5 Iyul 2024 Yil 1686

O‘zgalarning qo‘li bilan

        O‘zgalarning moddiy boyliklariga ko‘z olaytirish, uni o‘zlashtirish orqali boyish fikri nopok kimsalarga xosdir. Buning uchun har qanday hiyla-nayranglarni ishga solishadi.   Avvaldan reja tuzilib, voqealarning ssenariysi yoziladi. Jabrdiyda tanlangach, uning ishonchini qozonish uchun bor aktyorlik mahorati namoyish etiladi. Oqibatda jabrdiyda katta qarzga kirib qoladi yoki bor-budidan ayriladi. Shunday jinoiy ishlardan biri haqida Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tergovchisi, mayor Mirjalol Isroilov hikoya qilib berdi.


     35 yoshli Mirsaidning (ismlar o‘zgartirilgan) xayolida hamisha yirik pullarni qo‘lga kiritish rejasi g‘ujg‘on o‘ynardi. Oliygohni tugatib, ota-onasiga diplomini asrab qo‘yish uchun berarkan, bir oyda bir martagina olinadigan ozgina maoshga ishlashga hushi yo‘qligini bildirdi. O‘zini katta tadbirkor, millionlar cho‘ntagida, qimmatbaho chet el mashinalari, dang‘illama uy-joyning egasi xayol qilgan Mirsaid ishbilarmonlar orasida o‘ralasha boshladi. Tanish-bilishlarining yengidan kirib, yoqasidan chiqib kichik bo‘lsada, o‘z biznesini boshlashga muvaffaq bo‘ldi. Talaygina tadbirkorlar bilan tanishdi. Ishonchiga kirdi. Ularning orasida shahar markaziga yaqinroqda qurilishi bitmagan, sotib-sotilmagan inshootga ega         bir tadbirkor bor edi. Kamol g‘ayrat-shijoatli Mirsaidga yordam so‘rab murojaat qildi. Mirsaid bu vaqtda  shahar markaziga yaqinroq joyda mehmonxona ochish haqida o‘ylayotgandi. Taklif unga ayni muddao bo‘ldi. Mirsaid bu imkoniyatni qo‘ldan boy bergisi kelmay,  jon-jon deb sotib berishni vaʼda qildi. Biroq bitmagan binoni mehmonxonaga aylantirishning o‘zi bo‘lmaydi. Pulni qayerdan oladi? U ikki nafar “laqmani” topishi kerak – biri bankka kredit olish uchun buyurtma berish uchun bo‘lsa, ikkinchisi  o‘z ko‘chmas mulkini kafolat tariqasida garovga qo‘yishi kerak. Nima uchun Mirsaid kreditni o‘z nomiga rasmiylashtirmadi, degan savol tug‘iladi. Avvaldanoq bu ishda ochko‘zlik, g‘irromlik, masʼuliyatsizlik ko‘zlangandi. Tez orada jabrdiydalar ham topildi. Jamshid Mirsaidni tadbirkorlar orasida tez-tez uchratgani bois uning vaʼdalariga ishondi. Shuningdek, To‘lqin ham  aldandi. 2020 yili har ikkisining saʼy-harakatlari bilan bankdan 20 478 900 000 so‘m olindi. Shu-shu Mirsaid ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Jabrdiydalar oylar, yillar o‘tsa-da pullarini ololmagach, ichki ishlar idoralariga murojaat qilishdi.


        Mirsaidga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 2023 yilning may oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukmga ko‘ra Mirsaid aybli deb topildi. Yetkazilgan moddiy zarar qoplangani hisobga olinib, unga 73.500.000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech