcha kelishuv hujjatlari va sud xarajatlarini keskin qisqartirish, garov bilan taʼminlangan qarzlarni sudgacha undirish amaliyotini keng qoʻllash boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan.
Ushbu takliflarni har tomonlama koʻrib chiqib, qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish muhimligi taʼkidlandi.
Majburiy undiruvga qaratilgan mulklar masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Bu jarayonni takomillashtirish maqsadida manfaatdor tomonlar oʻrtasida onlayn axborot almashishni yoʻlga qoʻyish zarurligi qayd etildi.
Mahallalar darajasida hokimlar banklar bilan hamkorlikda ishlashi zarurligi qayd etildi.
Ular mahallalarda 4 ta tajribani kengaytirib, odamlar daromadini oshirish boʻyicha birgalikda ishlaydigan tizim boʻladi.
Bunda tuman banklari mijozbay ishlab, tadbirkorlar loyihalariga koʻmaklashadi, ularning muammolarini joyida hal etadi, tuman hokimlari esa loyihani joy va infratuzilma bilan taʼminlash majburiyatini oladi.
Tumanlarda mahalla bankirlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.
Mahalla bankirlari mahallaning biznes imkoniyatlarini oʻrganadi, odamlar bilan gaplashib, ularning gʻoyalarini loyihalarga aylantiradi. Aholini kredit olish, qaytarish, biznes ochish, mahsulotini sotishga oʻrgatadi, loyihalarga hamrohlik qiladi.
Umuman, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyat butun dunyoda milliy iqtisodiyotlarga taʼsirini oʻtkazayotgani qayd etildi. Bunday sharoitda mamlakatimiz moliya-bank tizimining barcha darajalarida moliyaviy intizom va shaxsiy masʼuliyatni kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilish davomida iqtisodiy kompleks rahbarlarining hisobotlari, banklarning takliflari tinglandi, hududlardagi tadbirkorlarning ijobiy tajribasi koʻrib chiqildi.