20 Noyabr 2025 Yil 272

Payshanba tadbirlari amaliyot uyg‘unligida

Respublikamizda haftaning har payshanba kuni keng qamrovli profilaktik tadbirlarning o‘tkazib kelinayotganligi jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olishda o‘z natijakorligini ko‘rsatmoqda. Bugungi “Payshanba –profilaktika kuni” ham Toshkent shahar IIBB hududiy tuzilmalarida tonggi yo‘riqnoma bilan boshlanib, tadbirga jalb etilgan IIO FMB, huquqni muhofaza qilish idoralari hamda boshqa mutasaddi idoralar mas’ullari hamkorligida tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar belgilab olindi. Asosiy e’tibor kuni kecha Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyatini keng aholi qatlamlari, idora va tashkilotlar, o‘quv muassasalarida o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratildi. Mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib, Ichki ishlar vazirligi tomonidan joriy yilning 20 noyabrida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligining uchinchi bosqichi start oldi. Profilaktika kuni doirasida mazkur farmon talablaridan kelib chiqib, targ‘ibot ishlari keng ko‘lamda olib borildi. Shuningdek, hozirda davom etayotgan “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” va “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz!” oyliklarida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan uchrashuvlar tashkil etildi.


Mazkur oyliklar doirasida tumanlarda IIO FMB rahbarlari tomonidan mahalla mas’ullari ishtirokida nizoli oilalar holidan xabar olindi, foydali mehnat bilan band bo‘lmagan yoshlarning muammolari o‘rganildi va hal etish choralari ko‘rildi. Shuningdek, joylarda sodir etilgan oilaviy zo‘ravonlik, kiberjinoyatlar, qonunbuzilish holatlari jamoatchilik vakillari, mahalla yettiligi va faollari ishtirokida keng muhokama etildi. Probatsiya hisobida turuvchi shaxslar bilan tushuntirish, profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Xususan, tashkil etilgan sayyor sudlar tomonidan Probatsiya bo‘limi xodimlarining taqdimnomalariga asosan, to‘g‘ri yo‘lga kirgan, namunali xulqi va tuzalish yo‘lini tanlagan mahkumlar muddatidan ilgari jazodan ozod qilindi. Belgilangan tartib-qoidalarni buzgan mahkumlarga esa sudlar tomonidan jazo turlari og‘irrog‘iga o‘zgartirildi. Ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan targ‘ibotlarda huquqbuzarliklar, kiberjinoyatlar, o‘g‘irlik, avtoulovlarni olib qochish jinoyatlarining oldini olish, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib borayotgan kiberfiribgarlik, zo‘ravonlik, buzg‘unchi g‘oyalar targ‘iboti va giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasi, tarqatilishi bilan bog‘liq jinoyatlar va ulardan himoyalanish yo‘llari tushuntirildi. Jinoyat va huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning muqarrarligi kabi mavzular hayotiy misollar va ilmiy asoslarga tayanib batafsil yoritildi. Shu bilan birga yoshlarning huquqiy madaniyati, savodxonligini oshirish bo‘yicha uyushmagan yoshlar bilan manzilli suhbatlar olib borildi. Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish maqsadida umumta’lim maktablari ichki ro‘yxatida turuvchi o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Suhbatlar ochiq muloqot tarzida bo‘lib, yig‘ilganlarga o‘tkazilayotgan oyliklarning ahamiyati, fuqarolarning unda faol ishtirok etishlari, hushyorlik va ogohlikni oshirish mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda muhimligi, kuch birlikda ekanligi yana bir bor ta’kidlab o‘tildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech