28 Yanvar 2025 Yil 433

O‘zini o‘zi fosh qildi

Avvalo inson to‘g‘ri yo‘ldan adashmasin ekan. Adashdi-mi, orqaga qaytishi mushkul. R.Arman yetuklik shahodatnomasini olishga ulgurmay o‘g‘irlik jinoyati uchun sudlandi. Garchi uning qilmishi og‘ir bo‘lishiga qaramay unga yengillik berildi. Ammo Arman bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Keyin yana o‘g‘irlik, talonchilik, bosqinchilik kabi jinoyatlar sodir etdi. O‘z hayotini yaxshilash, oila qurish, foydali mehnat bilan shug‘ullanishni xayoliga ham keltirmadi. Nafsilambrini aytganda, qamoqdan chiqib qamoqqa o‘tiradigan shaxs bilan kim ham hayotini bog‘lardi?! 2024 yilda qayta jinoyat sodir etib, tergov organlaridan qochib, yashirindi. Ancha vaqt qochib, tutqich bermay yurgan Arman o‘ziga haddan ortiq baho berib yubordi, shekilli, yana jinoyatga qo‘l urdi. Bu gal ko‘ngli avtomashina haydashni tusab qoldi. U 2024 yilning 14 mart kuni soat 17.30 larda Chilonzor tumani hududidagi “Charx Kamolon” mahallasida joylashgan avtoturargohga keldi. Qator turgan avtomashinalarni ko‘zdan kechira boshladi. 1986 yilda tug‘ilgan A.Sayfiddinning beparvoligi tufayli avtomashina qarovsiz, eshiklari ochiq, o‘t oldirgich kaliti bilan qoldirilganidan foydalanib, unga tegishli bo‘lgan “Lacetti” avtomashinasiga o‘tirdi-yu haydab ketdi. Mashina egasi chiqib qarasa, mashina joyida yo‘q. Darhol ichki ishlar organlariga murojaat qildi.

— Avtomashina olib qochilganligi haqidagi xabar tushishi bilanoq poytaxt IIBB YHXB YPX xodimlari sergaklik va hushyorlikni oshirishdi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, kapitan S.Maxsatullaev. – Holbuki, jinoyatchi, haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan, demakki, yo‘l harakati qoidalarini bilmagan gumroh biror kimsaning umriga zomin bo‘lishi turgan gap edi. Arman olib qochgan avtomashinada Ko‘kcha-darvoza ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan paytida xodimlar tomonidan to‘xtatildi. Avtomashina egasiga beshikast tarzda topshirildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi ochiq sud majlisida R.Armanning jinoiy qilmishini ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi “a” bandi (“Transport vositasini olib qochish”) bilan aybli deb topdi va 57-moddasini qo‘llab, 6 yilga ozodlikdan cheklash jazosini tayinladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech