11 Sentyabr 2025 Yil 456

Oylik doirasida: kiberxavfsizlik bo‘yicha seminar, suhbatlar

Keyingi vaqtlarda internet tarmoqlarida kiberjinoyatlarning turli ko‘rinishlari paydo bo‘layotgani, undan fuqarolarimiz aziyat chekib qolayotgani haqida xabarlar tezda tarqalib, aksariyat kishilarni o‘ylantirib qo‘ymoqda. Nafaqat aksariyat fuqarolarimiz, balki ayrim idora-tashkilot xizmatchilari ham kibermakondagi hujumlarga qarshi immunitetning yo‘qligi, shaxsiy maʼlumotlarni, mablag‘larini asrash, ijtimoiy tarmoqlardagi tahdidlardan himoyalanishni bilmasligi, berilayotgan maʼlumotlarga ko‘r-ko‘rona ishonish orqali nopok kimsalar to‘riga ilinib qolishmoqda. Aholi o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash, fuqarolarning himoya immunitetini shakllantirish borasida tegishli xizmatlar tomonidan qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, joriy yilning 2 sentyabrida boshlangan “Xavfsiz kibermakon” tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi ana shu maqsadlarda amalga oshirilmoqda. Kibermakonda o‘zgalarning mablag‘larini o‘zlashtirishga qaratilgan urinishlarning oldini olish, internet tarmoqlari orqali bank faoliyatiga tahdid soluvchi havolalarga qarshi kurashish, ogohlikni kuchaytirish mavzusiga bag‘ishlangan seminar-treningning navbatdagisi “Mikrokreditbank” ATB ishchi xizmatchilari uchun tashkil etildi. Respublika Ichki ishlar vazirligi hamda Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi masʼullari bank xizmatchilariga kibermakonda sodir etilayotgan firibgarlik va kiberjinoyatlarning yangi ko‘rinishlari haqida ogohlantirish, onlayn firibgarliklardan mijozlarni himoya qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash bilan birga shaxsiy maʼlumotlarni himoyalash va kibergigiyena qoidalarini qo‘llash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdilar.

Bu kabi profilaktik tadbir Mirobod tumani IIO FMB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarning oldini olish bo‘limi xodimlari hamkorligida Kamoliddin Behzod nomidagi rassomlik va dizayn institutida ham bo‘lib o‘tdi. Bilim dargohi maʼmuriyati hamda talabalaridan iborat katta auditoriyada nafaqat kibermakondagi firibgarlik, shaxsiy maʼlumotlardan foydalanib tovlamachilik jinoyatlari, balki katta pul evaziga giyohvandlik vositalarini tarqatishga bo‘layotgan daʼvatlar haqida, giyohvandlik moddalarining inson salomatligiga, oila, jamiyat rivoji tanazzuliga yetaklashi haqida hayotiy misollar yordamida so‘z yuritildi. Davra suhbatlari davomida ishtirokchilarga axborot vositalari orqali tarqatilayotgan yolg‘on xabarlar, feyk akkauntlar orqali amalga oshiriladigan firibgarlik holatlari va shaxsiy maʼlumotlarni himoyalash bo‘yicha amaliy tavsiyalar yetkazildi. Ushbu profilaktik tadbir institutda huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi va yoshlarning huquqiy ongini oshirishga xizmat qiluvchi muhim qadamlardan biridir.

Olmazor tumanida joylashgan Turin politexnika universitetida o‘tkazilgan ochiq muloqot shaklidagi davra uchrashuvi ham oylik doirasidagi tadbirning uzviy davomi bo‘ldi. Oliygoh talabalari oldida tuman IIO FMB boshlig‘i Mahkam Vafoyev maʼruza qildi. U o‘z maʼruzasida oliy taʼlim muassasalarida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir etuvchi dori preparatlari tarqalishining oldini olish, giyohvandlikning og‘ir oqibatlari haqida maʼlumotlar berib, talabalarni sog‘lom turmush tarzini tanlashga, o‘z kelajaklarini barbod qilmaslikka chaqirdi. Shuningdek, uchrashuvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan kiberjinoyatlarga qarshi kurash masalalari ham muhokama etildi. Tadbir yakunida talabalarni qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berildi.

Mazkur targ‘ibot tadbirlari fuqarolarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, salbiy illatlardan ogoh etish, turli yolg‘on va asossiz maʼlumotlardan himoyalash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, maʼnaviyat va maʼrifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi muqarrar.

Barcha yangiliklar

Text to speech