Poytaxtimiz hududlarida huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash orqali jinoyatchilikka barham berish borasida olib borilayotgan ishlari qatorida haftaning har payshanba kunida o‘tkazib kelinayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarning ham o‘z o‘rni va samaradorligi bor. “Payshanba – profilaktika kuni” mazkur tadbirga jalb qilingan xodimlar va mas’ullar bilan tonggi yo‘riqnoma o‘tkazish bilan boshlanib, unda asosiy e’tibor va kuch-vositalar kun davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarning samarali ijrosini ta’minlashga qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik illatlaridan asrash, poytaxt hududida ekologik vaziyatni yaxshilash, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 34-yilligi munosabati bilan avf etilgan shaxslar bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazish, ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish, jamiyatga moslashuvi, bandligini ta’minlash kabi muhim masalalarga ham keng o‘rin berilgan. Mazkur farmonlarning mazmun-mohiyatini chuqur o‘rgangan holda keng aholi qatlamlariga yetkazish, hamda ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ishchi guruhlari soha vakillari hamkorligida poytaxt havosini mo‘tadillashtirish, atmosferani ifloslantirayotgan ayrim korxona va tashkilotlar, issiqxonalar faoliyatiga chek qo‘yish kabi muhim vazifalarni amalga oshirmoqda. Joylarda rahbarlar tomonidan Prezidentimiz farmoniga ko‘ra avf etilganlar, tumanlar IIO FMB Probatsiya hamda profilaktik ro‘yxatida turuvchi mahkumlarning xonadonlaridagi shart-sharoitlari o‘rganilib, ularning murojaatlarini ijobiy hal etish, bandligini ta’minlash, jamiyatga moslashtirish bilan bog‘liq masalalar ham e’tibordan chetda qolmayapti. Probatsiya bo‘limlari hamda profilaktik hisobda turuvchi shaxslar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning muammolarini qonuniy hal qilish, qayta jinoyatlar sodir etilishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Hududlarda tashkil etilgan sayyor sudlar tomonidan Probatsiya bo‘limi xodimlarining taqdimnomalariga asosan, tuzalish yo‘liga kirgan, namunali xulqi va halol, sog‘lom turmush tarzini tanlagan mahkumlarni muddatidan ilgari jazodan ozod qilish choralari ko‘rildi. Belgilangan tartib-qoidalarni buzgan mahkumlarga esa sudlar tomonidan jazo turlari og‘irrog‘iga o‘zgartirildi. Oylik doirasida giyohvandlik vositalari, psixotrop hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasi, tarqatilishi, iste’moliga qarshi kurash, ayniqsa yoshlarimizni bu illatdan asrash borasida qator targ‘ibot, tushuntirish va ogohlantirish ishlari amalga oshirildi.
Mahallalar, idora va tashkilotlar, o‘quv dargohlarida tumanlar IIO FMB, soha vakillari tomonidan o‘tkazilayotgan ochiq muloqot, uchrashuv va davra suhbatlarida giyohvandlikning mudhish oqibatlari daliliy, hayotiy misollar, videoroliklar yordamida keng auditoriyaga taqdim etilmoqda. Yoshlarga bu illatga qarshi kurashish, undan himoyalanish borasida zaruriy tavsiyalar berilmoqda. Ayniqsa, kibermakonda jinoyatga yetaklovchi havola va platformalardan himoyalanishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, tumanlar IIO FMB rahbarlari tomonidan mahalla mas’ullari ishtirokida nizoli oilalardagi munosabatlar, foydali mehnat bilan band bo‘lmagan yoshlarning muammolari o‘rganildi va hal etish choralari ko‘rildi. Joylarda sodir etilgan oilaviy zo‘ravonlik, kiberjinoyatlar, qonunbuzilish holatlari jamoatchilik vakillari, “mahalla yettiligi” va faollari ishtirokida muhokama etilib, ta’sirchan choralar ko‘rildi. Poytaxt hududidagi ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan targ‘ibotlarda asosiy e’tibor yoshlarning huquqiy madaniyati, savodxonligini oshirish, yig‘ilganlarga qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlarning, profilaktik tadbirlarning ahamiyati, mahallalarda, poytaxtimizda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishdagi muhim o‘rni ta’kidlanmoqda hamda faol ishtirok etishga chaqirilmoqda.