20 Sentyabr 2024 Yil 677

Poytaxtimizda giyohvandlikka qarshi kurashish oyligiga start berildi

Toshkent shahrida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish maqsadida barcha huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tunu kun xizmat olib bormoqda. Ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy Gvardiya, prokuratura, sud idoralari tomonidan psixotrop moddalar, giyohvandlik va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin afsuski, bu turdagi jinoyat kamaygani yo‘q.


Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan giyohvandlikka qarshi olib borilgan chora-tadbirlar natijasida poytaxtda joriy yilning 8 oyi davomida aniqlangan bu turdagi jinoyatlar yuzasidan 1 992 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tadbirlar natijasida 195 kg 765 gramm giyohvandlik, psixotrop moddalar, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirilib, noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.


Bu turdagi jinoyatlarga keskin kurashish maqsadida, 2024 yilning 20 sentyabr kunidan 20 oktyabr kuniga qadar Toshkent shahrida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish oyligi o‘tkaziladi.


Toshkent shahar IIBBda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ushbu oylik doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi. Ushbu yig‘ilishda poytaxt IIBB boshlig‘i, DXX Toshkent shahar boshqarmasi, Milliy Gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi, shahar prokuratura va sud rahbariyati, tuman IIO FMB rahbarlari va sohaviy xizmat masʼullari ishtirok etdi.  


So‘zga chiqqan poytaxt IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Tashpulatov oylik doirasida tunu kun xizmat tashkil etilishi, kunduzgi va tungi maxsus guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi hamda har bir xodim o‘z ishiga masʼuliyat bilan yondashishi lozimligini taʼkidladi.


Shu bilan birga, oylik doirasida narkograffiti yozuvlarini o‘chirish, ushbu yozuvlarni chizib ketuvchi shaxslarni aniqlash va ularga chora ko‘rish, giyohvandlik vositalarini tarqatuvchi shaxslarni ("zakladchik") hamda ularni olib ketuvchilarni aniqlash, har bir holat yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinishini taʼminlash vazifalari yuklatildi.


Hurmatli hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlari! Siz ham ushbu oylik doirasida faol ishtirok etishingizni so‘raymiz. Giyohvandlik moddalari yoki kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanuvchilar, shuningdek narkograffiti yozuvlarini yozib ketuvchi shaxslar haqida biror maʼlumotga ega bo‘lsangiz, hududiy profilaktika inspektoriga, yaqin oradagi IIBga yoki @murojaat_narko2024 telegram akkaunti orqali murojaat qilishingiz mumkin.


Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech