Poytaxt IIBB rahbariyatining navbatdagi sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi
Tumanlarda sayyor qabullarning tashkil etilishi fuqarolar uchun katta qulayliklar yaratish barobarida aholi bilan davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch hamda hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda. Toshkent shahar IIBB rahbariyatining navbatdagi sayyor qabuli Chilonzor va Uchtepa tumanlari aholisining murojaatlarini o‘rganish hamda ularga yechim topishga qaratildi. Chilonzor tumani hokimligi binosida tashkil etilgan, qabulga qo‘shni Uchtepa tumani fuqarolari ham tashrif buyurishdi. Har bir fuqaroning murojaatlari tinglandi hamda qonun doirasida ko‘rib chiqildi. Ayrim murojaatlarning sabablari o‘rganilganda, qo‘shimcha tekshiruv va maʼlumotlar to‘plash zarurligi tufayli tegishli muddatlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi. Shuningdek, qonuniy xulosa tayyorlash borasida zarur topshiriqlar berildi. Shaxsiy qabul davomida o‘rganib chiqilgan murojaatlar ichki ishlar organlari faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan murojaatlarni, xususan: surishtiruv va tergov harakatlari, mol-mulk va pul mablag‘larini undirish, ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish va qayta tiklash, kadrlar masalalari bilan bog‘liq, moddiy yordam ajratish, svetofor va yo‘l belgilarini o‘rnatish, oila-turmush doirasidagi kelishmovchiliklar, ichki ishlar organlari xodimining xatti-harakatiga eʼtiroz kabilarni tashkil etdi.
Probatsiya hisobida turuvchi olti nafar fuqarolar murojaat qilib, ijobiy tarafga o‘zgarganligi va tayinlangan jazodan to‘g‘ri xulosa chiqarganligini bildirib, muddatdan ilgari jazodan ozod etishni so‘radi. Ularning murojaatlari to‘plangan hujjatlar bilan birgalikda o‘rganilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga ko‘ra, muddatdan ilgari shartli ozod qilinishdi.
Sayyor qabul davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 21.11.2025 yildagi F-60 sonli Farmoyishi ijrosi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 34 yilligi munosabati bilan, 16 yoshga to‘lgan to‘rt nafar yoshlarga ID-kartalari tantanali ravishda topshirildi.