1991 yilning 31 avgust kuni Sobirovlar oilasida ikki karra bayram bo‘ldi. Birinchisi – O‘zbekiston respublikasining mustaqilligi haqidagi Hukumat bayonoti bo‘lsa, ikkinchisi – uch qizdan keyin o‘g‘il farzandning dunyoga kelishi edi.
Izzatilla Sobirov ziyolilar oilasida tug‘ilib voyaga yetdi. Otasi Ziyodulla aka oliygohda ishlasa, onasi Feruza opa shifoxonada shifokor bo‘lib ishlardi. Izzatilla bolaligidan ziyrak va bilimga chanqoq o‘sdi. O‘zbekiston Qurolli kuchlarida xizmatni o‘tab qaytgan Izzatilla 2012 yili Respublika IIV Akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslariga hujjatlarini topshirdi. O‘qish davri ko‘z ochib-yumguncha o‘tib, poytaxt IIBB Moliya-iqtisod boshqarmasida inspektor lavozimida ish boshladi. Zimmasidagi vazifalarini puxta va kamchiliklarsiz bajarib kelayotgan yosh xodim, katta serjant Izzatilla Sobirov 2014 yilda katta inspektor lavozimiga tayinlandi. Xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishi uchun bilimlarini oshirish, sohani chuqurroq o‘rganish kerakligini anglagan Izzatilla 2018 yilda Respublika IIV Akademiyasiga sirtdan o‘qishga kirdi. Uni 2022 yilda muvaffaqiyatli bitirdi. Bu vaqtda o‘qish va ishni uyg‘unlikda olib borgani bois malakasini oshirgan, tajribasi ham boyigani rahbariyatning eʼtiboridan chetda qolmagandi. U shahar IIBB Moliya va moddiy-texnika taʼminoti boshqarmasi Moliyaviy taʼminot xizmati–buxgalteriya hisobi va hisoboti bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimiga tayinlandi.
Izzatilla ustozlari – Pensiya taʼminoti bo‘limi boshlig‘i, polkovnik Nodira Rasuleva, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Kozim Ahmedjanov, bosh mutaxassis, podpolkovnik Sayyora Ergashevalardan xodimlar mehnatini baholash, maoshlar, nafaqa pullari, moddiy yordam va boshqa to‘lovlarni to‘g‘ri hisoblash, to‘lov va hisobotlar bilan bog‘liq moliyaviy munosabatlarni yuritish tartiblarini qunt bilan o‘rgandi.
– Mustaqillik yoshlarga juda katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Kasb-korning ilk saboqlarini litseyda olgan bo‘lsam, uni IIV Akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslarida davom ettirdim, Akademiyaning sirtqi bo‘limida o‘qib esa o‘z bilim va salohiyatimni yana-da chuqurlashtirib, olgan ko‘nikmalarimni kelgusi faoliyatimda tatbiq etish imkoniga ega bo‘ldim, – deydi leytenant Izzatilla. – Erishgan muvaffaqiyatlarim Mustaqilligimiz sharofati bilan, men va men singari ozod va obod yurt farzandlariga yaratilayotgan shart-sharoitlar va istiqbollar tufayli, deb bilaman. Yurtimning kelajagi buyuk ekanligiga ishonaman.