13 Dekabr 2024 Yil 414

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimi boʻlib oʻtdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida nutq soʻzlamoqda.

Davlatimiz rahbari qiymati 3,7 milliard dollarlik 18 ta yangi quvvatlar ishga tushirilayotgani va navbatdagi 6 ta loyiha qurilishiga start berilayotganini energetika sohasidagi tarixiy voqea deb atadi.

Xususan, Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida salkam 2,3 ming megavatt quvvatga ega 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiya ishga tushirilmoqda.

Oʻzbekistonda ilk bor Andijon va Fargʻonada 300 megavattli yirik saqlash tizimi barpo etildi.

Shuningdek, Qashqadaryoda 400 megavattli elektr stansiyasi, Toshkent shahrida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4 ta kichik GES foydalanishga topshirilmoqda.

Xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni izchil davom ettirish yoʻlidagi yangi sahifa sifatida Fargʻona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qiymati 3,5 milliard dollar boʻlgan 2,5 ming megavattli 6 ta elektr quvvatlari qurilishi boshlanmoqda.

Bugun ishga tushayotgan quvvatlar va yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qoʻshimcha 9,5 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 million tonna zararli gazlar chiqarilishi oldi olinadi.

Eng muhimi – 4 milliondan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan taʼminlanadi.

Bu, oʻz navbatida, iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham 4 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratishga turtki beradi.

Umuman olganda, kelgusi yili jami 84 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu – 2016-yilga nisbatan 25 milliard kilovatt-soat yoki 1,5 barobar koʻp deganidir.

Bu loyihalar ishonchli hamkorlarimiz boʻlgan “Masdar”, “Akva Pauer”, “Aksa enerji”, Xitoy va Germaniyaning nufuzli kompaniyalari bilan amalga oshirilmoqda.

“Ularning barchasi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ekanini hisobga oladigan boʻlsak, bu bizga va olib borilayotgan islohotlarimizga boʻlgan ishonchning yaqqol ifodasidir”,
- dedi Prezident.

Shu munosabat bilan tadbirda shaxsan va videoaloqa orqali qatnashayotgan Birlashgan Arab Amirliklari sanoat va ilgʻor texnologiyalar vaziri – “Masdar” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Sulton Al-Jobir, energetika va infratuzilmalar vaziri Suhayl al-Mazruiy, Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud, Turkiya Respublikasi energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayraktar, “Akva Pauer” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan, “AKSA Enerji” kompaniyasi boshqaruvi raisi Jamil Kazanchi, Xitoyning “Chayna Enerji”, “Chayna Datang”, Germaniyaning “Xayper partners” kompaniyalari vakillariga butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirildi.

Shuningdek, ushbu loyihalarni amalga oshirishda moliyaviy va texnik koʻmak bergan Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon bankiga alohida tashakkur aytildi.

Bugungi loyihalar bundan 8 yil avval energetika sohasida boshlangan keng koʻlamli islohotlarning uzviy davomi ekani taʼkidlandi.

Ushbu davr mobaynida Oʻzbekiston “yashil energetika”da katta-katta qadamlarni qoʻydi.

Xususiy sektorga keng yoʻl ochilgani natijasida oʻtgan 5 yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi.

Avval toʻliq davlat tasarrufida boʻlgan bu tizimda 24 ta mustaqil energiya ishlab chiqaruvchi subyektlar paydo boʻldi.

“Yashil energetika” sohasida bugunga kelib 3,5 ming megavattli yoki 10 milliard kilovatt soatga teng 16 ta yirik quyosh va shamol elektr quvvatlari ishga tushirildi.

Buning hisobiga 2024-yilda “yashil energiya” ulushi 16 foizdan oshirildi. Yaʼni, oʻtgan qisqa davrda ekologik toza energiya quvvatlarini yiliga 2-3 karra koʻpaytirishga erishildi.

Oʻtgan yilda mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollarlik tarixiy marrani zabt etdi.

Keyingi qadam sifatida 2030-yilga borib iqtisodiyotimiz hajmini 200 milliard dollarga yetkazish reja qilingan.

Oʻz navbatida, kelgusi 5 yilda yurtimizda elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoj hozirgidan 1,5 barobar oshib, 120 milliard kilovatt soatga yetadi.

Oʻzbekiston Parij bitimi doirasida 2030-yilgacha zararli gazlar emissiyasini 35 foizga kamaytirish boʻyicha majburiyat olgan. Prezident bu majburiyatni 2050-yilgacha yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Qolaversa, 2025-yil Oʻzbekistonda “Atrof muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilindi.

Davlatimiz rahbari energetika sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha rejalarga qisqacha toʻxtalib oʻtdi.

2030-yilga qadar yana 19 ming megavatt “yashil quvvat”larni barpo etib, qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Xususan, 2025-yilda 3,4 ming megavattli 18 ta quyosh va shamol stansiyalari hamda 1,8 ming megavattli saqlash tizimlari ishga tushiriladi.

Buning natijasida kelgusi yili “yashil energiya” ishlab chiqarish hajmlari 12 milliard kilovatt soatga yetadi.

Bu 5 million xonadonning bir yillik isteʼmoliga teng va 6,5 million tonna zararli gazlarni atmosferaga chiqarishning oldi olinadi, deganidir.

Kelgusi 2 yilda xususiy tadbirkorlar bilan birga 2 mingdan ortiq kichik va mikro-GESlar tashkil qilish boʻyicha katta dastur amalga oshiriladi.

Bundan keyin ham sohaga xususiy sektor kirib kelishini ragʻbatlantirib, elektr energiyasi bozorini tashkil etish boʻyicha katta qadamlarni qoʻyilishi taʼkidlandi.

Xususan, kelgusi yil yakuniga qadar raqobatli savdolar orqali elektr energiyasi ulgurji bozori yaratiladi.

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik nafaqat yirik elektr stansiyalarida, balki sohaning boshqa yoʻnalishlariga ham keng joriy qilinadi.

“Yashil energetika” yoʻnalishida mintaqaviy va xalqaro hamkorlik kengaytiriladi.

Bu borada birinchi amaliy qadam sifatida COP29 doirasida Qozogʻiston, Ozarbayjon va Saudiyalik hamkorlar bilan “yashil energiya”ni Yevropa mintaqasiga eksport qilish boʻyicha ilk bitim imzolandi.

Mintaqaviy energiya tizimi barqarorligini taʼminlash maqsadida qoʻshni davlatlar bilan yagona platforma ishga tushiriladi.

“Yashil energetika” boshqa soha va tarmoqlar jadal rivoji, aholi turmush darajasi yaxshilanishi uchun yangi drayverga aylanmoqda. Xususan, aholi va mahalliy tadbirkorlar sohaga katta qiziqish bildirmoqda.

Bunday korxonalarni ragʻbatlantirish maqsadida hududlarni rivojlantirish dasturlarida “yashil loyiha”lar ulushini kelgusi 5 yilda 5 barobarga oshiriladi.

Bu borada texnikumlarda sanoat korxonalari bilan dual taʼlim tizimi, 5 ta oliygohda ilgʻor muhandislik maktablari tashkil etilmoqda.

Shuningdek, energetika, metallurgiya, kimyo, elektrotexnika sohalarida nufuzli kompaniyalar bilan birga izlanish va rivojlantirish yoʻnalishida hamkorlik kengaytiriladi.

“Barchangizga ishontirib aytmoqchiman: Yangi Oʻzbekiston – investitsiyalarni har tomonlama kafolatlaydigan, sizlarning barcha loyiha va tashabbuslaringizni toʻla qoʻllab-quvvatlaydigan, xorijiy hamkorlarimiz manfaatlarini himoya qiladigan dunyoga ochiq mamlakatdir”,
- dedi Prezident soʻzining yakunida.

Davlatimiz rahbari ramziy dastakni bosib, yakunlangan obyektlarni ishga tushirdi va yangi loyihalar qurilishiga start berdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech