7 Iyun 2024 Yil 1064

Pasportlarni ID–kartalarga almashtirish vaqti keldi: MvaFRB xodimlari imkoniyati cheklangan shaxslarning mehmoni bo‘lmoqdala

Sizda jismoniy imkoniyatlari cheklangan va pasportining amal qilish muddati tugaganligi sababli ID-kartaga almashtirilishi kerak bo‘lgan yaqiningiz bormi? Unda siz quyidagilarni bilishingiz lozim. Siz keksa yoshdagi yoki kasalligi tufayli mustaqil harakatlana olmaydigan yaqiningizning biometrik ma'lumotlarini to‘plash uchun xonadoningizga yoki davolash muassasasiga boradigan xodim ajratilishi bo‘yicha yashab turgan manzilingizdagi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga murojaat qilish imkoniga egasiz. 

Buning uchun imkoniyati cheklangan shaxsning yaqinlari MvaFR bo‘limiga borib, pasport almashtirish haqida ariza berishi,  avvalgi olingan pasportni taqdim etishi, shaxsning holatini tasdiqlovchi hujjat (tibbiyot muassasasi davolovchi vrachining xulosasi yoki mahalladan shaxsning sog‘lig‘i tufayli  harakati cheklanganini tasdiqlovchi ma'lumotnoma)ni taqdim etishi shuningdek, davlat bojini to‘lashi va o‘zining ma'lumotlarini qoldirishi kerak. Shundan so‘ng xodim shaxsning biometrik ma'lumotlarini to‘plash uchun o‘zining maxsus ko‘chma stansiyasi bilan bemorning yashash joyiga yoki davolanishda bo‘lgan manziliga tashrif buyuradi.

Ba'zida imkoniyati cheklangan fuqarolarning qarindoshlari bemorlar uchun shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yangilashning keragi yo‘q, deb hisoblashadi. Biroq, amaldagi hujjat to‘satdan ro‘y berishi mumkin bo‘ladigan turli vaziyatlarda, masalan, manzilni o‘zgartirishda, tibbiy muassasaga, davolash maskanlariga joylashtirishda yoki qayg‘uli holat – vafotini qayd etish holatlarida juda zarur bo‘ladi.

Imkoniyati cheklangan shaxslarning yaqinlaridan pasportni almashtirish masalasida loqayd bo‘lmasliklarini, bu ishni zimmasiga olib, bemorning yashash manzilidagi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga murojaat qilishlaarini so‘rab qolamiz.  

Eslatib o‘tamiz, mazkur jarayon darhol amalga oshirilmaydi, bu ish tuman bo‘yicha murojaatlar tushishiga qarab (ma'lum vaqt ichida) bajariladi.

Yana bir eslatma, vaziyat tezkorlikni talab qilgan holatlarda, xodimning uyga tashrifining boshqa bir turi –  ekspress–xizmat ko‘rsatish (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  2023 yil 31 iyuldagi “Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, shuningdek, avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 321-son Qarori) yo‘lga qo‘yilgan. Bu xizmatdan istalgan fuqaro foydalanishi mumkin. Sayyor xizmatdan foydalanish uchun  standart yig‘im va to‘lovlardan tashqari BHM 21,9 dan (agar masofa 10 km atrofida bo‘lsa) 83,2 % gacha (100 km) tashkil etuvchi transport xarajatlari to‘lanishi lozim.

Ekspress-xizmatga buyurtma berishni 71-200-00-24 Call-markazi orqali amalga oshirish mumkin. Buyurtmani rasmiylashtirishda ID-kartaga muhtoj shaxsning “Ijtimoiy himoya yagona reestri”da  hisobda turishi aniqlansa, manzilga chiqish uchun to‘lov olinmaydi (faqat hujjatning o‘zi uchun BHMning 89 %  miqdorida davlat boji to‘lanadi).

Barcha yangiliklar

Text to speech