28 Oktyabr 2024 Yil 1415

Oylik yakuni bo‘yicha hisobot

Toshkent shahri hududida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yish va unga qarshi kurashish, yoshlar orasida ushbu illatni keng tarqalishini oldini olish maqsadida, Toshkent shahar IIBB, DXX Toshkent shahar boshqarmasi, shahar prokuraturasi va Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda joriy yilning 20 sentyabr kunidan – 20 oktyabr kuniga qadar keng qamrovli “Giyohvandlik va psixotrop moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish” oyligi o‘tkazildi.

Mazkur oylik doirasida tadbirga jalb qilingan xodimlar tomonidan

2 bosqichda tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

Tadbir davomida, tashkil etilgan guruhlar tomonidan jami 767 ta giyohvandlik moddalari va kuchli taʼsir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.

Xususan, tadbir davomida aniqlangan holatlar yuzasidan jami

516 nafar shaxslarga nisbatan 513 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi hamda 201 ta holatda maʼmuriy tartibda (MJtKning 56-moddasi) choralar ko‘rildi, qolgan 53 ta holatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Jami 58 kg 824,4 gr noqonuniy giyohvandlik moddalari va 9 186 ta kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi.

Misol uchun, joriy yil 26 sentyabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, 1995 yilda tug‘ilgan ye.A. va 1991 yilda tug‘ilgan R.A.lar yashash manzilida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash uchun narkolaboratoriya tashkil qilganligi aniqlandi. Mazkur laboratoriyani ko‘zdan kechirish davomida, 6 kg 470,15 gr giyohvand moddalar, 345 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari hamda 3 dona elektron tarozi hujjatlashtirib olindi.

Bundan tashqari, shahar hududida ijtimoiy tarmoqlar orqali sintetik narkotiklarning savdosi bilan shug‘ullanuvchi internet do‘konlari, ularning administrator va operatorlari, “kladmenlar” va “zakladchiklar”ni aniqlash va faoliyatiga chek qo‘yish borasida ham bir qator tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi.

Tadbir davomida, 306 ta giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan tarqatish (“zakladchiklar”) bilan bog‘liq holatlar aniqlanib, jami 20 kg 90,92 gr noqonuniy giyohvandlik moddalari hamda 327 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olindi.

Misol uchun, joriy yil 4 oktyabr kuni, Mirobod, Chilonzor tumanlari va Toshkent viloyatining Toshkent tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida, 1999 yilda tug‘ilgan A.N. sintetik giyohvandlik vositalarini sintez yo‘li bilan tayyorlashi maʼlum bo‘ldi. Uning yashash xonadonida 4 kg va ijaraga olgan Yashnobod tumanidagi xonadondan 5 kg sintetik giyohvandlik vositalari va qo‘shimcha kimyoviy vositalar aniqlanib, ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi. Taxminiy chakana narxi 3 mlrd 600 mln so‘mga teng bo‘lgan 9 kg sintetik giyohvandlik vositalari noqonuniy muomaladan olindi.

Shu bilan birga, giyohvandlik va psixotrop moddalari bilan shug‘ullanuvchi internet do‘konlarning reklamasi aks etgan jami 597 ta “narkograffiti”lar aniqlanib, barchasi bartaraf qilindi.

Giyohvand moddalar hamda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalariga ruju qo‘ygan 248 nafar shaxslar majburiy va 404 nafari ixtiyoriy davolanishga yotqizildi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida, aholi, ayniqsa yoshlar orasida giyohvand moddalari va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida, taʼlim muassasalari va jamoat joylarida aholi bilan 70 mingga yaqin keng qamrovli profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, tadbirni aholiga yetkazish maqsadida, 3 838 marotaba ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda videomateriallar keng yoritib borildi, 520 966 ta buklet va flayerlar tarqatildi hamda bannerlar joylashtirildi.


Barcha yangiliklar

Text to speech