Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida islohotlar hal qiluvchi bosqichga kirayotgan hozirgi vaqtda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha ishlarga baho berib, kelgusi vazifalarni aniq belgilab olish zarurligini ta’kidladi.
“Islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov – bu korrupsiyadir. Buni dunyo tajribasi ham to‘liq tasdiqlaydi.
Korrupsiya oqibatida jahon iqtisodiyoti yiliga 3 trillion dollar zarar ko‘rayotgani bu global xavf ekanidan dalolat.
Korrupsiya shunday yovuz illatki, u xalqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlarga ishonchiga putur yetkazadi, barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanadi”, - dedi Prezident.
Yurtimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha aniq tizim yaratildi, alohida qonunlar qabul qilindi.
Parlament palatalarida mas’ul qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash va agentlik tashkil qilindi.
Eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratilgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va ta’siri ortib borayotgani qayd etildi.
Ilgari bu mavzu jurnalistlar uchun mutlaqo yopiq edi. Hozirgi vaqtda mavjud holat ochiqlik va shaffoflik tomonga butunlay o‘zgardi.
Ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytinglardagi
mamlakatimizning o‘rni 138 pog‘onaga yaxshilanib, Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 30-o‘ringa ko‘tarildi.
“Takror va takror aytaman: biz ochiqlik siyosatini, so‘z erkinligi g‘oyalarini hayotga tatbiq etishda hamisha qat’iy bo‘lamiz!”, - dedi davlatimiz rahbari.
Prezident bu borada qilingan ishlarga ba’zi misollarni keltirdi.
Korrupsiyani tag-tomiri bilan quritish uchun avvalo inson omili va qog‘ozbozlikni kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Masalan, aholiga yer berish jarayonida fuqarolari hokim va o‘nga yaqin idoralar o‘rtasida sarson bo‘lib yurardi. Umuman, bu soha korrupsiya “o‘chog‘i”ga aylangan edi.
Yerni hokim qarori bilan ajratishdan to‘liq voz kechilib, auksion tizimiga o‘tilgani natijasida bu tizim xalqchil bo‘ldi.
Qurilish sohasi eng korrupsiyalashgan sohalardan biri edi. “Shaffof qurilish” dasturi joriy etilganidan keyin bu yo‘nalishda ham ijobiy o‘zgarishlar sezilmoqda.
Ilgari investitsiya dasturiga kirgan obyektlarni quradigan pudratchilar mingtaga ham yetmasdi. O‘tgan yili 13,5 mingta obyekt qurilishida 4 mingdan ziyod pudratchi ishtirok etdi. Soha raqamlashgani hisobiga o‘tgan 4 yilda 3,6 trillion so‘m budjet mablag‘i tejaldi.
Lekin qurilishga ruxsat berish, binoni topshirishda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha burokratiya va qonun buzilish ko‘payib ketgani uchun o‘tgan hafta favqulodda vaziyatlar vaziri va uning o‘rinbosarlari ishdan olindi.
Davlat xaridlari bo‘yicha qonun qabul qilingani, tanlov va tender raqamlashib, sog‘lom raqobat bo‘lgani uchun o‘tgan yili 14 trillion so‘m budjet mablag‘i tejaldi.
Odamlar kredit olish uchun ko‘plab to‘siq va g‘ovlarni yengib o‘tishi kerak edi. Bugunga kelib barcha banklar 100 million so‘mgacha maishiy kreditlarni inson omilisiz 5 daqiqa ichida onlayn bermoqda.
Natijada oldin bu ish bilan shug‘ullangan minglab bankirlar endi mahallaga tushib, odamlarga loyiha, kredit taklif qilib, mijozini ko‘paytirish ustida ishlayapti.
Odamlar bolasini maktab yoki bog‘chaga joylashtirishda sarson bo‘lgan, ishini “boshqa yo‘llar” bilan hal qilishga to‘g‘ri kelgan edi. O‘tgan davrda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi. Ushbu sohada murojaatlar soni 2,5 karraga kamaydi.
Bundan 7-8 yil avval oliygohlarga o‘qishga kirishda “tanish-bilishchilik” avj olgan edi. Soha raqamlashdi, imtihonlar onlayn translyatsiya bo‘layapti. Avval test topshirib, to‘plagan balliga qarab, keyin oliygohni tanlash tizimi joriy qilindi.
Oliy ta’limda 35 turdagi hujjatlarni inson omilisiz olishga o‘tilgani uchun sohadagi murojaatlar 2,2 baravar kamaydi.
Yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari bodi-kamera bilan xizmat o‘tayotgani, avtoraqamlar auksionda sotilayotgani, “qo‘l radari” va qog‘oz bayonnoma tuzish bekor qilingani uchun korrupsiya omillari keskin kamaydi.
Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi.
Natijada 200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorga kirib keldi. Chet el ishtirokidagi korxonalar qariyb 5 karra oshib, 23 mingga yaqinlashdi. Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa 11 milliondan oshdi.
“Oldingi 25 yil davomida bu tushunchalar bizga yot edi. Ko‘rib ko‘rmaslikka olinardi. Bularni hech biri o‘zidan-o‘zi bo‘lgani yo‘q. Hammasiga mashaqqatli mehnatimiz bilan erishdik.
Eng muhimi – bularning hisobiga aholi, tadbirkorlar, xorijiy hamkorlarimiz, xalqaro tashkilotlar va investorlarning islohotlarimizga ishonchi mustahkamlandi.
So‘nggi yetti yilda 120 milliard dollardan ortiq investitsiya kirgani, iqtisodiyotimiz 2 karra o‘sib, o‘tgan yili 115 milliard dollarga yetgani buning yaqqol isboti emasmi?”, - dedi Prezident.
“Barchamiz yaxshi tushunamiz, korrupsiyaga qarshi kurash jarayoni hech qachon aniq muddat bilan cheklanmaydi. Ushbu masalada faqat davlatning sa’y-harakati bilan kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Bu – butun jamiyatimizning ishi”, - dedi Prezident.
Kadrlarda fidoyilik, illatlarga qarshi kurashishda hamjihatlik yetishmayotgani bu boradagi eng katta kamchilik sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni qadrlash, kechagi kun bilan bugungi kunni farqini yaxshi tushunish, mahallada, to‘y-marakada ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, halollik va shukronalik bilan hayot kechirishni tushuntirish ishlari bo‘yicha jamiyatimizda yaxshi tajribalar yetishmasligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari bu borada turgan eng muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Huquq-tartibot idoralari asosan korrupsiyani aniqlash va jazolash bilan ishlab, korrupsiyaviy omillarni tag-tomiri bilan yo‘qotadigan preventiv choralarni e’tiborsiz qoldirayotgani qayd etildi.
Korrupsiyani oldini olish, omillari bilan ishlash uchun 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalarida 1 ming 285 xodim ishlamoqda. Lekin, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishda ularning o‘rni ham, mas’uliyati ham sezilmayotgani qayd etildi.
Har yili biznes muhitini yaxshilash, investitsiya jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratishda burokratiya va to‘siqlarga barham berish bo‘yicha o‘nlab qarorlar qabul qilinmoqda.
Masalan, 6,5 ming turdagi mahsulotni ishlab chiqarish va olib kirishda tadbirkorlarga muvofiqlikni baholash majburiyati yuklangan. Shundan 3 ming 700 turdagi tovar bo‘yicha har bir partiyaga alohida sertifikat olish shart.
Shunday ro‘yxatlar sanitariya, karantin, veterinariya idoralarida ham bor. Bojxona esa bu ro‘yxatlarni hammasi bilan ishlaydi.
Tadbirkorlarni qiynab, korrupsiyaga omil bo‘layotgan bunday ro‘yxatlarni qisqartirish bo‘yicha bu idoralarning komplayens xodimlari hech qanday taklif bermagan.
Prezidentimiz Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatidan mutlaqo noroziligini aytdi.
Agentlik xodimlari vazirliklarga, hududlarga borib, aniq bir sohani tahlil qilib, muammolarga yechim berish o‘rniga, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini sanaydigan quruq statist bo‘lib qolgani qayd etildi.
Agentlik rahbariyati korrupsiya holati eng ko‘p bo‘lgan tuman sog‘liqni saqlash, bandlik bo‘limi yoki bank filialiga borib, holatni o‘rganmagani, yangi zamonaviy tizim bo‘yicha taklif bermagani ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu sohalarning bevosita rahbarlarining o‘z tizimini “korrupsiyadan xoli” qilish ishlari sustligi tanqid qilindi.
Prezident topshirig‘i bilan investitsiya dasturlari ustidan nazorat kuchaytirilganidan keyin o‘tgan yilni o‘zida 3 trillion so‘m iqtisod bo‘ldi. Yoki sog‘liqni saqlash tizimida “Situatsion markaz” ishga tushirilgani hisobiga 2024-yilda 1,2 trillion so‘mlik maqsadsiz xarajatlarning oldi olindi.
“Lekin, nega bu ishlar Prezident topshiriq berganidan keyin boshlanishi kerak?”, - deya savol qo‘ydi davlatimiz rahbari.
Parlamentdagi budjet qo‘mitalarida ham har yili budjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan 3 ta vazirlikka borib, korrupsiyaviy omillarni aniqlashda va o‘zgarish qilishda tashabbuskorlik yetishmayotgani qayd etildi.
Bosh vazirga 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalari rahbarlarini ishdan olish va ularning o‘rniga halol, fidoyi va professional kadrlardan qo‘yish, ularni oldiga aniq vazifalarni belgilab berish topshirildi.
Vazirliklarning hududiy komplayens xodimlarini bevosita vazirni o‘zi ishga qo‘yishi, o‘ziga siyosiy mas’uliyat olib, butun tizimidagi korrupsiya uchun shaxsan javob berishi belgilandi.
Agentlikning ish uslubi mutlaqo o‘zgaradi. Buning uchun tajriba tariqasida 5 ta idora: Sog‘liqni saqlash, Qurilish, Suv xo‘jaligi vazirliklari, “O‘zbekneftgaz” va “O‘zsuvta’minot”ning komplayens nazorati agentlikka o‘tkaziladi.
Yil yakuni bilan bu vazirliklarda qancha korrupsiyaviy omillarni bartaraf qilgani, odamlarga qanday yengilliklar bo‘lgani haqida Milliy kengashda hisobot beradi.
Shuningdek, agentlik vazir, hokimlar bilan birgalikda har chorakda korrupsiya yuqori bo‘lgan kamida 3 ta sohada tumangacha tushib, maishiy va tizimli korrupsiya omillarini chuqur o‘rganadi, tahlillar asosida qaysi jarayonni raqamlashtirish, qaysi burokratik tartibni bekor qilish bo‘yicha aniq choralarni ishlab chiqadi.
Ikki oyda xalqaro reyting tashkilotlari tavsiyasi asosida “yo‘l xarita”si ishlab chiqilib, har bir vazirlik va idoraga qilinadigan ishlar aniq belgilab beriladi. Sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarni jazolash bo‘yicha taklif kiritiladi.
Korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilayotgani qayd etildi. Masalan, infratuzilmaga ulanish, litsenziya olish, imtiyozli kredit ajratish, ishga qabul qilish, malaka oshirish kabi yo‘nalishlarda korrupsiya omillari ko‘p.
Tergovchi, prokuror va sudyalar qo‘lidagi ish bo‘yicha idoralarga taqdimnoma va xususiy ajrim kiritishdan nariga o‘tmayotgani, ularning muhokamasi ham, javobi ham quruq rasmiyatchilik ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Viloyat hokimlari rahbar bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining ishi ham juda sustligi, faoliyati tuman, mahalla bilan bog‘lanmagani uchun natija yo‘qligi qayd etildi. Parlament mas’ul qo‘mitalarining ham o‘rni sezilmayotgani aytildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibini to‘liq yangilash, ularga rais etib viloyat xalq deputatlari kengashi raislarini tayinlash taklif etildi.
Hududiy kengashlar insongacha tushib, korrupsiyaviy omillarni aniqlashi, ularga barham berish uchun qaysi qonunni o‘zgartirish zarur, degan savollarga javob topishi kerakligi ta’kidlandi.
Kengashlar har chorakda kamida bitta sohada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, qonun ustuvorligi, jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritadi.
Har bir vazir va hokimga bu yil barcha xizmatlar bo‘yicha davlat idoralari va aholi o‘rtasidagi munosabatlarni tuman kesimida baholaydigan tizim yaratish topshirildi.
Ko‘rsatilgan servis sifatiga aholini o‘zi baho beradi, eng yomon deb topilgan idora rahbarlari bo‘yicha xulosa qilinadi.
Shuningdek, fuqarolar suv, gaz, elektrga ulanish, subsidiya, pensiya va moddiy yordam olish kabi masalalarda idorama-idora yurmasdan, onlayn javob oladigan tizim bo‘lishi kerakligi qayd etildi.
Mutasaddilarga sun’iy intellekt asosida aholining savollariga qo‘l telefoni orqali sodda javob beradigan onlayn platformani ishga tushirish topshirildi.
Shu bilan birga, sohalarni nazorat qilib, tartibga solishga mas’ul 14 ta inspeksiya bor, ular juda katta vakolat va kuchga ega. Ushbu idoralar xodimlari ham korrupsiyaga qo‘l urayotgani tashvishli ekani ta’kidlandi.
Vazirlar Mahkamasiga tizimidagi korrupsiyani bilib-bilmaslikka olib yurgan inspeksiya rahbarlari ishiga baho berib, ikki haftada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo‘yicha har biriga aniq vazifa qo‘yish topshirildi. Har oyda bittadan inspeksiya faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqiladi va ulardan qattiq so‘rov qilib boriladi.
Sakkiz yil avval hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.
Bu tizim yillar davomida yig‘ilib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etib, vaziyatni o‘nglash uchun barcha kuchlarni safarbar etishga ko‘maklashdi.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda hududlar salohiyati bir necha karra oshdi. Lekin keyingi paytda prokuror, ichki ishlar va soliq rahbarlari sektorni bahona qilib, sohasidagi ishlarni susaytirib yuborgani tanqid qilindi.
Har bir mahallaga profilaktika inspektori biriktirildi. Lekin tuman ichki ishlar bo‘limlarining yangi tizimda ishlashi kuzatilmayotgani, profilaktika inspektori faoliyatiga baho berilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Ba’zi ichki ishlar boshqarmalari va bo‘limlari rahbariyati og‘ir mahallalar bilan tizimli shug‘ullanmayotgani, ularning professionalligi va mehnatga sadoqati sezilmayotgani qayd etildi.
“102” xizmati orqali kelib tushgan jinoyat haqidagi xabarlarni avtomatik tarzda ro‘yxatga olish, ya’ni, har bir murojaatni “raqamli izi” qoladigan tizim yaratilgani o‘z natijasini berdi.
Lekin, ayrim tuman va shahar ichki ishlar rahbarlari statistikani yaxshilash uchun jinoyatni yashirayotgani, ro‘yxatga olishni oylab cho‘zib yurgani qayd etildi.
Yangi ichki ishlar vaziriga har bir mahalladagi profilaktika maskanlarini kuzatuv kamerasi va har bir inspektorni “bodi kamera” bilan ta’minlab, huquqbuzarliklarni ro‘yxatga olish bo‘yicha yangi platformani ishga tushirish topshirildi.
Jinoyatlarni hisobga olish tizimini to‘liq raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Prokurorlar tergov ustidan nazoratni susaytirib yuborgani ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, sudlar tomonidan 637 ta jinoyat ishi kamchiliklari uchun tergovga qaytarilgan.
Bosh prokuratura tergov sifatini oshirish hamda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha yanada qattiq ishlashi kerakligi qayd etildi.
Bosh prokuratura ham, ichki ishlar vazirligi ham uyg‘onishi, yangicha ishlab, bir-birini tiyib turishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Soliq idoralari xodimlari har bir mahallaga biriktirilgani bilan tushumlar keskin oshmagani qayd etildi.
Masalan, minglab korxona hisobotlarida birorta ham xodim yo‘q deb ko‘rsatgan bo‘lsa, yana minglab korxona 2 yoki 1 nafar ishchi ko‘rsatmoqda. Bu soliq idoralari yashirin iqtisodiyot bilan sust ishlayotganidan dalolatligi ko‘rsatib o‘tildi.
Insofli tadbirkorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i 7 kun ichida qaytarib berilishi belgilangan. Biroq, soliq rahbarlari tadbirkorlarning 487 milliard so‘mlik 2,5 mingga yaqin murojaatini o‘z vaqtida ko‘rib chiqmagan.
"Bundan buyon sektorlar faoliyati bilan prokuror, ichki ishlar va soliq shug‘ullanmaydi", - dedi Prezident.
Ularning o‘rniga endilikda Bosh vazir o‘rinbosarlari o‘ziga tegishli sohalar bilan o‘z kuchi va tizimi bilan shug‘ullanishi belgilandi.
Kambag‘allik, ijtimoiy himoya, tadbirkorlik bo‘yicha islohotlar har bir insonga yetib boradigan ish tashkil etilmoqda. Endi bu ish uslubi tuman va mahallada jinoyatchilikni jilovlash, korrupsiyani oldini olish bo‘yicha ham joriy qilinadi.
“Nima uchun buni aytapman? Chunki, jinoyatchilik jilovi mahkam bo‘lgan, xavfsiz joyga investor ko‘proq mablag‘ kiritadi, odamlarimizning ishonchi yanada ortadi”, - dedi Prezident.
Tizimli ravishda jinoyatchilikka qarshi kurashish haftaliklarini o‘tkazib borish muhimligi ta’kidlandi.
Parlamentdagi mas’ul qo‘mitalar mahallagacha tushib, har bir jinoyatning kelib chiqish sabab va omillarini aniqlab, tuman, viloyat prokurorlari va ichki ishlar boshliqlarini oldiga aniq vazifa qo‘ysa, bu borada yaxshi tajriba bo‘lishi qayd etildi.
Bosh prokuror va ichki ishlar vaziriga har chorakda Milliy kengash oldida, viloyat, tuman prokurorlari va ichki ishlar boshliqlari esa har oyda hududiy kengashlarda hisobot beradi va jamoatchilikka murojaat bilan chiqadi.
“Murojaat deganda, umumiy gaplar kerak emas. Bunda har bir soha va jinoyatchilik turi bo‘yicha oldini olish, omillarini bartaraf etish borasida aniq qiladigan ishlarini aytishi kerak”, - dedi Prezident.
Milliy kengash har oyda tuman va shaharga tushib, o‘z yig‘ilishini bevosita ichki ishlar bo‘limlarida o‘tkazishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
“Prokuratura, ichki ishlar, soliq rahbarlari yaxshilab eshitib olsin: sektor ishidan ozod qilish bu – eski davrga qaytib, aholi va tadbirkorlarga har qadamda to‘siq, korrupsiyaga sharoit yaratish, degani emas”, - dedi davlatimiz rahbari.
Tumanda jinoyatchilikni jilovlashga hokim bosh bo‘lib, barcha ishlarni muvofiqlashtirishi, uning bu boradagi o‘rni hech qayerga yo‘qolmasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Har haftada prokuror va ichki ishlar boshlig‘i bilan hududdagi vaziyatni muhokama qilib borishi shart va zarurligi qayd etildi.
Bosh prokuratura, Ichki ishlar, DXX akademiyalari, Yuridik va Jamoat xavfsizligi universitetlariga jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha hudud va sohalar biriktirilgan edi. Lekin ular kriminogen vaziyat murakkab mahallalarga olimlarini yubormayotgani, ushbu mahallalarni namunali qilishda jonbozlik ko‘rsatmayotganiga e’tiroz bildirildi.
Milliy kengash har chorakda ushbu oliygohlar rahbarlaridan ham hisobot so‘rab borishi kerakligi ta’kidlandi.
Umuman, Senat kamida 1 ta hududda jinoyatchilikni keskin qisqartirish bo‘yicha, Qonunchilik platasi esa kamida 1 ta sohada korrupsiyaga barham berish bo‘yicha takliflar berib borishi bu boradagi ishlar natijadorligini yanada oshirishiga ishonch bildirildi.
Bundan buyon, vazir va hokimlar lavozimga qo‘yilishidan oldin korrupsiyani oldini olish bo‘yicha aniq rejasini parlament va mahalliy kengashlar oldida himoya qiladigan tizim joriy etish taklif qilindi.
Manfaatlar to‘qnashuvi, qimmat narxda tovar sotib olish yoki xizmat ko‘rsatish asosan davlat xaridlarida kuzatilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olsa bo‘ladigan 50 dan ortiq tovar va xizmat turlari bor. Lekin birorta rahbar buni ro‘yxatdan chiqaraylik, hamma tanlov qilib olsin, narx arzon bo‘ladi, degan taklifni bildirmadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Hisob palatasiga parlamentning budjetga mas’ul qo‘mitalari bilan birgalikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarni 2 karra qisqartirish topshirildi. Yil yakunigacha sun’iy intellekt yordamida davlat xaridlarida qonunga zid holatlarni aniqlash va oldini olish bo‘yicha elektron tizimni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, bu borada Ekspert komissiyasi tuziladi. Ushbu komissiya ilg‘or tajriba asosida davlat xaridlarida tovarlarning o‘rtacha bozor narxlari ko‘rinib turadigan elektron platforma yaratib, undagi ma’lumot yangilanib turadigan tizim qiladi.
Bunda, davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha bozor narxidan ko‘pi bilan 20 foizdan oshmasligi shart. Ushbu talabni buzganlik uchun qonun bilan javobgarlik va jarimalar joriy qilinadi.
Budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga olinayotgan tovarlarni ham tartibga solish vaqti kelgani ta’kidlandi. Budjet va budjetdan tashqari mablag‘ hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish bo‘yicha talablar kuchaytirilishi belgilandi.
Xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan avtomobil va mebelga o‘tish zarurligi qayd etildi.
Yirik loyihalarni yuqori darajadagi korrupsiyaga qarshi standartlardan kelib chiqib baholash lozimligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga bunday investitsiya loyihalarida xalqaro korrupsiyaga qarshi standartlarni joriy etish, yirik auksion shartlarini raqobatdoshlik ekspertizasidan o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Shuningdek, “Shaffof qurilish” platformasi qamrovi oshirilishi, xalqaro tashkilotlar loyihalariga ham bosqichma-bosqich joriy qilinishi belgilandi.
Bu ishlar xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi qurilishlarda subpudratchilarni yollash va 1 million dollargacha bo‘lgan loyihalardan boshlanadi.
“Korrupsiyani oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni “halollik vaksinasi” bilan emlashdan boshlanadi”, - dedi Prezident.
Kadrlarni o‘qitish, tarbiyalash va joy-joyiga qo‘yishda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Davlat boshqaruvi akademiyasining yetakchi sifatidagi roli sezilmayotgani qayd etildi.
Kadrlarni baholashda eski namunadagi “obyektivka”dan voz kechib, ilg‘or IT texnologiyalar asosida xodimning malakasi va salohiyati, erishgan natijalarini baholaydigan tizimga o‘tilishi belgilandi.
Lavozimga qo‘yishda xodimning qaysi oliygohni bitirgani yoki qayerda ishlagani emas, qanday bilim-tajribaga egaligi va ko‘rsatgan natijalari asosiy mezon bo‘ladi. Bu borada nomzodning kamchiliklari bilan birga yaxshi taraflarini ham xolisona aytish kerak.
Bundan buyon mahallada odamlar bilan ishlagan, ularning muammosini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, hal qilgan yoshlar orasidan rahbar kadrlar tanlab olinishi kerakligi ta’kidlandi.
Ishga qabul qilishni ochiq va shaffof o‘tkazish, davlat xizmatchilari reyestrini belgilash, kadrlarni korrupsiyaga moyilligini o‘rganish bo‘yicha farmon loyihasini kiritish topshirildi.
Yana bir masala – davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilish vaqti-soati kelgani ta’kidlandi. Bu borada jamoatchilik fikri juda muhimligi qayd etildi.
Mutasaddilarga tez fursatda ushbu qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib, 1 aprelgacha kiritish topshirildi.
Noqonuniy boylik orttirish uchun javobgarlik masalasini ham o‘ylab ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Qonunchilikka noqonuniy boylik orttirish haqida modda kiritish taklif qilindi. Ya’ni, davlat xizmatchisi deklaratsiya qilgan daromadiga mos kelmaydigan mol-mulkini qayerdan olganini isbotlashi kerak bo‘ladi.
Prezidentimiz Milliy kengashni, parlamentning korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitalarini bu borada xalqaro andozalarga mos takliflarni ishlab chiqishga chaqirdi.
Hozirgi texnologiyalar davrida korrupsiyaning yangi, raqamli ko‘rinishlari paydo bo‘lmoqda.
Shu bois yangi o‘quv yilidan Ichki ishlar va Huquqni muhofaza qilish akademiyalarida bu yo‘nalishda mutaxassis tayyorlash boshlanadi.
Lekin bunday turdagi jinoyatlarni aniqlash va oldini olishda faqatgina zamonaviy kadrlarni o‘zi yetarli emasligi qayd etildi.
Xalqaro tajribani o‘rganib, kiberkorrupsiyaga qarshi samarali kurashish bo‘yicha mustahkam huquqiy baza yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Mansabdorlik va maishiy korrupsiya omillarini tahlil qilish, ularni oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqib, amaliyotga joriy qilish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini olish, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish doimo diqqat markazida bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda sudlar mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha katta islohotlar amalga oshirildi. Lekin sudyalarni majlisga chaqirish, ularga vakolatiga kirmaydigan vazifalarni yuklash holatlari ham uchrab turgani qayd etildi.
Shuningdek, ayrim idoralar tomonidan sudga ta’sir o‘tkazishga urinishlar hali-hanuz davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
“Barcha rahbarlarni qat’iy ogohlantiraman. Sudlar faoliyatiga har qanday aralashish odil sudlovga soya solish, deb baholanadi. Bu bo‘yicha so‘rov ham, javobgarlik ham qattiq bo‘ladi”, - dedi Prezident.
Odil sudlovni amalga oshirishda advokatlar o‘rni juda muhim. Bu borada advokatlarga himoyasidagi fuqaroga o‘z vaqtida huquqiy yordam ko‘rsata olishlari uchun imkoniyat yaratish kerakligi qayd etildi.
Mutasaddilarga uch oy ichida sifatli yuridik yordam ko‘rsatilishida advokatlar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha qonun loyihasini kiritish topshirildi.
Hozirda qonunchilikda korrupsiyaviy jinoyatlarning aniq ro‘yxati yo‘qligiga e’tibor qaratildi.
Parlament tasdiqlagan qonunda asosan jazoni kuchaytirishni o‘zi bilan cheklanib qolingani, korrupsiyani oldini olish, odamlarimizni bunga toqatsizlik ruhida tarbiyalash, profilaktika mexanizmlarini yaratish, jinoyatni fosh etishga yordam berganlarni rag‘batlantirish kabi masalalar aks etmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuning uchun Prezident bu qonunni qayta ishlash uchun qaytarishini aytdi.
Shu bilan birga jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikni ham xalqaro standartlarga moslashtirish lozimligi qayd etildi.
Misol uchun, Shveysariya, Avstriya, Germaniya, Rossiya, Ozarbayjon qonunchiligida davlat xaridlari va yirik biznes loyihalar parametrlarini oldindan sizdirib (insayderlik), daromad olganlik ham jinoiy daromadlarni legallashtirish, deb baholanadi.
“Islohotlarimiz natijadorligi avvalo, sadoqatli, fidoyi va korrupsiyaga toqatsiz yangi avlodga bevosita bog‘liq. Bu ishda fikri toza yosh avlodni tarbiyalash ustuvor vazifaga aylanishi shart”, - dedi Prezident.
Shu maqsadda maktab direktorlari “Tarbiya” fani doirasida o‘g‘il-qizlarimizga halollik, birovni haqiga xiyonat qilmaslik kabi ezgu g‘oyalarni sodda tilda tushuntirib borishi kerakligi ta’kidlandi.
Rektorlar esa talaba va yoshlarning korrupsiyaga qarshi loyihalari, startap va innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘yishi zarur.
Umuman, “korrupsiya – kelajakka tahdid” degan g‘oya asosida Yangi O‘zbekiston yoshlari qalbidan joy oladigan tizim yaratilsa, ayni muddao bo‘lishi ta’kidlandi.
Prezidentimiz jamoatchilik vakillari va nodavlat tashkilotlariga murojaat qildi.
“Korrupsiyaga qarshi kurash – umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishidir. Umuman, bu jarayondan hech kim chetda turmasligi kerak.
Shu bois, korrupsiyaga nisbatan murosasiz bo‘lish uchun yanada ko‘proq sharoit yaratib, bunga keng jamoatchilikni jalb qilishimiz zarur. Avvalo, nodavlat tashkilotlar faolligini oshirish lozim. Bu – eng to‘g‘ri yo‘l”, - dedi davlatimiz rahbari.
Parlament nodavlat tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning imkoniyatlaridan keng foydalanishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
Masalan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiya talablarini monitoring qilishga nodavlat tashkilotlar jalb qilinsa, katta samara berishiga ishonch bildirildi.
Ushbu maqsadlar uchun yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga har yili 10 milliard so‘mdan ajratib boriladi.
“Korrupsiyani yengish uchun birinchi navbatda uning ortiqcha hashamat va dabdaba degan “o‘q ildizlarini” quritishimiz shart.
Eng achinarlisi, bunga taniqli shaxslar bosh-qosh bo‘layapti, odamlar ularga tenglashaman deb, o‘zini “o‘tga-cho‘g‘ga” urayapti.
Bu borada ayrim rahbarlar o‘zining kamtarona turmush tarzi bilan barchaga namuna bo‘lish o‘rniga, bunday soxta qadriyatlar asiriga aylanib, noqonuniy daromad topishga intilayotgani ham bor gap”, - dedi Prezident.
Shu bois davlatimiz rahbari parlament palatalari, mahalliy kengashlar, jamoatchilik vakillari, mahalla raislari, nuroniylarni bu masalaga bosh-qosh bo‘lib, aholi orasida tushuntirish ishlarini kuchaytirishga chaqirdi.
"Korrupsiyaga qarshi kurashda barchamiz yagona kuch bo‘lib harakat qilsak, albatta, yanada katta ijobiy samaraga erishamiz.
Shu bois, mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, san’at va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar – umuman butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashi kerak.
Bugun sizlar bilan birga belgilab olingan barcha vazifalar aynan ana shunday ruhda ishlab, aniq natijaga erishishga qaratilgan.
Sizlar bu haqiqat va talabni chuqur anglab, ularni amalga oshirishda alohida jonbozlik ko‘rsatasiz, barchaga namuna bo‘lasiz, deb ishonaman", - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida.
Yig‘ilishda parlament a’zolari, turli soha va hududlar vakillarining fikr va takliflari, mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.