7 Iyun 2024 Yil 1449

Ozodlikning qadriga yetmaganlar

Abubakir  bir emas, besh marotaba sudning qora kursisida o‘tirib,  qilmishlari uchun xavfli retsidivist deb topilgan. Oxirgi jinoyati uchun  1 yil sinov muddati belgilangan. Ammo bukrini go‘r to‘g‘irlaydi, deganidek, shuncha yaratilgan imkoniyatlar, berilgan yengilliklardan tegishli xulosa chiqarmadi. Hali sinov muddati tugamay, yana jinoyatga qo‘l urdi. Abubakir o‘ziga o‘xshagan bekorchi va  ishyoqmas, ilgari sudlangan Javohir, Jahongir va Najmiddinlar bilan o‘zaro til biriktirib, Chilonzor tumanida joylashgan istirohat bog‘iga hordiq chiqarish uchun emas, hordiq chiqarayotganlarni tunash uchun borishadi. Aylana-aylana soat 22.30 larda  fuqaro Xolbekning qo‘lidagi uch million so‘mlik uyali telefonini ko‘rib, undan o‘zining telefonining quvvati o‘chganligini bahona qilib, qo‘ng‘iroq qilish uchun bir daqiqaga berib turishini so‘raydi. Xolbekning telefonini olib,  so‘zlashib bo‘lgach, egasiga qaytarish o‘rniga telefonni hamtovog‘i Jahongirga uzatadi. U esa o‘z navbatida  o‘ljani olib qochib ketadi. Xolbek ortidan quvgani bilan odamlar orasida uni yo‘qotib qo‘yadi. Ortiga qaytganda, Abubakir ham juftakni rostlagan edi. Jabrdiyda Chilonzor tumani ichki ishlar idorasiga murojaat qildi.  Bu vaqtda hamtovoqlar uchrashib, qilgan ishlaridan mamnun holda, 3 millionlik telefonni 600 ming so‘mga sotishga ulgurishgandi.

– Tergov jarayonida Abubakir aybini tan olmay, hatto sheriklarini tanimasligiga ishontirmoqchi bo‘ldi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor K.Narziyev. – O‘sha kuni u umuman istirohat bog‘iga bormaganligi, tanishi falonchinikida tunni o‘tkazganini, birovning telefoniga zor emasligini aytib, oyoq tirab turib oldi. Sheriklari hamda jabrlanuvchi bilan  yuzlashtirilganda esa yuzlariga tik qarab, “tanimayman, birinchi ko‘rishim” deyishidan hamtovoqlari ham lol qolishdi. Biroq o‘tkazilgan tergov harakatlari jarayonida uning aybi dalillar bilan to‘liq isbotlandi va jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga yuborildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida Abubakiring vaj-karsonlari o‘tmadi. Sud jinoyatning barcha ishtirokchilari  qilmishini qonuniy baholab jazo tayinladi. Javohir O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga uch yil bir oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Najmiddin Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, unga ikki yil sakkiz oy ozodlikni cheklash jazosi, voyaga yetmaganligiga qaramay, muqaddam jinoyat sodir etishga ulgurib, sudlangan va  yana jinoyatga qo‘l urgan Jahongir Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, ikki yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, jinoyatchilikning hadisini olgan Abubakir Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga uch yilu besh oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech