Oʻz hayotini el-u yurt osoyishtaligini saqlashdek ulugʻ va oliyjanob ishga bagʻishlagan, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish yoʻlida fidoyilik bilan xizmat qilib kelayotgan ichki ishlar organlarining barcha xodimlari, harbiy xizmatchilari, taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, tinglovchi-kursantlari, faxriylar hamda xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolarini Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33-yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman.
Muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida oʻtgan davrda milliy armiyamiz qudratini oshirish, mamlakatimiz mustaqilligi va hududiy yaxlitligini yanada mustahkamlash, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlash, qoʻshinlarning jangovar shayligini kuchaytirish, xodim va harbiy xizmatchilarimizning maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Bu yilgi bayramlar “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori asosida oʻtkazilayotgani ham bejiz emas. Bugungi kunda milliy armiyamiz, xalqimiz tinchligi, davlatimiz mustaqilligi kafolati boʻla oladigan chinakam qalqonga aylandi.
Kezi kelganda taʼkidlash lozimki, ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan har bir xodimdan, harbiy xizmatchidan yurtga cheksiz sadoqat, xizmat burchiga fidoyilik Jaloliddin Manguberdi, sohibqiron Amir Temur, Bobur Mirzo kabi ulugʻ ajdodlarimizga munosib voris boʻlishni, ular oldidagi farzandlik burchini aslo unutmaslikni davrning oʻzi taqozo etmoqda.
Shu bois ham har bir xodim avvalo, vatanparvar boʻlishi va sadoqat bilan xizmat qilishi, oʻzining dunyoqarashi, masʼuliyati va tashabbuskorligi bilan egallab turgan lavozimiga munosib boʻlishi, har qanday tahdid va xatarlarni oldindan sezib, ularga qarshi kurashishga doimo shay turishi juda muhim sanaladi.
Ishonchim komilki, oʻz kasbiga sadoqatli, fidoyi xodimlarimiz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni chuqur his etgan holda oʻzlarining bor bilim, malaka va kuch-gʻayratini safarbar etib, xalqimiz va Prezidentimiz ishonchiga doimo munosib boʻladi.
Fursatdan foydalanib, barchangizni bugungi qutlugʻ bayram bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni saqlash kabi sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!
Hamisha yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin!
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.R. Bobojonov