5 Fevral 2025 Yil 273

“Piyoz qimmatlasharmish”

Muqaddam firibgarlik, so‘ng giyohvand moddalari oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib qamalib chiqqan Bahriddinning oldida ikkita savol turardi. Nima qilsin: giyohvand moddalari oldi-sotdisi bilan shug‘ullansa tezroq boyiydi ammo jazosi qattiq, firibgarlik qilsa, katta pulga tushadigan laqmani topish kerak, ammo yig‘i-sig‘i qilib, nari borsa, pulini qaytarib yengilroq jazo olishi mumkin. Ha, giyohvandlik og‘ir, “qo‘ng‘iroqdan qo‘ng‘iroqqacha o‘tirishga” to‘g‘ri keladi. U o‘ylab-o‘ylab birinchisini tanladi. Bozorga bordi. Dehqonlar, to‘g‘rirog‘i, – yashirib nima qildik – olib-sotarlarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Bozorni o‘rgangan bo‘ldi. Hozir nima – piyozning bozori chaqqon ekan. U to‘ppa-to‘g‘ri aynan piyoz oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi “kattasining” oldiga borib, Sirdaryo viloyatidan arzon piyoz keltirib berishiga ishontirib, 69.000.000 so‘mni qo‘lga kiritdi. Bu voqea 2022 yilning noyabr' oyida bo‘layotgan gap. Bahriddin biror dalilsiz uning taklifiga laqqa tushgan Odilning ishonchiga kirish va yana “shilish” niyatida uni 2023 yilning yanvar' oyida qahvaxonaga taklif qildi. Uchrashuvda u piyozning narxi ko‘tarilayotgani, ikkilanmay yana falon tonna ko‘tarasiga xarid qilsa, ostonasi tillodan bo‘lishini maslahat soladi. Odil ertasi kuni unga qo‘shimcha xaridi uchun 91 million so‘m beradi. Shu-shu piyoz mashmashasi o‘rnini qidir-qidir, izla-top, yugur-yugur, hali boshini, hali yuragini changallash egallaydi.

— Jabrdiyda firibgarning og‘zaki va'dasi, soxta yashash manziliga ishonib unga yuqoridagi pullarni berib yuboradi, — deydi Yashnobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Tigran Tojiboev. — Muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlanib, “o‘tirib” chiqqan Bahriddin bu gal rejani puxta tuzib, uning qilmishini fosh etadigan ko‘plab harakatlarning oldini olgan, o‘ta ehtiyotkorlik bilan ish ko‘rganiga qaramay uning jinoiy qilmishlari fosh etildi. Va jinoyatga jazo muqarrarligi ta'minlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ochiq sud majlisida 1985 yilda tug‘ilgan Q.Bahriddinning qilmishlarini o‘rganib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning qilmishidan pushaymonligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi, qaramog‘ida uch nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini inobatga olib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yilu 8 oyga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.

Shu o‘rnida aytish mumkinki, Bahriddin jinoyat yo‘liga yana qaytib, o‘zini o‘zi aldagani, yetmaganiga oilasi, farzandlari, yaqinlari oldida ishonch va hurmatini yo‘qotib beobro‘ bo‘lgani haqida chuqur o‘ylasa, o‘zi uchun foydali xulosa chiqargan bo‘larmidi.

Barcha yangiliklar

Text to speech