Ta’tilga chiqib, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Andijon viloyatiga borgan podpolkovnik Abdulhamid Isamovni 25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan tabriklagani yaqinlari va do‘stlari kelishdi.
Mo‘jazgina xonadonda bayram shukuhi kezib turgan bir pallada Yashnobod tumani IIOFMB boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Oybek Otaboyev qo‘ng‘iroq qilib, Prezidentimiz farmoniga asosan, «Mardlik» ordeni bilan mukofotlanganini aytdi. Bu xabar xursandchilik ustiga yana bir katta quvonch bo‘lib qo‘shildi. Mukofot sohibini oila a’zolari, qarindoshlar va do‘stlari birma-bir tabriklashdi. Daf’atan uning ko‘zlari namlandi va xizmat yillari xayolidan o‘ta boshladi...
Poytaxtning Yashnobod tumani IIOFMBda faoliyat yuritayotgan podpolkovnik
A. Isamov 30 yildan buyon shu sohada xizmat qilib keladi. Hozirda u «Ma’rifat» mahallasining profilaktika katta inspektori. Buni qarangki, bu hududda ish boshlaganiga qariyb 21 yil bo‘libdi. 4 ming nafardan oshiq mahalla ahli bilan xuddi bir oilaning a’zolaridek bo‘lib ketgan osoyishtalik posboni o‘z kasbini, xizmat qilayotgan mahallasini juda yaxshi ko‘radi.
– Podpolkovnik A. Isamov o‘z kasbining ustasi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nasiba Abduroziqova. – Bir-birimizni tushunib, har bir masalada bamaslahat ish olib boramiz. Faollar hamda profilaktika inspektorlari bilan hamjihatlikdagi sa’y-harakatlarimiz o‘z samarasini berib, «qizil» toifadagi mahallamiz «yashil»ga o‘tdi. Bunda, albatta,
A. Isamovning katta hissasi bor.
Qahramonimiz turmush o‘rtog‘i Ro‘zixon opa bilan uch nafar qizni voyaga yetkazishdi. Ular hozir jamiyatda o‘z o‘rniga ega. Iroda va Malika tibbiyot xodimi, Umida esa ayollar sartaroshi.
– Mening kamtarona mehnatlarimni e’tirof etgan Prezidentimizga, vazirlik rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman, – deydi podpolkovnik Abdulhamid Isamov. – Qolaversa, shu kungacha mehnat qilib, obro‘ orttirib, yutuqlarga erishib yurishimda ota-onam, oilam va ustozlarimning ham alohida o‘rni bor.
Har bir kasbda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turguvchi ustoz bo‘lmasa, shogird har maqomga yo‘rg‘alab ketishi mumkin. Abdulhamid aka ham ustozlarini unutmaydi. Doim ularning holidan xabar olib, eslab turadi. O‘zi ham ko‘p yillik faoliyati davomida bir nechta shogirdlar yetishtirdi. Birgina shu «Ma’rifat» mahallasida xizmat olib borish mobaynida 15 ga yaqin shogird tayyorlabdi. Ularning ayrimlari viloyatlarda faoliyat olib borsa-da, hozirgacha ustozi bilan xabarlashib, ayrim masalalarda maslahat olib turadi.
Tanlagan kasbini sevib, halol ishlagan inson, bir kun kelib, albatta, e’tirof etiladi. Buni podpolkovnik Abdulhamid Isamov misolida ham ko‘rish mumkin. U doim oddiy xalq orasida bo‘ldi. Ularning dard-u tashvishi bilan yashadi. Bugun esa mashaqqatli mehnatlarining mevasini ko‘rib turibdi.
Sarvar SOBIROV,
o‘z muxbirimiz.
Toshkent shahri.