2 Avgust 2025 Yil 379

Oylik: inson qadriga eʼtibor

Respublikamiz mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qaror ijrosi samarali amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 15 iyulidan 15 avgustiga qadar o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar oyligining ikkinchi bosqichi bu boradagi ishlarning uzviy davomidir. Oylik doirasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlar qatorida bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urib, xatosini to‘liq anglab yetgan, tuzalish yo‘liga kirgan shaxslarga imkoniyat berish, oilalari bag‘riga qaytarish kabi insoniy munosabatlar ham eʼtibordan chetda qolayotgani yo‘q. Ana shu maqsadda Yunusobod tumanidagi “Anorzor” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Yunusobod tumani IIO FMB Probatsiya bo‘limi hisobida turuvchi, tuzalish yo‘liga o‘tgan yetti nafar mahkumlarni jazodan ozod qilish hamda jazosini yengilroq jazo turiga o‘zgartirish hamda ular bilan keng qamrovli profilaktik-tushuntirish ishlari olib borish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu jarayonga tuman IIO FMB Probatsiya bo‘limining mazkur shaxslarning jazo muddatlarini o‘tash davrida o‘zlarining ijobiy tomonlarini namoyon etganliklari, tuzalish yo‘liga kirganliklari bo‘yicha kiritilgan taqdimnomasi asos bo‘ldi. Sayyor sud jarayonida o‘tkazilgan suhbat natijasida ular O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan o‘talmagan jazo muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindilar. Shuningdek, bo‘lim xodimlari tomonidan shartli ozod etilgan fuqarolar bilan profilaktik-tushuntirish ishlari olib borildi hamda ularga berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanishlari, ishonchni suiisteʼmol qilmasliklari, jamiyatga, oilaga naf keltiruvchi foydali mehnat bilan shug‘ullanish va bu borada mutasaddi va masʼullar tomonidan ko‘mak berilishi taʼkidlandi. Bu kabi insonparvarlik hamda olijanoblik tamoyillarining namoyishi yurtimizda inson qadri, erkinligi, haq-huquqlarining hamma narsadan ustun ekanligidan dalolatdir.

Barcha yangiliklar

Text to speech