Poytaxtimizning Sergeli tumani IIO FMB profilaktika inspektori lavozimida ish boshlagan Elyor Tashmatov aholisi olti mingdan ortiq bo‘lgan “Qumariq” mahallasida tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlash ishlariga katta masʼuliyat bilan yondashdi. Oliygohni tamomlab Toshkent viloyati sanoat-qurilish kollejida o‘qituvchilik qilgan Elyor uchun fuqarolar bilan muloqotga kirishish qiyinchilik tug‘dirmadi. Biroq hujjatlar, holatlarga qonuniy tavsif berish, qonunan to‘g‘ri rasmiylashtirish ishlaridagi oqsoqlik, bilim yetishmasligi sabab, baʼzan bu ishni uddalay olmasam kerak degan fikrlar ham ko‘nglidan o‘tgandi. Uning ikkilanish hamda ishonchsizlik kayfiyatini ustozi – profilaktika katta inspektori, mayor Nurullo Quvonov quyosh tumanni tarqatib yuborgandek tarqatib yubordi. Mana oradan ko‘p o‘tmay kapitan Elyor Tashmatov tuman HPB boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Tumanda 46 ta mahalla bo‘lib kriminogen vaziyati og‘ir hisoblangan “qizil” toifadagi 3 ta mahallani “sariq”qa , “sariq” toifadagi 6 ta mahallani “yashilga” o‘tkazish borasida qo‘l ostidagi xodimlar bilan muttasil izlanishlar olib bormoqda. Joylarda profilaktika inspektorlarining mahallalar raislari, faollari, yettiligi, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorligini tashkillashtirib, mazkur go‘shalarda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, ularning murojaatlariga birgalikda yechim topish, qonunan hal qilish, ehtiyojmand oilalarga eʼtibor qaratish ishlariga bosh-qosh. Lavhamiz qahramoni mustaqilligimiz tengdoshi. O‘tgan yillar mobaynida yurtimizda amalga oshirib kelinayotgan chuqur o‘zgarishlar, yuz berayotgan ijobiy jarayonlarning bevosita ishtirokchisi. Bu haqda o‘zi shunday deydi:
— Mustaqillikkacha bo‘lgan davrni men yoshi kattalardan eshitganman. Yurtimning o‘z istiqloliga erishgan yilida tug‘ilganimdan faxrlanaman. Vatanimiz ozod, erkinligimiz o‘z qo‘limizda. Kundan kunga rivojlanib, chiroy ochib borayotgan diyorimizdagi tinchlik-osoyishtalikni kelgusi avlodlarga qoldirishni har birimizning burchimiz deb bilaman.