30 Oktyabr 2025 Yil 439

Poytaxtimizda “Payshanba -huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni”da amalga oshirilgan tadbirlar

Yurtimizda jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish yo‘lidagi sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratilgan. Keng miqyosdagi profilaktik tadbirlar poytaxtimizning barcha tumanlarida o‘zgacha yondashuv va hamjihatlik bilan amalga oshiriladi. Bugungi huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni ham tumanlar IIO FMB, hokimiyat, prokuratura, sud va boshqa mutasaddi idoralar mas’ullari ishtirokidagi tonggi kengaytirilgan yo‘riqnomalardan boshlandi. Yo‘riqnomada har bir soha vakillariga amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Yo‘riqnomada ko‘zda tutilgan amaliy ishlarga asosan ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan targ‘ibotlar davomida ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib borayotgan kiberfiribgarlik, giyohvand moddalar oldi-sotdisi bilan bog‘liq jinoyatlar va ulardan himoyalanish yo‘llari, jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligi, bilib-bilmay jinoyat yo‘liga kirib qolmaslik haqida ma’lumotlar va tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, tumanlar IIO FMB rahbarlari ishtirokida joylarda sodir etilgan jinoyatlar muhokamalari o‘tkazildi. Jamoatchilik vakillari, mahalla yettiligi va faollari, probatsiya nazorati ostidagi shaxslar ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalarda sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va sharoitlari tahlil qilindi. Kelgusida bu kabi jinoyatlarga yo‘l qo‘ymaslik borasida mutasaddilarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Kun davomida IIO xodimlari va mahalla mas’ullari tomonidan nizoli oilalar holidan xabar olindi, ularning muammolari o‘rganildi va hal etish choralari ko‘rildi.

Profilaktika kuni doirasida tumanlarda probatsiya hisobida turuvchi shaxslar bilan targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi, shuningdek sayyor sudlar tashkil etildi. Sayyor sud majlislarida probatsiya hisobida turuvchi shaxslar o‘zini namunali xulqi va tuzalish yo‘liga o‘tganligi sababli muddatidan ilgari jazodan ozod qilishni so‘rab qilgan murojaatlari o‘rganib chiqildi. probatsiya xizmati xodimlarining taqdimnomalariga asosan halol mehnatni, tuzalish yo‘lini tanlagan mahkumlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga binoan muddatidan avval shartli ozod etilgan bo‘lsa, probatsiya nazorati qoidalarini buzgan shaxslarga esa sud tomonidan og‘irroq jazo tayinlandi.

Bu kabi profilaktik targ‘ibot ishlari sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatlarni oldini olish, ogohlik va hushyorlikni susaytirmaslik, fuqarolarning huquqiy savodxonligi, huquqiy madaniyatini oshirishda, salbiy holatlarga qarshi immunitet hosil qilish kabilarda o‘z samarasini beradi.

Barcha yangiliklar

Text to speech