Payshanba tadbirlari ko‘tarinki ruhda tashkillashtirilmoqda
Haftaning har payshanba kuni poytaxtimiz hududida keng qamrovli profilaktik tadbirlarning o‘tkazib kelinayotganligi jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olishda o‘z natijakorligini ko‘rsatmoqda. Bugungi navbatdagi “Profilaktika kuni” da Toshkent shahar IIBB hududiy tuzilmalaridagi yig‘ilish anʼanaga ko‘ra tonggi yo‘riqnoma bilan boshlanib, tadbirga jalb etilgan IIO FMB, huquqni muhofaza qilish idoralari hamda boshqa mutasaddi idoralar, xususan, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish tuman bo‘limlari hamda qurilish sohasida masʼul tashkilotlar vakillarining ham ishtiroki taʼminlandi. Joriy yilning 24 noyabr kuni Prezidentimiz tomonidan “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan maxsus ishchi guruhlar tarkibidagi bu soha vakillariga ham hamkorlikdagi muhim vazifalar yuklangan. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash maqsadida mutasaddilar poytaxtimiz hududida olib borilayotgan qurilish obyektlarida bo‘lib, havoga chang-to‘zon ko‘tarilishi, atrof-muhitga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillardan foydalanmaslik, atmosfera havosi tozaligini saqlash yuzasidan zaruriy tavsiyalar berdilar. Bu dolzarb tadbirlar qatorida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyatini keng aholi qatlamlari, idora va tashkilotlar, o‘quv muassasalarida o‘rganish va targ‘ib qilish, shuningdek, “Xavfsiz va sog‘lom yurt”, “Kibermadaniyatni yuksaltirish” oyligida belgilangan chora-tadbirlar ijrosini samarali amalga oshirishga qaratilib, bu borada qator topshiriq va ko‘rsatmalar taʼkidlab o‘tildi. Mazkur oyliklar doirasida tumanlarda IIO FMB rahbarlari tomonidan mahalla masʼullari ishtirokida nizoli oilalar holidan xabar olindi, foydali mehnat bilan band bo‘lmagan yoshlarning muammolari o‘rganildi va hal etish choralari ko‘rildi. Shuningdek, joylarda sodir etilgan oilaviy zo‘ravonlik, kiberjinoyatlar, qonunbuzilish holatlari jamoatchilik vakillari, mahalla yettiligi va faollari ishtirokida muhokama etildi. Probatsiya hisobida turuvchi shaxslar bilan tushuntirish, profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Jumladan, tashkil etilgan sayyor sudlar tomonidan Probatsiya bo‘limi xodimlarining taqdimnomalariga asosan, to‘g‘ri yo‘lga kirgan, namunali xulqi va tuzalish yo‘lini tanlagan mahkumlar muddatidan ilgari jazodan ozod qilindi. Belgilangan tartib-qoidalarni buzgan mahkumlarga esa sudlar tomonidan jazo turlari og‘irrog‘iga o‘zgartirildi. Poytaxt hududidagi taʼlim muassasalarida o‘tkazilgan targ‘ibotlarda yoshlar ishtirokida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar, kiberjinoyatlar, o‘g‘irlik, avtoulovlarni olib qochish jinoyatlarining oldini olish, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib borayotgan kiberfiribgarlik, zo‘ravonlik, diniy-ekstremistik g‘oyalar targ‘iboti va giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasi, tarqatilishi bilan bog‘liq jinoyatlar va ulardan himoyalanish yo‘llari, jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligi kabi mavzular atroflicha yoritildi. Shu bilan birga yoshlarning huquqiy madaniyati, savodxonligini oshirish bo‘yicha uyushmagan yoshlar bilan manzilli suhbatlar uyushtirildi. Xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, umumtaʼlim maktablari ichki ro‘yxatida turuvchi o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Suhbatlar ochiq muloqot tarzida bo‘lib, yig‘ilganlarga qabul qilinayotgan meʼyoriy hujjatlarning, o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarning ahamiyati, fuqarolarning unda faol ishtirok etishlari, hushyorlik va ogohlikni oshirish mahallalarda, poytaxtimizda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda muhimligi taʼkidlanmoqda.