13 Noyabr 2025 Yil 404

“Payshanba - profilaktika kuni” o‘z nomini oqlamoqda

Respublikamiz mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida oyning har payshanba kuni – “Profilaktika kuni” deb e’lon qilinib, ushbu kunda amalga oshirib kelinayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Har galgidek payshanba kuni tumanlar IIO FMB, hokimiyat, prokuratura, sud va boshqa mutasaddi idoralar mas’ullari ishtirokidagi tonggi kengaytirilgan yo‘riqnomalardan boshlandi. Unda har bir soha vakillariga amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Mazkur ko‘rsatma va topshiriqlarga asosan, profilaktika kuni hamda “Kibermadaniyatni yuksaltirish”, “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” oyliklari doirasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Tumanlarda IIO xodimlari va mahalla mas’ullari ishtirokida nizoli oilalar holidan xabar olinib, ularning muammolari o‘rganildi va hal etish choralari ko‘rildi. Shuningdek, joylarda sodir etilgan oilaviy zo‘ravonlik, kiberjinoyatlar, qonunbuzilish holatlari jamoatchilik vakillari, mahalla yettiligi va faollari ishtirokida keng muhokama etildi. probatsiya hisobida turuvchi shaxslar bilan tushuntirish, profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Xususan, sayyor sudlar tashkil etilib probatsiya bo‘limi xodimlarining taqdimnomalariga asosan, to‘g‘ri yo‘lga kirgan, namunali xulqi va tuzalish yo‘lini tanlagan mahkumlar muddatidan ilgari jazodan ozod qilindi. Belgilangan tartib-qoidalarni buzgan mahkumlarga esa sudlar tomonidan jazo turlari og‘irrog‘iga o‘zgartirildi. Ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan targ‘ibotlarda huquqbuzarliklar, kiberjinoyatlar, o‘g‘irlik, avtoulovlarni olib qochish jinoyatlarining oldini olish, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib borayotgan kiberfiribgarlik, zo‘ravonlik, buzg‘unchi g‘oyalar targ‘iboti va giyohvand moddalar oldi-sotdisi bilan bog‘liq jinoyatlar va ulardan himoyalanish yo‘llari, jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligi kabi mavzular batafsil yoritildi. Shu bilan birga yoshlarning huquqiy madaniyati, savodxonligini oshirish bo‘yicha uyushmagan yoshlar bilan manzilli suhbatlar olib borildi. Xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, umumta’lim maktablari ichki ro‘yxatida turuvchi o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Mazkur tadbirga tegishli kuch va vositalar, mas’ullarning safarbar qilinishi natijasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar poytaxt mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning sodir etilishi oldini olishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech