Poytaxtimizda huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan profilaktik tadbirlar o‘tkazildi
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, haftaning har payshanba kuni “Profilaktika kuni” etib belgilangan bo‘lib, bugun ham Toshkent shahrining barcha tumanlarida keng miqyosdagi profilaktik-targ‘ibot ishlari olib borildi. Tuman IIO FMB, hokimiyat, prokuratura, sud va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tadbirlar ertalabki kengaytirilgan yo‘riqnomalardan boshlandi. Yo‘riqnomada har bir soha vakillariga amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Profilaktika kuni doirasida tumanlarda probatsiya hisobida turuvchi shaxslar bilan targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi, shuningdek sayyor sudlar tashkil etildi. Sayyor sud majlisida probatsiya hisobida turuvchi shaxslar o‘zini namunali xulqi va tuzalish yo‘liga o‘tganligi sababli muddatidan ilgari jazodan ozod qilishni so‘rab qilgan murojaatlari o‘rganib chiqildi. Bir nechta mahkumlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga binoan muddatidan avval shartli ozod etildi. Probatsiya nazorati qoidalarini buzgan shaxslarga esa sud tomonidan og‘irroq jazo tayinlandi.
Shuningdek, tuman IIO FMB rahbarlari ishtirokida sodir etilgan jinoyatlar muhokamalari o‘tkazildi. Jamoatchilik vakillari, mahalla yettiligi va faollari, probatsiya nazorati ostidagi shaxslar ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalarda sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va sharoitlari tahlil qilindi. Kelgusida bu kabi jinoyatlarga yo‘l qo‘ymaslik borasida mutasaddilarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Shu kuni IIO xodimlari va mahalla masʼullari tomonidan nizoli oilalar holidan xabar olindi, ularning muammolari o‘rganildi va hal etish choralari ko‘rildi.
Taʼlim muassasalarida o‘tkazilgan targ‘ibotlar davomida yurtimizda ko‘p uchrayotgan jinoyatlar va ulardan himoyalanish yo‘llari, jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligi, bilib-bilmay jinoyat yo‘liga kirib qolmaslik haqida tushuntirishlar berildi.
Bu kabi profilaktik targ‘ibot ishlari sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatlarni oldini olishda o‘z samarasini berishi shubhasiz.