25 Iyun 2025 Yil 354

Oylik boshlandi, navbat natijalarga

O‘zbekiston respublikasi IIV va Bosh prokuraturasi tomonidan eʼlon qilingan “Ijtimoiy profilaktika oyligi” doirasida poytaxtimizdagi mavjud barcha mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shahrimizning Mirobod tumanida ham. Mazkur oylikda belgilangan tadbirlarning samaradorligini oshirish, keng jamoatchilikni jalb qilish maqsadida, tuman IIO FMB boshlig‘i, podpolkovnik Otabek Xadjayev hududdagi jami 39 ta mahallalarda faoliyat yuritayotgan mahalla yettiligi bilan uchrashib, tadbirning mazmun-mohiyatini yetkazdi. Shundan kelib chiqib, manzilli ishlash uchun ijtimoiy profilaktika obyektlari, jinoyatdan jabrlanish ehtimoli yuqori hisoblangan shaxslar ajratib olindi. Bu toifaga kiruvchi shaxslar bilan uchrashilib, tushuntirishlar, ogohlantirishlar, tavsiyalar berilishi bilan birga, tahlikali, ko‘ngilsiz vaziyatlarda nimalar qilishi zarur bo‘lgan yo‘l-yo‘riqlar haqidagi buklet va flayerlar tarqatildi. Oylik tadbirlari davom ettirilib, hududda joylashgan taʼlim muassasalari va tashkilotlarda profilaktik-tushuntirish hamda davra suhbatlari tashkillashtirildi.

Tuman IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha profilaktika katta inspektorlari mahalla raislari va mahalla xotin-qizlar faollari, diniy idoralar masʼullarini, mutasaddilarni jalb qilgan holda, hamkorlikda ijtimoiy profilaktika obyektlarining, shuningdek, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lganlar, profilaktik hisobda turgan shaxslarning bevosita yashash manzillariga tashrif buyurishib, ularning oilaviy sharoitlarini o‘rgandilar, tegishli profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. O‘rganishlar natijasida ijtimoiy-moddiy ko‘makka muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yordam ko‘rsatish bo‘yicha manzilli choralar belgilab olindi. Tuman “Qo‘riqlash” bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda janjalkash oilalar hamda jinoyat qurboniga aylanish ehtimoli yuqori bo‘lgan ijtimoiy profilaktika obyektlariga tashvish tugmalari o‘rnatilib, qo‘riqlovga olindi.

Maʼlumki, hozir yoz, bolalarning taʼtil vaqti. Ota-onalar ishda, xizmatda, ro‘zg‘or tashvishlari bilan ovora. Ayrim bolalar bu vaqtda kattalarning nazoratisiz qolib ketishi ehtimoli yo‘q emas. Tadbir davomida bunday holatlarga ham katta eʼtibor berilishi natijasida ko‘cha va jamoat joylarida ona-onasi nazoratisiz yurgan voyaga yetmaganlar aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Oylikda belgilangan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish, ijrosini taʼminlash borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech