“Poytaxt namunasi”. Maqsad – jinoyatchilikni jilovlash
Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq, Chilonzor tumanida jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi uchun xavfsiz muhit yaratish borasida “poytaxt namunasi”ni shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
“Guliston” mahallasida joylashgan 280-sonli maktabda tuman hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayev, IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Farruh Giyasov, mahalla raislari, profilaktika inspektori ishtirokida joriy yil yanvar oyida hudud sodir etilgan jinoyatlar muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Unda hokim mahalla yettiligi a’zolarini mas’uliyatini oshirish, yoshlar bilan ishlashda mahallaning roli muhim ahamiyat kasb etishini, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda hududni to‘liq nazoratga olish, bunda “Face ID” kameralari o‘rnatish ishlarini jadallashtirishga lozimligiga alohida to‘xtaldi.
Tuman IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Farruh Giyasov hudud profilaktika inspektorlari fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikni oldini olishda avvalo shaxsiy mas’uliyatni oshirish, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil yoshlar bilan ishlarni jadallashtirish kerakligini ta’kidladi.
- Hududimizda 34 ta ko‘pqavatli uylar mavjud bo‘lib, 5590 nafar aholi istiqomat qiladi, deydi “Guliston” mahallasi profilaktika katta inspektori, mayor Mirvohid Chorshanbiyev. – Mahallamizni “sariq” toifadan “yashil”ga olib chiqish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solmoqdamiz. Xususan, mahalla yettiligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan profilaktik ishlarni kuchaytirganmiz.
Tadbirda mahalla raislari hududda jinoyatchilikni jilovlash, profilaktik ishlar samaradorligiga erishish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.