26 Iyul 2025 Yil 403

Oylik jarayoniga nazar. Mirobod tumani

Yurtboshimiz tomonidan joriy yil boshida respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida qabul qilgan qarori ijrosini taʼminlash borasidagi ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Hududlarda xavfsiz muhitni yaratish, jamoat tartibini saqlash, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida belgilangan chora-tadbirlarni samarali tashkillashtirish maqsadida 15 iyuldan 15 avgustga qadar o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida poytaxt IIBB hududiy tuzilmalarida manzilli ishlar davom ettirilmoqda.

Bu borada Mirobod tumani IIO FMB shaxsiy tarkibi tomonidan olib borilayotgan ishlar samarasi quyidagilarni ko‘rsatmoqda. Birgina tuman IIO FMB profilaktika inspektorlari tomonidan 69 ta maʼmuriy huquqbuzarlik holatlari aniqlangan. Shundan, 21 ta obodonlashtirish qoidalarini buzish; 9 ta mayda bezorilik; 4 ta diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish, tarqatish; 6 ta jamoat joylarida spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish; 14 ta ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik hamda boshqa huquqbuzarliklar bo‘yicha 15 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Jinoyat sodir etishga moyil deb topilgan 45 nafar shaxslarning bevosita yashash manzillariga borilib, yakka tartibda tushuntirish-profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Bundan tashqari 39 ta mahallada, 49 ta korxona va tashkilotlarda, 26 ta aholi gavjum jamoat joylarida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Ogohlik va hushyorlikka chaqiruvchi suhbatlar o‘tkazilib, yig‘ilganlarga buklet va flayerlar tarqatildi.

Suhbatlarda bugungi kunda global muammoga aylanib borayotgan giyohvandlik balosi, ijtimoiy tarmoqlarda ularni tarqatish orqali katta pul topishga chaqiriqlar hamda kiberfiribgarlik, kibertahdidlarga qarshi kurashish kabi mavzularga keng o‘rin berildi. Fuqarolarni hushyorlik va ogohlikka chaqirish bilan birga oylikda faol qatnashish, har bir jinoyat, huquqbuzarlik hamda qonunbuzilishlariga loqayd bo‘lmaslik, bunday holatlar aniqlanganda, ichki ishlar organlari yoki mahalla profilaktika inspektorlarini zudlik bilan xabardor qilish kerakligi taʼkidlandi. Bu kabi tadbirlar poytaxtning barcha tumanlarida davom ettirilmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech